1.2.Mustaqillik yillarida hisobining rivojlanishi
Mustaqillik davrida mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda buxgalterlik hisobi, hisobot va nazoratning milliy tizimi shakllandi va rivojlanmoqda. Buxgalteriya hisobining nazariy va uslubiy jihatlari S.K.Qodirxonov, M.Ostonaqulov, B.Hoshimov, X.N.Musaev, A.S.Sotiboldiev, R.R.Radjapov va boshqalar tomonidan rivojlantirildi. Buxgalteriya hisobining erkin bozor iqtisodiyoti makoniga xos quyi tizimi sifatida boshqaruv hisobini shakllantirishda S.Sh.Yuldashev, A.X.Pardaev, B.A.Hasanov, A.A.Karimov, A.A.Abdug‘aniev, O.A.Masharipov kabi olimlar ulkan hissa qo‘shmoqdalar.
Milliy buxgalteriya hisobi, hisoboti va audit tizimining huquqiy-me’yoriy bazasini yaratish va rivojlantirishda E.F.Gadoev, T.I.Jo‘raev, M.M.To‘laxo‘jaeva, Sh.U.Haydarov, X.A.Ortiqov, X.To‘xsanov va boshqalar faoliyat ko‘rsatmoqdalar.
Iqtisodiy tahlil, moliyaviy nazorat va auditorlik faoliyatining nazariy va uslubiy jihatlarini rivojlantirishda E.A.Akramov, I.T.Abdukarimov, M.Q.Pardaev, Yu.M.Itkin, M.M.Tulaxo‘jaeva, D.S.Qudbiev, M.Raximov, N.S.Sanaev, Z.T.Mamatov, A.Usanov, N.Hasanov, B.Q.Xamdamov kabi olimlarning ilmiy ishlari salmoqli o‘rin tutadi.
Tijorat banklari faoliyati, tovar-moddiy zaxiralar hisobi, tahlili va aditi masalalari A.Q.Qodirov, N.F.Karimov, F.Abduvohidov, Z.Umarovlar va boshqalar tomonidan ilmiy izlanish olib borilmoqda..
Ishlab chiqarish hisobi va tannarx kalkulyatsiyasining ilmiy va uslubiy asoslari O.M.Jumanov, N.Yu.Jo‘raev, A.K.Ibragimov, I.N.Ismonov, A.Abdullaev, R.O.Xolbekov, A.I.Aliqulovlar asarlarida o‘z aksini topgan.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida investitsiyalar hisobi va auditi bo‘yicha K.B.O‘rozov, B.X.Pardaev, Sh.X.Ilhomov, O.Jo‘raev va boshqalar fundamental izlanishlar olib borishmoqda.
Buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyati haqida umumiy tushuncha
Buxgalteriya hisobi tadbirkorlikni rivojlantirishda va xodimlarning o‘z mehnati natijalaridan moddiy manfaatdorligini kuchaytirishga har tomonlama yordam berishi kerak. Bu esa xo‘jalik muomalalari va jarayonlarini pul o‘lchovida yoppasiga va uzluksiz aks ettirish orqali amalga oshiriladi, sarflarni va sotishdan olingan daromadlarni pul o‘lchovida taqqoslash, foydani aniqlash imkonini beradi.
Hisob axborotlarini shakllantirishning butun texnologiyasi va tashkil etilishi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt mulklarining baholanishi va harakatlanishi, uning majburiyatlari va ular bilan bog‘liq xo‘jalik muomalalariga qaratilgan. Ularning yig‘indisi buxgalteriya hisobining ob’ektlarini tashkil etadi.
Xo‘jalik hisobining alohida turlari ichida buxgalteriya hisobi markaziy o‘rinni egallaydi.
Buxgalteriya hisobi axborotlarining ustuvorligi, ularning foydaliligi mazkur axborotlarning ahamiyatliligi va ishonchliligi bilan belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi axborotlarining ahamiyatliligi boshqaruv qarorlarini qo‘llashning natijasiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Chunki ular:
vaziyatlarni oldindan aytish va shu asosda eng yaxshi maqbul variantlarni tanlash;
mazkur axborot manbasi bilan uzviy aloqada bo‘lish;
axborotlarni o‘z vaqtida olishga imkon beradi.
Buxgalteriya hisobi axborotlarining ishonchliligi quyidagilarga asoslanadi:
uning xo‘jalik jarayoniga mos darajadagi haqqoniyligi va to‘liqligi;
sodir bo‘lgan xo‘jalik muomalalari faktini tasdiqlash imkonini beradigan shaffofligi;
agar hisob axborotlarini olish, uning ayrim foydalanuvchilar manfaatini ko‘zlagan holda ataylab chalkashtirish natijasi bo‘lmasa, betarafligi.
Har qanday tushuncha, ayniqsa ilmiy atama o‘zining mohiyatini ifodalovchi ta’rifiga ega bo‘lishi lozim.
Audit – bu mustaqil malakali mutaxassislar tomonidan korxonaning moliyaviy hisobotini yoki u bilan bog‘liq moliyaviy axborotni ushbu hisobot yoki axborotning qonun va boshqa normativ hujjatlarga muvofiqlik darajasi to‘g‘risida xulosa chiqarish maqsadida tadqiq etilishidir.
Auditorlik faoliyati va auditorlik kasbining ta’rifi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunida quyidagicha keltirilgan:
Auditorlik faoliyati deganda auditorlik tashkilotlarining auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish va professional xizmatlar ko‘rsatish borasidagi tadbirkorlik faoliyati tushuniladi.
O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga auditorlik faoliyatini amalga oshirish qonun bilan taqiqlangan.
Auditor – auditor malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir.
Agar auditor auditorlik tashkilotining shtatida turgan bo‘lsa yoki auditorlik tashkiloti u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan bo‘lsa, u auditorlik tekshiruvi o‘tkazishga jalb etilishi mumkin.
Auditor auditorlik tekshiruvini sifatsiz o‘tkazganligi, tijorat sirini oshkor etganligi hamda boshqa hatti-harakatlari oqibatida auditorlik tashkilotiga zarar yetkazganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq auditorlik tashkiloti oldida javobgar bo‘ladi.
Auditorlarning yuqori darajadagi kasb mahorati o‘tkaziladigan auditorlik tekshiruvlar va professional xizmatlar eng yuqori darajada amalga oshirilishining garovi hisoblanadi.
Aynan mana shuning uchun ham Moliya Vazirligi tomonidan auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yuqori talablar o‘rnatilgan.
Auditorlik kasbining mahorat darajasiga qo‘yiladigan asosiy talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahka-masining 2000 yil 22 sentyabridagi 365-sonli «Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.
Auditorlik malaka sertifikatiga ega bo‘lish uchun da’vogarlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan 2000 yil 28 avgustda 17-17/534-sonli buyruq bilan tasdiqlangan «Auditorlarni tayyorlash va sertifikatsiyalash dasturi» va 2000 yil 25 sentyabrda 68-sonli buyruq bilan tasdiqlangan «Auditor malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom»ga muvofiq 240 soatlik kursni o‘qishi va imtihon topshirishlari kerak.
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash – bu audit sohasidagi qonunchilikka rioya qilinishi ustidan davlat nazorati o‘rnatish uslubidir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nomi yuqorida qayd etilgan 365-sonli qaroriga muvofiq «Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish to‘g‘risida NIZOM» tasdiqlangan.
Ushbu Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida auditorlik faoliyati bilan auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi. Auditorlik tashkilotlarining professional xizmatlari esa bundan mustasno. Auditorlik faoliyatini litsenziyalash Moliya Vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |