1.2. Adabiyotshunoslikdagi dastlabki tadqiqotlar va nazariy qarashlar (ruboiy, qit`a)
Fanda shunday olimlar bo`ladiki, dastlabki maqolalari, tadqiqotlari bilan adabiy jamoatchilikning nazariga tushadi, o`zining qobiliyatini darhol namoyon qila oladi. Bu haqda Professor T.Mirzaev olimning “E`tiqod va ijod” kitobiga yozgan so`zboshida shunday deydi: “Bundan ancha yillar muqaddam Ibrohim Haqqul “O`zbek adabiyotida ruboiy” mavzuidagi nomzodlik ishini muvaffaqiyat bilan himoya qilganda, ustoz olimlar ilmga iqtidorli, nozikfahm va teran fikrga ega bo`lgan yosh bir adabiyotshunos kirib kelganiga amin bo`lishgandi. Bu mas`uliyatni yaxshi his qilgan Ibrohim Haqqul o`z ustida tinmay ishladi, mumtoz adabiyotimizni yanada chuqurroq o`rganishga kirishdi. O`zining imliy maqolalari, kitoblari bilan respublikamizning adabiy muhitiga dadil qirib bordi”1.
Haqiqatan ham I.Haqqulovning dastlabki tadqiqotlaridan biri “O`zbek adabiyotida ruboiy” deb nomlangan filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya uning ilmga bo`lgan rag’batini, iste`dodini ko`rsata oldi deyish mumkin. O`zbek adabiyotshunosligida ruboiy poetikasi va tarixini o`rganish bo`yicha ancha ishlar qilinganiga qaramay, olimning bu tadqiqoti ruboiy nazariyasini yanada chuqurroq o`rganish, ruboiyning o`zbek adabiyotidagi taraqqiyot tarixini keng qamrab oluvchi, umumlashtirish xarakteridagi ish sifatida muhim ahamiyatga ega. I.Haqqulov H.Zaripov, H.Yoqubov, A.Hayitmetov, M.Yunusov, A.Qayumov, Yo.Is`hoqov, R.Orzibekov kabi olimlarning bu sohadagi mehnatini ta`kidlagan holda ruboiy poetikasiga oid qator ilmiy- nazariy yangi fikrlarni adabiyotshunoslikka olib kirdi.
Ushbu tadqiqotning ilmiy qimmatini ko`rsatuvchi dalillardan biri shuki, olim muammoni nafaqat o`zbek adabiyoti doirasida, balki tojik, turk, arab, eron, rus adabiyotshunosligida bajarilgan ishlarni chuqur o`rganib, Alisher Navoiy, Bobur ruboiylari tahlili asosida ma`lum xulosalarga keladi, ruboiy mundarijasini etakchi yo`nalishlariga qarab, uchta katta guruhga ajratadi.
Olimning ruboiy genezisiga oid mulohazalari ham e`tiborga molik. U ruboiyning ildizlarini xalq og’zaki ijodidan izlaydi. Ruboiy o`zbek fol’klorida kishilarning rang-barang his-tuyg’ularini tasvirlashga imkon beradigan qulay poetik vositalardan ekanligini, o`zbek adabiyotida ruboiy janrining to`la shakllanishida xalq ijodiyotidagi to`rtliklarning samarali ta`siri bo`lganligini xalq ijodidan, “Devonu lug’otit turk” asaridan misollar keltirib, aniqlaydi. Ruboiyning barmoq vaznidan aruzga o`tish jarayonini ilmiy jihatdan asoslab beradi.
Alisher Navoiy ruboiylarini tahlil qilar ekan, olim 260dan ortiq ruboiy kiritilgan “Nazmul javohir” asarini ulug’ shoirning ruboiychilikdagi faoliyatining muhim qirrasini tashkil etadi deb hisoblaydi, asarning insonlar uchun dastur bo`ladigan axloqnoma, durdona fikrlardan tizilgan nasihatnoma singari o`qilishiga diqqat qaratadi. Navoiyning tom ma`nodagi ma`rifatparvar shoirligi yarq etib ko`rinadigan ruboiylarini chuqur tahlil qiladi. “Ilmni ikki jahon shohligidan ustun ko`rgan shoir”ning quyidagi ruboiysi haqida teran fikr yuritadi:
Kim bor esa haqqa dargoh xoklig’i,
Ilm ortug’kim, ikki jahon shohlig’i.
Olam fisqida bordur ogohlig’i,
Omi kishi bo`ldi zuhdi gumrohlig’i.
“Navoiyning fikricha, ilm kishini gumrohlikdan, nodonlikdan xalos etibgina qolmasdan, olamdagi nobakorliklarni fahm etib, o`zini turli tuman yomon xislatlardan forig’ tutishga ham o`rgatadi”1, deb haqli ravishda mulohaza yuritadi olim. Navoiy ruboiylari buyuk shoirning teran faylasuf, o`z davrining ko`zi va qulog’i bo`lgan ulkan mutafakkirligini ko`rsatuvchi muhim badiiy hujjatlar sifatida ham juda qimmatli ekanligi isbotlab beriladi. Bunday talqinlar o`quvchiga ulug’ shoir ruboiylari mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq tushunish imkonini beradi. Shu bilan birga olim Navoiyning forsiy ruboiylarini ham tadqiq etadi, ularning kattagina qismi nasriy asarlari tarkibidan o`rin olganligini “Xamsatul mutahayyirin”dagi ruboiylar tahlil orqali ko`rsatadi. Shoir o`zining ishqiy-alsafiy mazmundagi ajoyib ruboiylari bilan fors tojik ruboiychiligining rivojlanishiga ham samarali hissa qo`shganligini alohida ta`kidlaydi.
I.Haqqulov Bobur ruboiylarini tahlil va tadqiq etishda ko`proq qiyosiy-tipologik usuldan foydalanadi. Navoiy bilan Boburni qiyoslaydi. Buning asosi sifatida M.Shayxzodaning “Albatta, Navoiy Bobursiz Navoiy bo`lib qoldi, lekin Boburni Navoiysiz tasavvur qilish qiyin” degan so`zlarini keltiradi. Bobur hijron motivlarini, ishq mavzusini kuylashda buyuk ustozidan ilhomlanganligi, Navoiydan o`rganganligini ilmiy jihatdan asoslab beradi. Bobur ruboiylarida “musiqa bilan fikr, fikr bilan musiqa, manzara bilan ma`no, ma`no bilan manzara, xayol bilan tuyg’u, tuyg’u bilan xayol hayron qolarli darajada uyg’unlashtirilgan”. Shuning uchun uning ruboiylari o`quvchiga kuchli estetik ta`sir ko`rsatadi. Buning sabablarini olim quyidagicha ko`rsatadi: 1) bu mahoratga erishishda o`zigacha she`riyatda ishlanib kelingan poetik obraz va usullardan ustalik bilan foydalangan; 2) ruboiyda ko`proq o`z kechinmalarini, real turmush bilan bog’liq fikr tuyg’ularini tasvirlab beradi.
She`rshunos olim Boburning “Sen gulsenu men haqir bulbuldermen” deb boshlanuvchi ruboiysini teran tahlil qilib, uning buyuk tuyg’u muhabbat haqida ekanligini, shoirning Sharq poetik vositalaridan mahorat bilan foydalanganligini go`zal talqinlar orqali yorqin ko`rsatib beradi: “She`rdagi fikr ma`shuqani gulga qiyoslashdan boshlanadi. Tanosub qoidasiga ko`ra, endi she`rga ma`no tomonidan shu so`zga ulfat bo`la oladigan so`z yo obrazni olib kirishi kerak. Bu uncha mushkul ish emas. Adabiy an`anaga binoan “gul”ga “bulbul”ni yondosh keltirish mumkin. Bobur ham shu taomilni buzmay, misrani “Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen” degan tarzda tuzadi. Demak, birinchi misradagi gul va haqir bulbul mavhumlarining yonma-yon kelishida tanosub san`ati bevosita o`z funktsiyasini bajardi....”1. Talqinchi shu tariqa ruboiyning har bir satrini tahlil qilib, shoir mahoratini batafsil ochib beradi va uning ishq oldida shohu gado, hokimu qul - bular mutlaqo nisbiy tushunchalardir, degan umuminsoniy bir falsafani olg’a surayotganligini ko`rsatadi.
Yаna shunisi e`tiborliki, olim Bobur ruboiylarini tahlil va talqin qilishda tarixiylik tamoyilidan chekinmaydi, mulohazalarini “Boburnoma”dan olingan aniq misollar bilan dalillaydi.
I.Haqqulov ruboiyning 16-17 asrlardagi taraqqiyoti haqida gapirar ekan, bu davr shoirlari orasida durustroq natijaga erishganlari kamligini afsus bilan qayd etadi. Ruboiy janrida muvaffaqiyat topgan shoirlar orasida faqatgina Huvaydoning tajribalari g’oyaviy-badiiy jihatdan ancha qimmatli ekanligini ta`kidlaydi. 18-asr o`zbek she`riyatida esa Munis, Ogahiy kabi shoirlarning ijodi ko`zga ko`rinarli deb hisoblaydi.
Xulosa qilib aytganda, I.Haqqulovning o`zbek adabiyotida juda qadimgi davrlarda dunyoga kelgan ruboiy janri, genezisi, tarixi, taraqqiyoti, janr qonuniyatlari, ruboiyning adabiy jarayondagi mavqei, bu sohadagi ijodkor mahorati muammolari ilmiy-nazariy jihatdan teran va chuqur tadqiq etilgan bu tadqiqoti yillar o`tsa-da, o`z ahamiyatini yo`qotmaydigan asarlar sirasiga kiradi.
Olimning qit`a janri xususida bildirgan fikrlari ham diqqatga molik. Qit`a Sharq xalqlari adabiyotining eng ko`hna she`riy janrlaridan biri hisoblanadi. Bu janrda turkiy she`riyatning Nasimiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Ogahiy kabi san`atkorlari, fors tojik adabiyotining Ibn Yamin, Nosir Xisrav, Sanoiy, Fariddidin Attor singari namoyandalari samarali ijod etganlarini ta`kidlar ekan, olim janrning paydo bo`lish tarixiga nazar soladi. Bu boradagi bahslarga munosabat bildiradi. Ba`zi olimlar qit`ani mustaqil she`riy janr deb baholasalar, ba`zilari unga qasida yoki g’azalning parchasi, bo`lagi sifatida qarashlarini e`tirof etib, qadimgi adabiyotshunoslardan Abdurahim ibni Ahmadi Surning fikrlarini keltiradi. Tojik adabiyotshunosi B. Sirusning “ Mazmun jihatidan qit`a g’azaldan kam farq qiladi” degan fikrlariga qarshi chiqadi: “Qit`a turli-tuman hayotiy masalalar, kundalik turmush bilan bog’liq ma`nolarni tasvirlashga imkon beradigan janr. Shuning uchun u arab, fors, turkiy adabiyotda ham qasida va g’azaldan farqli o`laroq an`anaviy talab hamda poetik qonuniyatlardan ozod bo`lib, qit`a tilidagi fazilatlar g’azal tiliga nisbatan silliqlanmagan xalqning og’zaki nutqiga favqulodda yaqin. Bundan tashqari qit`aning obrazlar olami o`ziga xos. U badihabop she`riy shakl bo`lgan”1.
Olim fikrlarini asoslash uchun chex olimi Yan Ripkaning badiha usulidagi she`riy musobaqalar, o`spirin shoirlarni sinovdan o`tkazish yoki turli maqsadlarda hukmdorlar huzurida uyushtirilgan mushoiralarda asosan qit`adan foydalanilganligi haqidagi mulohazalariga tayanadi.
“Qit`a (ko`pligi muqattaot) arabcha so`z bo`lib, lug’aviy ma`nosi parcha, bo`lak demakdir. Adabiy istilohda o`zining mustaqil poetik belgilariga ega, ma`no yo`nalishi aniq chegaralanmagan ikki va undan ortiq baytli she`rlar qit`a deyilgan”. Mana shu va olimning qit`ada ijtimoiy-siyosiy, falsafiy, axloqiy-ta`limiy masalalar ifodalanganligi, shoirlar hayotiy, realistik qarashlari, davr va zamonga munosabatlarini aks ettirganliklari; shuningdek, madhiya, marsiya, tarix va chistonlar bitilganligi to`g’risidagi nazariy fikrlari umumta`lim maktabi darsliklari va o`quv qo`llanmalariga kiritilgan nazariy qoidalarga asos bo`lganligi e`tiborlidir.
Olimning bilim doirasi kengligi, har bir nazariy fikrga kelish uchun nafaqat qardosh xalqlar adabiyotgunosligi, balki jahon adabiyotshunosligini yaxshi bilishi yaqqol ko`zga tashlanadi. Ayni mana shu qit`a haqidagi xulosalarini yuqorida nomlari keltirilgan chet el olimlaridan tashqari, eron olimi doktor Zahroi Xonlari, turk adabiyotshunosi Muallim Nojiy kabilarning qarashlariga tayangan holda asoslashi fikrimizga dalil bo`la oladi. Shu bilan birga ularni to`ldirib, o`zining ilmiy nazariy xulosalari asosida Alisher Navoiy qit`alarini tahlil va talqin etishi diqqatga sazovordir.
I.Haqqulovning iste`dodli o`zbek shoirasi Jahon otin Uvaysiy tavalludining 200 yilligiga bag’ishlab yaratilgan “Uvaysiy she`riyati” risolasi mumtoz adabiyotshunoslikda, shoira ijodini tadqiq etishda muhim o`rin tutadi. To`g’ri, shoira ijodini o`rganish, olimning o`zi ta`kidlaganidek, ancha vaqtlardan beri davom etib kelmoqda. Bu sohada Сho’lpon, T.Jalolov, A.Qayumov, H.Razzoqov. E.Ibrohimova kabi olimlarning tadqiqotlari mavjudligini ta`kidlab, ularga tayangan holda shoira she`riyatining yangi qirralarini ochishga harakat qiladi.
Adabiyotshunos olim shoira she`riyatiga, ijodiga samimiy bir muhabbat, yuksak ehtirom bilan qaraydiki, bu uning quyidagi mulohazalarida yaqqol namoyon bo`ladi. Uvaysiy “she`r bilan ko`nglini bo`shatgan, she`r bilan munosabatini bildirgan, she`r bilan o`zligini axtargan shoira. Shuning uchun uning shaxsi, sub’ektiv kechinmalari, ruhiyatidagi og’ir va iztiroblar lirikasida qonuniy shakllarda aksini topgan. Uvaysiyning ko`ngli - so`z gulshani. Uning iztirobli ruhiga so`z - tilimizdagi ko`pdan-ko`p so`zlar sirdosh, undosh yashagan”1.
Olim risolada dastlab shoira lirikasi oziq olgan ildizlarga nazar tashlaydi. Uvaysiy she`riyati - shakl, mazmun, obraz va tasvir yo`llari bilan ungacha yaratilgan Sharq adabiyoti an`analariga qattiq tayangan, rivojlanish yo`llari shu adabiy zamindan kelib chiqqan she`riyat deb hisoblaydi. Haqli ravishda fikrlarini isbotlab, Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil singari fors-tojik shoirlari, Muhammad Fuzuliy g’azaliyoti, Alisher Navoiy dahosining ta`sirlari haqida so`zlaydi. SHoiraning “Yozma tumoringni umr, ey gul kerakmazmi sengo” misrasi bilan boshlanuvchi g’azali Fuzuliyning “G’amzasin sevding ko`ngul, joning kerakmazmu sengo” misrasi bilan boshlanuvchi g’azaliga hamohangligini ta`kidlaydi. “Topmadim izlab bu olam ahlidin bir dardmand”. Shoiraning ushbu hasratli so`zlari Navoiyning “Topmadim” radifli g’azalida ifodalangan etakchi ma`noga nihoyatda uyg’unligini his etadi.
I.Haqqulov shoira ijodiyotida lirik yo`nalish ustunligiga diqqat qaratib, g’azallarining “g’oyaviyg’badiiy tarkibi tozaligi,biroq bir qadar murakkab va yolqinli” ekanligini, “sevgan ko`ngilning to`lqinli tug’yonlari”, shoiraning so`z bilan ishqiy ehtiroslardan anvoyi gullar yaratishi, inson ruhining rangdor suvratlarini chizishini hassoslik va zavq bilan ko`rsatadi.
Ki, bulbul nola, afg’on aylamakni mandin o`rgandi,
Vujudin sham`i so`zon aylamakni mandin o`rgandi.
misralari bilan boshlanuvchi g’azalida muhabbatga chaqiriq, muhabbatga sig’inish, uni ulug’lash, ulug’ligini she`riy obrazlarda talqin etish tamoyili etakchilik qilishini ko`rsatar ekan, Uvaysiyni oshiqona g’azalning ko`rkam namunalarini yaratgan ijodkor sifatida ulug’laydi, g’azallaridagi ohanglar chindan ham bulbulni sehrlaydigan darajada haroratli va ta`sirchanligidan zavqlanadi, bu zavqni samimiyat bilan kitobxon qalbiga ko`chirishga intiladi.
Risolada olim she`riyat, shoirlik haqidagi o`z mulohazalarini ham keltiradiki, bu asarning, birinchidan, o`qimishli bo`lishini ta`minlasa, ikkinchidan, kitobxonning adabiyot, she`riyat haqidagi bilimlarini to`ldirishga yordam beradi, uchinchidan, tadqiqotning ilmiy-nazariy qimmatini oshiradi. Ayniqsa, adabiyot haqida, she`r va shoirlik haqida jo`shib qalam tebratayotgan I.Haqqulov singari olimlar ijodida bu fazilat yorqin ko`zga tashlanadi. Masalan, “She`riyat butun mohiyati bilan bedorlikka da`vat. Shoirlik - ruhan va qalban bedorlik, jamiyat, davr, xalq va muhitga nisbatan ma`naviy bedorlik. Shoir inson mudroq hissiyotlarga tayanib yashashi, ma`lum bir toifa kishilarga o`xshab olam voqea-hodisalarining sharpalarinigina ko`rib-ko`rmasdan qanoat etishi mumkin emas.Uning mangu beorom, halovat bilmas yuragi, qaysi bir darajada bo`lmasin, aniqlik markazi. Unda hayot, inson, ezgulik, yovuzlik, adolat haqidagi aniq haqiqatlar aks etadi. Unda yolg’on va aldovlar pardasidan ozod buyuk g’oya va maqsadlar nafas oladi. Mana shuning uchun biz chin shoir qalbining inqilobiy g’alayonlarini muqaddas bilamiz. Mana shuning uchun uni olam ichidagi nurli va tayanch bir olam - rostlik olami o`rnida qabul qilamiz”1. Olim bu fikrlarini bevosita Uvaysiy va uning she`riyatiga ham tegishli deb hisoblaydi.
Uvaysiyning orifona g’azallarini tahlil qilishda olim qiyosiy tipologik usuldan mahorat bilan foydalanadi. “Mahbub ul-qulub”dagi qanoat zikri bilan shoiraning ibrat mazmuni bilan sug’orilgan g’azallarini qiyoslaydi. Shu bilan birga shoiraning avtobiografik xarakterdagi she`rlarini ham tahlilga tortadi. “Avtobiografik she`r - san`atkorning o`zi to`g’risidagi so`z. So`zda o`zini aks ettirish, so`z orqali “men”ligini tasdiqlash san`ati” deya mulohaza yuritgan olim bu yo`nalishdagi she`rlar tahlilida tarixiylik tamoyiliga tayanadi. Har bir she`rning dunyoga kelishi shoiraning shaxsiy hayoti, atrofidagi voqealar bilan chambarchas bog’liqligini ochib beradi.
I.Haqqulov shoira she`rlarini kompozitsion jihatdan ham qarab chiqishga, ularning o`ziga xos xususiyatlarini ochishga harakat qiladi. Shoira lirikasida uchraydigan tuyuq, murabba, muxammas, musaddas kabi janrlar haqida izchil fikr yuritadi. Shoira lirikasida uchraydigan badiiy san`atlarni ham nazardan qochirmaydi. Xususan, parallelizm usulidan foydalanish mahoratini ochib beradi.
Olim Uvaysiy dostonlari haqida o`z mulohazalarini bildirar ekan, o`zidan oldin bu haqda to`xtalgan T.Jalolov, Oybek qarashlariga baho beradi, ularning doston badiiyati to`g’risidagi qarashlariga qarshi chiqadi. Bu xususda fikr bildirgan E.Ibrohimovning dostonlarga xos g’oyaviy-badiiy fazilatlarni to`g’ri ilg’aganini ta`kidlaydi.
Uvaysiy she`riyatining o`z lavri undan keyingi zamon shoirlari ijodiga g’oyaviy va badiiy jihatdan ta`sir o`tkazganligi masalasiga ham to`xtalib o`tar ekan, olim Nodira, Maxzuna, Anbar otin kabi shoiralar she`rlariga qiyoslab, ma`lum xulosalar chiqaradi.
I.Haqqulov Uvaysiyni shoira sifatida xalq, ayniqsa, o`zbek ayolining qayg’u-hasratlarini chuqur his qilgan, buyuk bir dardkashlik bilan ularni she`rga ko`chirishga intilgan shijoatli shaxs deb biladi. “Uvaysiyning shijoati dard chekish qobiliyatining nihoyatda yuksakligida. Uning dardi -ishq, insoniy muhabbat. U o`zining iste`dod va mahoratini ishq azoblaridan qalbi qonga to`lgan oshiq kechinmalarining tasvirini berishga bag’ishladi va bu sohada g’oyaviy tomondan ham, badiiy jihatdan ham e`tiborga loyiq ijodiy natijalarga erishdi”, - deb yozadi.
Xulosa qilib aytganda, talantli shoira Jahon otin Uvaysiy she`riyatining tahlil va talqiniga bag’ishlangan ushbu mo``jaz risola ijodkor hayoti va ijodini o`rganish sohasiga muhim hissa bo`lib qo`shila oldi. Olimning “Uning she`riyatisiz o`zbek adabiyotining muhim bir joyi bo`sh qolgan bo`lur edi. U she`rga o`tgan ko`ngul harorati, she`r harakati bilan o`sha bo`shliqni to`ldirdi. Uvaysiy – dard farzandi....Jahon otan Uvaysiyning hassos lirikasi – uning mangu haykali”, degan samimiy mulohazalari yillar o`tsa-da, o`z ohorini yo`qotmaydi.
Bobga xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Ahmad Yassaviy va So`fi Ollohyor hikmatlarini, Alisher Navoiyning dilo`rtar g’azalarini eshitib, ko`nglida adabiyotga muhabbat juda erta uyg’onib, shuning va boshqa omillarning ta`sirida etuk olim bo`lib etishdi. Dastlabki maqolalari, tadqiqotlari bilan ilmiy adabiy jamoatchilikning e`tiboriga tushdi.
Adabiyotshunoslikdagi ruboiy, qit`a, g’azal haqidagi ilmiy nazariy qarashlar shu sohada barcha adabiyotshunoslar, adabiyot muxlislari, kitobxonlar uchun dasturulamal bo`lib qoldi deb aytish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |