1-MAVZU. BUXGALTERIYA HISOBI, AUDITORLIK FAOLIYATI, BUXGALTER VA AUDITOR KASBLARI HAQIDA TUSHUNCHA
1.1.Buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatining tarixidan
Buxgalteriya hisobi hisobi tarixidan. «Tarix - bu o‘tmishga oid fakt va hodisalar majmui»1. Tarix hamisha odamlar e’tiborini jalb etib kelgan. Har bir odam uchun o‘z Vatanining, o‘z oilasining va o‘z kasbining tarixini bilishi muhim ahamiyatga ega.
Vatanimiz jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topgan va yangilanayotgan hozirgi paytda har bir kasbning, jumladan buxgalterlik hisobining ham tarixini o‘rganish zarurligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tmish tajribasini puxta bilgan buxgalter yillar o‘tib o‘z kasbining piriga aylanadi. Tarixda ma’lum bo‘lgan narsalarni ixtiro qilish uchun bekorga vaqt sarflab, yangidan «g‘ildirak kashf etib» yurmaydi. Buxgalterlik ilmining tarixini o‘rganuvchi uni takomillashtirishga harakat qilishi, fandagi haqqoniylik va xolislikni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishi hamda uning istiqbolini tasavvur eta olishi mumkin. Zero, «Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar»2.
Buxgalteriya hisobiga oid ilmiy va o‘quv adabiyotlarida hisob insoniyat tamadduni (tsivilizatsiyasi) bilan birga taxminan 6000 yillar muqaddam vujudga kelganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Kishilik jamiyatining o‘sib boruvchi ehtiyojlari hisobning rivojlanishiga olib kelgan va bu o‘z navbatida tsivilizatsiyaning, xususan uning yozuv va matematika kabi ajralmas qismlarining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
Buxgalterlik hisobining tarixi haqidagi hozirgi kunda mavjud manbalarda ta’kidlanishicha, bu fanning asoschilaridan biri italiyalik matematik professor Luka Pacholi hisoblanadi. Uning 1494 yili Venetsiyada nashr qilingan «Schyotlar va yozuvlar haqidagi traktat» nomli kitobida hozirgi zamon buxgalterlik ilmining dastlabki kurtaklari bayon etilgan3.
Lekin, buxgalterlik hisobining paydo bo‘lgan vaqtini aniq bir tarixiy sana bilan ko‘rsatish, bizning fikrimizcha, unchalik to‘g‘ri emas. Gap Benedikti Kotrulining kitobi yoki Luka Pacholining traktati oldin yozilganida emas. Shunday ekan, buxgalterlik tarixini o‘rganishda tashqi va ichki sabablardan kelib chiqadigan, ikkita parallel evolyutsiyani nazarda tutishimiz lozim. Tashqi sabablar bizni o‘rab turgan dunyoning fanga bo‘lgan talabidan kelib chiqadi. Bugungi buxgalterlik hisobi hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida axborotdan foydalanuvchilarning talablarini qondirishi, korxonalarning raqobatbardoshligini va xususiy mulk egalarining manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashi lozim.
Ichki sabablar esa ilm-fan rivojlanishining mantiqiyligidan kelib chiqadi. Unda yuqorida ta’kidlaganimizdek, buxgalterlikka oid u yoki bu manbalarning yozilgan vaqtidagi ketma-ketlik hamda ular orasidagi mantiqiy bog‘liqlik tushuniladi.
Masalan, Raymond de Ruver o‘z asarida ikki yoqlama buxgalteriya hisobining paydo bo‘lishi haqidagi shunday deb yozadi: «bir narsa aniq: ikki yoqlama buxgalteriya hisobi 1250 va 1350 yillar ichida Italiyada paydo bo‘lgan. Buning birinchi shubhasiz dalilini 1340 yili Genua boshqaruvchisining xujjatlarida topamiz, ammo uning yanada qadimiy ekanligi haqida ham ma’lumotlar bor»4.
Takidlash joizki, hisobning rivojlanishi barcha xalqlarda tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tabiiy va boshqa shart-sharoitlari bilan bog‘liq holda turlicha kechgan.
Darhaqiqat,o‘tmishda ajdodlarimiz ham hisob-kitob ilmiga alohida ahamiyat berishgan. Jumladan, «Temur tuzuklari»da hisob, moliya va nazorat ishlari mamlakatni boshqarishda muhim vosita bo‘lganligi haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. Masalan, «Raiyatdan mol-xiroj olish, mamlakatni tartibga keltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga oshiruvchi kishilar tuzugi»da saltanatni boshqarishda hisob va nazorat ishlari haqida shunday malumotlar keltirilgan:
« ... har o‘lkaga uch vazir tayinlashlarini buyurdim. Bulardan biri raiyat uchun bo‘lib, undan yig‘iladigan soliqlarning undirilishini kuzatib, hisobotini olib borsin. Oliq-soliq miqdori, soliq to‘lovchilarning nomlarini yozib borsin va raiyatdan yig‘ilgan mablag‘ni saqlasin. Ikkinchi vazir sipoh ishlarini boshqaradi. Sipohga berilgan va berilishi lozim bo‘lgan mablag‘ hisobini olib borsin. Uchinchi vazir esa daraksiz yo‘qolgan kishilar, kelib-ketib yuruvchilar (sayohatchilar va savdogarlar), har xil yo‘l bilan yig‘ilib qolgan hosil, aqldan ozganlarning mol-mulki, vorissiz mol-mulkni, qozilar va shayxulislomlarning hukmi bilan olingan jarimalarni tartibga keltirsin»5.
Shuningdek, «Temur tuzuklari»da «Saltanatning har bir idorasida bo‘ladigan kirim-chiqimlarni, kundalik xarajatlarni yozib borish uchun bir kotib tayinlansin»6 deyilgan.
Demak, bizning mamlakatimiz tarixida ham hisob, hisobot va nazorat ishlari taraqqiy etgan deyishimizga to‘la asos mavjud.
Buxgalterlik hisobi ilmiga oid tadqiqotlarda ta’kidlanishicha, uning hozirgi zamon tushunchasidagi nazariyasi va amaliyotining rivojlanishi sanoat, savdo va pul-tovar munosabatlarining rivojlanishiga bog‘liq, shu munosabat bilan turli mamlakatlarda buxgalterlik ilmining o‘ziga xos maktablari vujudga kelgan.
Buxgalterlik ilmining quyidagi maktablari shakllanganligi ilmiy asoslangan7:
Italiya maktabi. 2. Fransiya maktabi.
Germaniya maktabi. 4. Anglo-amerika maktabi.
Rossiya maktabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |