3. Mulkning saqlanishini ta’minlash funksiyasi. Bu funksiya buxgalteriya hisobi tizimini takomillashtirish va uning nazorat funksiyasini kuchaytirish bilan chambarchas bog‘liq. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, ushbu funksiyani amalga oshirish uchun quyidagi shart-sharoitlar zarur: jihozlangan omborxona binolari, nazorat va o‘lchash asboblari, o‘lchagich idishlar va boshqalar.
Iqtisodiy islohotlarning chuqurlashtirilishi va bozor munosabatlarining erkinlashtirilishi, mulkdorlar sonining ko‘payishi, tashqi iqtisodiy faoliyatning rivojlanishi sharoitida buxgalteriya hisobining ushbu funksiyasi yanada rivojlanmoqda. Buxgalteriya hisobining xalqaro va milliy standartlari negizida, ilmiy asoslangan holda tashkil etilgan hisob tizimi nafaqat kamomad va o‘g‘riliklarni aniqlash, uyushgan jinoyatlarni ochib tashlash, balki, ularning oldini olishga ham imkon yaratadi.
4. Uzviy aloqa funksiyasi. Buxgalteriya hisobining uzviy aloqa funksiyasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, bunisiz boshqaruv tizimining faoliyati ma’nosini yo‘qotadi. Keng ko‘lamda kompyuterlashtirilgan sharoitda faoliyat ko‘rsatadigan tizimli buxgalteriya hisobi boshqaruv xodimlarini korxona va undagi bo‘linmalarning ma’lum davr ichidagi faoliyati to‘g‘risida, xo‘jalik mablag‘lari, ularning vujudga kelish manbalari va korxonaning majburiyatlari haqida, mol yetkazib beruvchilar, xaridorlar, buyurtmachilar, banklar, soliq inspeksiyasi, investorlar va boshqa xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlar to‘g‘risida, moliyaviy natijalarni shakllantirish, foydaning ishlatilishi va jamg‘arilishi to‘g‘risida, mulkdorlar (aкsiyadorlar, paychilar, ta’sischilar va h.k.) bilan munosabatlar to‘g‘risida haqiqiy ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Ko‘rsatkichlarning haqiqiy miqdorini aks ettiradigan buxgalteriya axborotlari yordamida uzviy aloqadan foydalangan holda biznes reja ko‘rsatkichlari, standartlar, norma va normativlar, smetalar bajarilishi, barcha turdagi resurslardan oqilona foydalanish ustidan nazorat o‘rnatiladi, har xil kamchiliklar bartaraf etiladi. Ishlab chiqarish imkoniyatlari va ularning safarbar etilish hamda ishlatilish darajasi aniqlanadi(2.5-rasm).
Buxgalteriya hisobi tizimi boshqaruvni uzviy aloqa orqali har qanday darajada axborot bilan ta’minlay oladi. Boshqa hech qanday tizim ushbu vazifani bajara olmaydi.
Uzviy aloqa funksiyasi, odatda, asosan dastlabki hujjatlardan olinadigan, turli xil tashuvchilardagi birlamchi axborotlarni shakllantiradi. Masalan, mehnatga haq to‘lash to‘g‘risidagi ishbay naryadlarda mavjud bo‘lgan axborotlar, ham bajarilgan ishlarning haqiqiy hajmini hisobga olish uchun, ham ma’lum davr ichidagi rejalashtirilgan har bir tadbir bo‘yicha rejadan chetga chiqishlarni aniqlash uchun ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |