Yozish jarayonida quyidagi qoidaga rioya qilish zarur:
o‘qib chiqdim → aniqlashtirdim → tushundim → yozib oldim.
Yozishning quyidagi asosiy shakllari mavjud: reja tuzish (oddiy va batafsil), ko‘chirmalar, tezislar va konspektlar. Seminar bo‘lishi arafasida ma’ruza yozuvlarini va mavzu bo‘yicha tayyorlangan seminar konspektini yana bir marta diqqat bilan o‘qish hamda o‘zingizning og‘zaki chiqishingizni puxta o‘ylab ko‘rishingiz foydadan xoli emas.
Seminar mashg‘ulotida ishtirok etish – bu ilmiy tavsifdagi ma’ruza eshitish, ma’ruza davomida yozib borish va nihoyat savol-javob bilan yakunlanadi. Ma’ruzachiga beriladigan savollarni shakllantirishda Sizga nafaqat ma’ruzani diqqat bilan eshitish, balki puxta tayyorgarlik ham zarur. Seminar mashg‘ulotida talabalar faol bo‘lishlari, ma’ruzachiga savollar berishlari va jamoaviy muhokamada ishtirok etishlari zarur.
Seminarda har bir talaba ma’ruza qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Talabaning chiqishi erkin, ishonchli va asosli bo‘lishi lozim. Shuningdek, talaba ma’ruzasida bayon qilinganlarga o‘zining shaxsiy munosabatini bildirishi, uni asoslab berishi va aytilganlardan to‘g‘ri xulosalar shakllantirishi zarur.
Shunday qilib, seminarlar mazkur fan bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish, muayyan masala bo‘yicha talabaning shaxsiy nuqtai nazarini shakllantirish va o‘z fikrini himoya qilish kabi foydali hislatlarni rivojlantiradi.
6.3.3. Mustaqil ta’limning tashkiliy-uslubiy ta’minoti va
psixologik jihatlari
Talabaning o‘z ustida mustaqil ishlashi, uning avvalo shaxs sifatida, qolaversa, mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Talabalarning mustaqil ishlashini oqilona tashkil etish aqliy charchash va hissiy zo‘riqishlar ehtimolini kamaytiradi.
Talabalarning universitetda muvaffaqiyatli ta’lim olishi mustaqil ishlashni tashkil etish va amalga oshirish uslublarini tez hamda puxta egallashiga bog‘liq. Darhaqiqat, «har qanday chuqur bilim faqat mustaqil o‘qish yo‘li bilangina orttiriladi»44.
Shunday ekan, talabalarga mustaqil ishlash mazmuni, uslublari va shakllarini ham o‘rgatishimiz zarur. Mustaqil ta’lim mazmuni quyidagi elementlardan iborat:
mustaqil ta’limning yaqin va uzoq kelajak uchun maqsadini aniqlash;
o‘rganiladigan masalalarni talabalarning mustaqil tanlashi va asoslashi;
mustaqil ta’limning aniq rejasi va dasturini ishlab chiqish;
o‘zini-o‘zi nazorat qilishning shakllari va muddatlarini aniqlash;
talabaning olgan bilimlarini kengaytirish va chuqurlashtirishga ehtiyojini aniqlashi;
talaba o‘zining intellektual va shaxsiy imkoniyatlarini aniqlashi.
Talabaning mustaqil ta’lim olishi uning mustaqil fikr yurita olish layoqati bilan bog‘liq. Ayni vaqtda ruhshunoslar tadqiqotlari tasdiqlashicha, birinchi bosqich talabalaridan 25 % igina aqliy va mantiqiy tafakkur ko‘nikmalariga ega. Mustaqil fikr yuritish layoqati eng avvalo o‘z mulohazalari, ishonchi va baholash layoqatining shakllanishi bilan bog‘liq. Talabalarda mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish barobarida mustaqil va tanqidiy fikrlash layoqatini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega. Bunday xususiyatlarga ega odam, odatda, qat’iyatliligi, o‘z faoliyatini aniq rejalashtirishi va yo‘l qo‘ygan xatolarini tahlil qilish va tuzatishga tayyorligi, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi va maqsadga erishmaguncha orqaga chekinmasligi bilan ajralib turadi. Bunday odamga o‘z hatti-harakatini baholash, intellektual usullar va strategiyalarni tushunib qo‘llash, o‘zining bilim olish faoliyatidagi kamchiliklarini va ularning sabablarini tahlil qilish va erishgan yutuqlarini baholash hamda murosa yo‘llarini izlash kabi fazilatlar xosdir.
Fanning murakkab masalalarini o‘zlashtirishni yaxshilash va tafakkurni faollashtirishga yordam beradigan mashqlarda quyidagilar talab etiladi:
mazkur ma’lumotdagi asosiy muhim axborotlarni ajratib olish, matndagi asosiy fikrlarni aniqlash va mazmunini ochish;
materialni bir shakldan boshqasiga o‘tkazish (o‘zgartirish);
kitobni o‘qib, tushunchalarini qisqa, ma’noli va o‘z so‘zlari bilan (kitobdagi so‘zlarni yodlab olmasdan) bayon qilish;
bitta ob’ektning o‘zini bir necha variantlarda yoki uning bir xildagi xususiyatlarini ularning har xil bog‘liqliklari va munosabatlarida ifodalash;
nazariyani asoslash, olingan yechimlarni o‘z so‘zingiz bilan tushuntirish (masalan, buxgalteriyada to‘ldirilgan dastlabki hujjatning yoki tuzilgan schetlar korrespondentsiyasining amaliy ahamiyatini gapirib berish), mustaqil misollar keltirish;
ayrim atamalar, tushunchalar va belgilarning ahamiyatini tushuntirish;
sxema, diagramma, jadval, grafik va boshqa ko‘rgazmali materiallar mazmunini izohlab berish;
matn mazmunidan kelib chiqqan holda sxema, grafik, diagramma va rasmlar tuzish;
o‘quv materialini bir tizimga keltirish, ob’ektlarni turkumlash va guruhlash;
matnning mavzusini shakllantirish, matn mazmunini ma’lum ketma-ketlikda mazmunan guruhlab ifodalaydigan reja (konspekt va tezislar) tuzish;
material mazmuni bo‘yicha savollarni mustaqil tuzish, matn bo‘yicha har xil shaklda berilgan savollarga javob berish.
Fikrlash jarayonida xotiraning roli kattadir. Xotira tufayli kelgusida kerak bo‘ladigan axborotlar shunday eslab qolinadiki, zarur bo‘lganida ularni qiyinchiliklarsiz qayta tiklash mumkin. Xotirani rivojlantirish uchun e’tiborli bo‘lish, o‘z ustida ishlash zarur.
Tushunish va xotira bir-biri bilan chambarchas tushunchalar bo‘lib, xotiraning imkoniyati ko‘payganligi bois, agar qabul qilinayotgan material ahamiyatli bo‘lsa, bunday axborot vaqt oralig‘ida taqsimlanganda va mazmuni bo‘yicha guruhlarga ajratilganda yaxshi eslab qolinadi. Shu bois, xotirani ishlatishning asosiy prinsiplari: diqqat, materialni tartibga solish, unga mazmun berish va yiriklashtirish.
Quyidagilar o‘rganilayotgan materiallarni esda saqlab qolishni osonlashtiradi:
- unga qattiq e’tibor qaratish;
- uning muhimligi va ahamiyatligini anglash;
- materiallarni tushunish va anglash;
- asosiy fikrlar yoki kalit so‘zlarni ajratish;
- axborotlarni tartibga keltirish va tuzish;
- materiallarni guruhlash va mazmunan ishlov berish usullarini bilish (materialni qismlarga ajratish, asosiylari va ikkinchi darajalilarini aniqlash, asosiy mazmun yuklangan tayanch punktlar va kalit so‘zlarni ajratish) eslab qolinadigan materialning mantiqiy tarxini tuzish).
Mustaqil ishlashda materialni yodlash – ma’lum usullar yoki amallar yordamida maxsus tashkil etilgan eslab qolish muhim ahamiyatga ega.
Yodlash uzoq yoki qisqa muddat eslab qolishga yo‘naltiriladi, materialga munosabat va matn ustida fikr yuritishning faollik darajasiga bog‘liq. Yaxshi eslab qolishning bir qancha usullari mavjud:
o‘qilayotgan materialni qandaydir belgilari (mazmuni, majmuasi va b.) bo‘yicha guruhlarga bo‘lish;
asosiy joylari va kalit so‘zlarini ajratib olish;
asosiy joylar va kalit so‘zlar to‘plami sifatida reja tuzish;
turkumlash - tushunchalar, predmetlarni guruhlarga ajratish;
materialning tuzulmasini shakllantirish - qismlar, guruhlar va kalit so‘zlarning o‘zaro joylashishini aniqlash;
materialni uning qismlari, guruhlari va kalit so‘zlari o‘rtasidagi asosiy bog‘liqliklari hamda munosabatlari bo‘yicha tasvirlash (sxema, rasm va h.k. ko‘rinishida);
axborotlarni obraz shaklida tasavvur etish, materialni o‘zingiz qayta ko‘rishingiz, o‘z so‘zingiz bilan aytib berish;
yodlashda yangi narsalarni (o‘zingizning kalit so‘zingiz, vositachi-obrazlar va h.k.) jalb qilish va boshqalar.
O‘qilgan materiallarni xotirada yaxshi saqlab qolish va unutmaslik uchun uni tushunish va uqib olish zarur. Shuning uchun xalq orasida «o‘qish boshqa, uqish boshqa» deyiladi.
Bundan tashqari, materialni takrorlashni ham to‘g‘ri tashkil etish zarur. O‘qigandan keyingi dastlabki kunlarda tez-tez takrorlash zarur. Chunki shu kunlari o‘qilganlarni tez unutib qo‘yish mumkin. Shuning uchun materialni ko‘paytirib yubormasdan, muntazam o‘qish, semestr davomida vaqti-vaqti bilan takrorlab, oz-ozdan yodlab borish zarur. Zero, «oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur» deyiladi xalq orasida
Shunday qilib, xotirani rivojlantirish ko‘pincha kalitlardan foydalanishga asoslangan. Chunki kalitlar kerakli axborotlarning xotirada joylashgan o‘rnini aniqlashga yordam beradi. Ular bizga bilganlarimizdan foydalanishga imkon beradi. Xotirada saqlanayotgan bilimlarga yo‘l topish qobiliyati odamning yuqori intellektga egaligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |