Leksemaning mazmun tizimi
Reja:
1. Leksik paradigma.
2. Leksemaning qurshovi.
3. Erkin qurshov.
4. Leksik qurshovlarda ma’no farqlari.
Nutq hamisha rang-barangligi, turlichaligi bilan ajralib turadi. Nutqning vazifasi tilning turli sathlarini, bu sath birliklarining mazmun va vazifalarini nutq sharoiti bilan, so’zlovchining maqsadi va imkoniyatlari bilan uyg’unlashtirib, muayyan holda fikr almashtirishni voqelashtirishdan iborat bo’ladi. Shu sababli, ko’rib o’tganimizdek, nutq birliklari hodisalar, xususiyliklar sanalib, ularning har biri o’zidagi umumiyliklar zarralarining birikishi natijasidir. So’zning nutqiy ma’nosi nutq sharoiti, o’zaro (birikkan so’zlarning ma’nosi matn ta’sirida shakllanib, xilma-xillikka ega bo’ladi. Biz (yaxshi) so’zining (yaxshi qiz), (yaxshi xotin), (yaxshi usta), (yaxshi kishi), (yaxshi san’atkor), (yaxshi o’qituvchi), (yaxshi bastakor), (yaxshi yozmoq), (yaxshi yugurmoq) kabi so’z birikmalarida turli-tuman ma’no bo’yoqlari kashf etganligini ko’rib o’tdik. Ammo sanalgan ma’no bo’yoqlari [yaxshi] leksemasining nutqda qabul qila oluvchi ma’no xususiyatlarining hammasi emas (yaxshi) leksemasining nutqda namoyon qila oladigan ma’no bo’yoqlari nutq shakllarining cheksizligi kabi cheksizdir. Shuning uchun bir qator tilshunoslar XIX asrning oxirlari va XX asrning boshlarida umuman «so’z» tushunchasi va so’zning umumiy ta’rifi, umumiy ma’nosi va umumiy mohiyati yo’q deb aytishgan. Ular nutqdagi, matndagi har bir so’z alohidalikdir. So’zning mohiyati uning qo’llanilgan joyidagina aniqlanishi mumkin; bir tilda yaratilgan, yaratilayotgan, yaratilishi mumkin bo’lgan matnlarda qancha so’z bo’lsa, tilda ham shuncha so’z bor deb, umumiy so’z (leksema) tushunchasidan qochgan edilar. (Jumladan, bunday fikrni mashhur rus tilshunosi — psixolingvist A. A. Potebnya yoqlab chiqqan edi.)
Sistem tilshunoslik bu masalaga boshqacharoq yondashadi. Til birliklarini farqlashda, dastlab, til birliklarining shakl va mazmun mutanosibligiga asoslanadi. Sistem tilshunoslik ikki til birligi orasida shakl va mazmun farqi bo’lsa, bunday birliklar mustaqil, alohida-alohida til birliklari hisoblanishi lozimligini ta’kidladi. [yol], [yel] va [el]; [yaxshi] va [yomon]; [bosh] va [qosh]. Tilning mustaqil leksemalari dastlab shu usul bilan ajratiladi. Lekin leksema muammosi bu bilan chegaralanib qolmaydi. Chunki tilda shakl va mazmun mutanosibligi bilan birga shakl va mazmun nomutanosibligi ham mavjud. Bunda bir necha holat farqlanadi. Bu holatlarning asosiylari quyidagilardir:
1-holat — (tana), (ot), (yoz) ...
2-holat—(arava), (aroba), (baravar), (barobar) ...
3-holat — (narvon), (shoti) ...
4- holat — (yuz), (bet), (aft), (bashara), (turq) ...
5-holat —(qo’y), (qo’chqor), (qo’zi) ...
6-holat — ko’z:
a) ko’z kosasi (a’zo);
b) ko’zidan uzoq (nazar);
v) ko’zi o’tkir (ko’rish qobiliyati);
g) derazaning ko’zi;
d) yog’ochning ko’zi;
ye) buloqning ko’zi;
j) xurjunning ko’zi;
z) ko’zi tor (ziqna);
i) ko’z bo’yamoq (aldamchilik qilmoq) ...
Bunday holatlar o’z navbatida bir necha turli bo’ladi. Qolgan holatlarni shularga qiyoslash mumkin. Quyida bu holatlarning har birini alohida-alohida ko’rib chiqamiz.
Birinchi holat: shakl va mazmun nomutanosibligi mavjud hollarda mustaqil leksemalarni, alohida-alohida sememalarni nutqiy ko’rinishlardan (variantlardan), ko’p ma’nolilikdan (polisemiyadan), shakldoshlikdan (omonimiyadan) farqlash qiyinlashadi. Bunday hollarda sistem tilshunoslik leksemaning qaysi leksemalar bilan o’xshashlik munosabatlariga kirishi (leksik paradigma) va leksemaning qurshovi (distributsiyasi) tushunchalaridan foydalanadi.
Leksik paradigma tushunchasi bilan yuqorida tanishgan bo’lsakda, bu haqda eslatib o’tamiz. Leksik paradigma leksemalarning o’zaro mazmun o’xshashliklari va farqlari asosida muayyan qatorlarga, guruhlarga birlashishidir. Shu asosda birinchi holatda berilgan misollarni ko’rib chiqamiz:
[buzoq — tana — g’unajin — sigir]
[bosh ~tana~qo’l~oyoq].
Ushbu qatorlardan ma’lum bo’ldiki, [tana] leksemasi bir-biridan mutlaqo farqlanuvchi ikki leksik guruhdan joy olgan. Aniqrog’i, [tana] leksemasi birinchi, ya’ni sigir bolasini yosh jihatdan tavsiflovchi, ifodalovchi leksemalar qatorida «Bir-ikki yoshli urg’ochi buzoq» mazmuni bilan qatnashgan. Ikkinchi qatorda esa u «Gavdaning bosh va qo’l-oyoqdan boshqa qismi» mazmuniga ko’ra «odam vujudining a’zolari» leksik tizimidan joy olgan.
[yoz] —[qish] —[bahor] —[ko’z];
[yoz]-[chiz]-[bo’ya];
[yoz] — [yoy] — [och] — [to’sha] — [tashla].
Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, [yoz] leksemasi uchta alohida-alohida leksik qatorlarda ishtirok etgan. Demak, bunday hollarda uchta mustaqil, ammo shaklan bir xil bo’lgan [yoz] leksemalari yuzasidan tahlil jarayonining olib borilayotganligi ma’lum bo’ladi. Ayni vaqtda biz bu leksemalarni: [yoz I], [yoz II], [yoz III] shakldosh (omonim) leksemalar sifatida qayd etamiz. Lekin shaklan bir xil, mazmunan har xil leksemalarning turlicha leksik paradigmalardan o’rin egallay olishi ularning shakldoshligini (omonimligini) to’la isbotlay olmaydi. Shunga ko’ra mustaqil leksemalarni ajratishda hal qiluvchi omil sifatida ularning qurshovi (distributsiyasi) xizmat qiladi. Qurshov leksema qo’shnichilik (sintagmatik) munosabatlarining nutqda ruyobga chiqish, ya’ni leksemaning qanday morfemalar va leksemalar bilan yonma-yon kela olish, birika olish jarayonidir.
Boshqacha aytganda, qurshov leksemaning nutqda voqelanishida leksema bilan birika oladigan morfema va leksemalardir. Bunda leksemaning dastavval morfema bilan, so’ng esa leksemalar bilan birika olish qobiliyati tushuniladi. Shu nuqtai nazardan yuqorida keltirilgan [yoz I], [yoz II], [yoz III] leksemalarining qurshovlarini o’zaro qiyoslab chiqdik. Natijada bu qatorlar o’z ichida ikki guruhga bo’lindi.
I. [yoz]. Bu leksemalar nutqda son, egalik, kelishik morfemalari bilan birika oladi (sintagmatik munosabatlarga kirisha oladi). Chunonchi, (yozda), (yozamiz), (yozlarda);
II. [ot III], [yoz II], [yoz III]. Ushbu leksemalar son, egalik, kelishik morfemalari bilan emas, balki fe’l nisbatlari bilan bo’lishli-bo’lishsizlik, fe’l shakllari (ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi) yoki mayl, zamon, shaxs, son morfemalari bilan qo’shnichilik munosabatlariga kirishadi. Jumladan, (yozdirmadi), (yozmoqchi). Qayd etilgan qatorlardagi shaklan o’xshash leksemalarning morfemalar bosqichidayoq qo’shnichilik (sintagmatik) munosabatlari butunlay boshqa-boshqa bo’lganligi sababli bu qatorlardagi shaklan o’xshash birliklar, ya’ni [yoz I] va [yoz I, II] mustaqil, alohida-alohida til birliklari [omonimlar] hisoblanadi. aniqrog’i, bu birliklarning o’zaro o’xshashligi tasodifiydir. Sistem tilshunoslik nuqtai nazaridan ularni mohiyatan tenglashtirib bo’lmaydi. Demak, morfemalar bosqichida qurshov omilining qo’llanishiga ko’ra shaklan o’xshash, mazmunan farqli til birliklarining miqdori deyarli ikki baravar kamayadi. Quyida, maqsadga muvofiq, leksemalarning valentligi ya’ni leksemalarning birikuvchanligi haqida fikr yuritamiz.
[Ot1] o’zidan so’ng [min-], [chop-], [o’l-], [o’s-], [chiz-], [ko’r-] kabi leksemalar bilan qo’shnichilik (sintagmatik) munosabatlariga kirisha oladi. Masalan, (otimiz yaxshi chopadi), (otga mindi) va h. k. [Ot II] leksemasi esa [qo’y-], [ayt-], [yoz-] kabi leksemalar bilan qo’shnichilik munosabatlariga kirishadi. Chunonchi, (Bolaga yaxshi ot qo’yibsiz, otingizni yozing). Shaklan o’xshash bunday leksemalar bir xil qurshovda ishtirok etsalar, bu holda ular ma’no farqlarini saqlab qoladilar. Masalan, (Bolaga yaxshi ot bering) gapi ikki+ ma’noga ega. Bu esa o’zbek tilida ikkita [ot] leksemasining mavjudligini, bu leksemalarning hatto aynan bir xil qurshovda ham farqlanib turishini ko’rsatadi. Binobarin, ushbu hodisa [ot I] va [ot II] leksemalarining mustaqil leksemalar (omonimlar) ekanligidan dalolat beradi. [Ot I] va [ot II] leksemalarining yuqorida ko’rib o’tilgan turli leksik paradigmalardan o’rin olishi fikrimizni yana bir karra isbotlaydi. Leksemalarning aynan bir xil qurshovda qo’llana olishi, mazmunan esa farqlanib turishi sistem tilshunoslikda erkin qurshov (kontrast distributsiya) deb aytiladi. Erkin qurshovda o’zaro yaqqol farqlanib turadigan til birliklarining mustaqilligi— ular omonimligining eng kuchli isbotidir.
[Ot I], [ot II] yuzasidan o’tkazilgan tahlilni, maqsadga muvofiq, [yoz II], [yoz III] leksemalari asosida ham davom ettiramiz. Aniqrori ushbu jarayonda bu leksemalarning ham mustaqil til birliklari (omonimlar)ekanligini namoyon qilamiz. Qiyoslang: [yoz II] buklanishi, g’ijimlanishi, urilishi mumkin bo’lgan narsa-buyumlarni ifoda etuvchi leksemalar bilan birikib keladi. [yoz III] esa o’qilishi mumkin bo’lgan narsalarning
nomlari bilan birikadi. (Xat yozdi, maqola yozdi). (U bu dasturxonni ham yozdi (gapida esa aynan bir xil qurshovda [yoz II] va [yoz III] leksemalari mazmun mustaqilliklarini to’la saqlagan.
Yuqorida tahlil qilingan shaklan o’xshash, mazmunan har xil bo’lgan mustaqil leksemalarni (omonimlarni) farqlashda an’anaviy tilshunoslik sistem tilshunoslikdan ko’ra qulayroq va yengilroq usuldan— mantiqiy omildan foydalanadi. Ya’ni an’anaviy tilshunoslik shaklan o’xshash birliklarning mazmun tomoni o’zaro bog’liq, aloqador bo’lmagandagina ularni mustaqil til birliklari (omonimlar) deb osongina ajratadi. Haqiqatan ham bu yo’l juda qulayligi bilan o’ziga xosdir. Ammo ayni vaqtda bu yo’lni ishonchli va birdan-bir to’g’ri yo’l deb ayta olmaymiz.
Ikkinchi holat (arava — aroba...). Bunday birliklarning ham farqlanishidagi eng qulay usul ularning aynan bir xil qurshovda berilishidir. Bir xil qurshovlarda ishtirok etuvchi bunday birliklar ma’no farqlariga ega bo’lmasalar, bu holda ular bir leksemaning turli shakllari (ko’rinishlari) sifatida yashaydi. Agar ushbu birliklar qurshovlarda ma’no farqlariga ega bo’lsalar, bu holda ular alohida, mustaqil leksemalar hisoblanadi. Masalan, (Biz aravaga mindik). (Biz arobaga mindik). Har ikkala gap ham ma’no jihatdan bir xil. Binobarin, [aroba] va [arava] bir leksemaning turli shakllari, ko’rinishlaridir.
Uchinchi holat: [Narvon-shoti], mazmunan yaqin, shaklan turlicha ushbu birliklarni farqlashda ham qurshov usulidan foydalanamiz. Chunki bunday birliklar, avval ham aytilganidek, aynan bir xil qurshovda kela olishi yoki kela olmasligiga ko’ra ma’no farqlariga ega bo’lishi yoki ega bo’lmasligi mumkin. Masalan, (Bosh omon bo’lsa, do’ppi topiladi), (Bosh omon bo’lsa, kallapo’sh topiladi), (Bosh omon bo’lsa, toqi topiladi). Bunda (do’ppi), (kallapo’sh), (toqi) so’zlarining qurshovi ham, ayni gaplarda voqelanayotgan atash semalari ham, bu birliklar ifodalab kelayotgan ifodalanuvchilari ham bir xil. Ammo ayni vaqtda ikkinchi va uchinchi gaplar o’zaro nozik qo’shimcha ma’nosi, ma’no qirrasi bilan farqlanib turadi. Ikkinchi gap nutq sohibining buxorolik, uchinchi gap esa uning samarqandlik ekanligini [kallapo’sh] va [toqi] leksemalari tarkibidagi hududiy qo’llanilish belgisi orqali ko’rsatib turadi. [do’ppi] leksemasining sememasida esa hududiylik belgisi ifodalanmagan, ajratilmagan. Demak, [do’ppi]-[kallapo’sh]-[toqi] leksemalar o’zaro hududiy chegaralanganlik belgisiga ko’ra noto’liq ziddiyatni tashkiletadi. Bu holda [do’ppi] noto’liq ziddiyatning kuchsiz, belgisiz a’zosini, [kallapo’sh] va [toqi] esa ushbu ziddiyatning kuchli, belgili a’zosini tashkil etadi. [kallapo’sh] va [toqi] leksemalari esa o’z navbatida “Buxoro” va “Samarqand” hududiy jihatdan chegaralanganlik belgisiga-ifoda semasiga ega.
Shunga ko’ra ular o’zaro teng qiymatli ziddiyatni tashkil etadi.
Demak, [narvon — shoti], [do’ppi — kallapo’sh—toqi] kabi misollarda qo’llanilish doirasi chegaralanmagan va qo’llanilish doirasi chegaralangan, ya’ni tarkibida hududiy qo’shimcha belgisi (semasi) bo’lgan yoki bo’lmagan mustaqil til birliklarining ziddiyatini ko’ryapmiz. Bunday leksemalar shaklan farqli, mazmunan esa yaqin bo’lganligi sababli ular o’zaro ma’nodoshlik (sinonimiya) aloqalari bilan bog’lanadi.
[do’ppi] — [kallapo’sh] — [toqi] leksemalar guruhidagi o’xshash munosabatni (ma’nodoshlikni) [aeroplan]— [samolyot] — [tayyora]; [tuman]— [rayon] — [nohiya]; [oblast] — [viloyat]; [sarmoya] — [kapital] kabi leksemalar qatorlarida ham ko’rishimiz mumkin. Atash semalari va anglatmishlari bir xil, ammo ifoda semalari esa har xil bo’lgan leksemalar ma’nodoshlik (sinonimiya) qatorlarini tashkil etadi.
To’rtinchi holat: [yuz ~ bet ~ aft...] Bu xildagi leksemalarning ham o’zaro mazmun munosabatlarini aniqlashda qurshov usulidan—til birliklarining muayyan qurshovda qo’llana olish yoki qo’llana olmaslik imkoniyatidan foydalanamiz.
Masalan, (Uning yuzini ko’rmayman).
(Uning betini ko’rmayman).
(Uning turqini ko’rmayman).
(Uning basharasini ko’rmayman).
(Uning chehrasini ko’rmayman).
(Uning jamolini ko’rmayman).
(Uning diydorini ko’rmayman) ... Ushbu gaplar tarkibidagi ajratilgan so’zlar bir xil atash semalariga ega. Ma’no qirrasiga—munosabat anglatuvchi ifoda semalariga ko’ra o’zaro ajralib turadi. Ushbu til birliklar qatoridagi leksema sememalarining tarkibi bir xil emas. Ularda, asosan, atash va vazifa semalari bir xil, ammo ifoda semalari esa har xil. Ifoda semalariga ko’ra bu leksik qatorning [yuz] leksemasi zaif, belgisiz a’zo sifatida mavjud. Qayd etilgan leksemalar guruhidagi ikki qator noto’liq ziddiyatlarni, bu ziddiyatlarning kuchli a’zolari esa «belgining darajasiga ko’ra» belgisi asosida ikkita darajali ziddiyatlar qatorini tashkil etadi.
Beshinchi holat: [qo’y-qo’chor-qo’zi] Bunday qatordagi so’zlar bir-biriga mazmunan yaqin bo’lsa-da, ayni vaqtda ularning har biri o’z ma’no xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Chunonchi, [qo’chqor] leksema sememasi tarkibida «jinsi aniq», «erkaklik», «voyaga yetgan»lik atash semalari mavjud. [qo’zi] leksema sememasi tarkibida «voyaga yetmagan», «kichik» semalari bor. [qo’y] — [qo’chqor] — [qo’zi] leksema sememalari
tarkibida o’zaro o’xshash bo’lgan atash semalari mavjud. (Chunonchi, «uy hayvoni», «halol», «go’sht-sut beruvchi», «dumbali» kabilar shular jumlasidandir). Ayni vaqt
da ushbu leksema sememalarining tarkibida o’zaro farqlanuvchi semalar ham bor. Shunga ko’ra bunday leksemalar ham tilning mustaqil birliklari sifatida ajralib turadi.
Oltinchi holat: (ko’z). (ko’z) so’zi ishtirok etgan 9 ta so’z birikmasi qayd etilgan. Bu birikmalarda (ko’z) so’zi to’qqiz xil ma’noda ishlatilgan.
Biz yuqorida til va nutq birliklari orasidagi munosabat, barqaror butunlik (invariant) va o’zgaruvchan nutqiy ko’rinish (variant) haqida ma’lumot bergan edik. Nutq birligi sifatidagi so’z ma’nosining o’zgaruvchanligini va uning boshqa so’zlar ta’siri ostida shakllanishini ham aytib o’tgan edik. Masalan, (yaxshi qiz) va (yaxshi talaba) yoki (yaxshi yozmok.) va (yaxshi yugurmok.) kabi so’z birikmalarda (yaxshi) so’zi turli-tuman ma’no bo’yoqlariga ega bo’ladi. Yuqorida qayd etilgan (ko’z) so’zining to’qqiz xil ma’no turi, (yaxshi) so’zining besh xil ma’no turi tildagi bitta mazmunning — sememaning turlicha nutqiy ko’rinishlarimi yoki [ko’z] leksemalarining turli-tuman sememalarimi. Bu masalaga yuqorida, bir va ko’p sememali leksemalar bo’limida qisqa bo’lsada to’xtagan edik. Quyida ushbu lisoniy hodisa haqida atroflicha, to’liq fikr yuritamiz.
Nutqiy ma’no ko’rinishlarini (variantlarni, xususiyliklarni) til sememalariga (invariant, butunliklar, umumiyliklarga) birlashtirish, aytib o’tganimizdek, nihoyatda qiyin va jiddiy masala.
Sistem tilshunoslik ushbu masalani hal etishda, yuqorida ko’rib o’tilgan, qurshov (erkin qurshov) leksemaning qo’shnichilik (sintagmatik) munosabatlari, me’yoriy va gayri me’yoriy bog’lanish, leksemaning birikuvchanligi va bog’liq qurshov tushunchalaridan keng foydalanadi. Biz esa bular bilan birga an’anaviy tilshunoslikning mazmunshunoslik (semasiologiya) sohasida qo’lga kiritgan ulkan yutuqlaridan — ma’nolar orasidagi tarixiy bog’lanish, aloqadorlik usulidan ham foydalanamiz.
Buning uchun, dastavval, bog’liq qurshov va leksemaning birikuvchanligi (valentligi) tushunchalari (atamalar) bilan chuqurroq tanishib chiqishimiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |