II BOB. SHARH, TALQIN VA TAHLIL SIRLARI
Badiiy matn sir-sinoatlari
Mumtoz adabiyotshunoslikda badiiy matn haqida asar yaratishni ilmi g’ariba deyishgan. Qadimgi yunon faylasuflari ilmiy dunyosini o`zlashtirish sharq musulmon olamida sharh, talqin ilmini keltirib chiqardi. Sharh, tafsir (talqin) Qur`oni Karim, hadisi shariflarni o`zlashtirish, hayotga yaqinlashtirishda qo`l keldi. Madrasalarda ilmi sharh asosiy fanga aylandi. Sharh, talqin bora-bora badiiyat, xususan, adabiyotshunoslik sohasiga ko`chdi.
Ilmi g’ariba talqin fani bilan bevosita bog’liq. Ilmi g’ariba matndagi asosiy nuqtlarni, ich-ichidagi ma`nilarni anglash san`atidir. G’ariba ilmi mavjud fanlarni sinchiklab o`rganish orqali kashfiyot darajasida xulosa chiqarishgacha etish, ajoyibot nuqtasi qadar ko`tarilishdir. Ilmi g’ariba so`zning qadrini, e`tiborini orttiradi. Ilmi g’ariba san`atkordan, olimdan so`z ustida qunt bilan ish olib borishni taqozo qiladi. U so`z tarkibidagi barcha ma`nolarni yuzaga chiqarish san`atiga asoslangandir.1
XX asr o`zbek adabiyotshunosligida ilmi g’ariba darajasidagi asarlar kam yaratildi. Buning ikkita jiddiy sababi bor: badiiy asarlarda ham, adabiyotshunoslik tadqiqotlarida ham yolg’on ko`payib ketdi. Ikkinchidan, badiiy asaru adabiy-tanqidiy ishlarda ko`pso`zlilik, ezmalik avj oldi. Sho`ro adabiyotida so`z qadrsizlandi, so`z o`zligidan yiroqlashdi. Mumtoz adabiyotda ham bir so`z etti o`lchab bir qo`llanilgan, bitta so`z tarkibi, ma`nosi bilan bog’liq janrlar bo`lgan. San`atkorlar kam so`z ishlatib, ko`p ma`noni anglatishni burch– san`at deb anglaganlar.Alisher Navoiy chin so`z, muxtasar kalomni ulug’laydi:
Kishi chin so`z desa, zebo durur,
Necha muxtasar bo`lsa, avlo durur.
Haqiqatan ham, g’ariba fani haqiqiy san`at asarlari talqinida paydo bo`ladi. Sрo`ro adabiyotida esa siyosat, mafkura, targ’ibotu tashviqot qorishib ketdi. Adabiyotshunoslik badiiy adabiyotga nisbatan-da mafkuralashdi, siyosiylashdi. U badiiy adabiyot sohasida firqaning ko`zi, qulog’i, ovoziga aylandi.
O`tmishda badiiy matnni chuqur anglab, muhim xulosa chiqaruvchilar ahli dark deb atalgan. Ahli dark badiiy asarni o`zlashtirar ekan, zavq-shavq oladi, huzur qiladi. Ahli dark orasida shundaylari borki, ular badiiy asarni baholash sharafini ham zimmalariga olganlar. Bunday toifadagi dark ahli bilan mahak ila yaqinlik borligini Haydar Xorazmiy “Mahzan ul-asror” dostonida aytar ekan, saralovchi yoxud ahli naqdni «mahaki imtihon»ga qiyoslaydi.
Har kasb-korning o`z sir-sinoati bo`lganiday, qadimda oltin, kumush singari qimmatbaho qorishmalarni izlovchilar mahaktoshdan foydalanar ekanlar. Mahak toshlar ma`danlar uyumidan oltinu kumushlarni bexato ajratib berarkan. Professor A. Hayitmetov XV asrning birinchi yarmida yashab ijod ettan Shayx Ahmad ibn Xudaydod Taroziy, uning «Fununun-balog’a» asari haqida to`xtalinib, «u inson hayotida badiiy so`zning, she`rning o`rnini yaxshi tushungan. Uning fikricha, kimning ko`ngli gap-so`zga va shirinso`z bo`lishga moyil bo`lmasa, uni inson deb atash qiyin: “Netongkim... insonning doirasindin tashqaridur”, - deydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |