6.1-rasm. Ma’ruzaning funksiyalari Ma’ruzani samarali o‘zlashtirish uchun quyidagilarga rioya qilish lozim:
- ma’ruzani diqqat bilan eshitish va ma’lumotlarni tafakkurdan o‘tkazish;
- o‘zining diqqat-e’tiborini boshqarish;
- ma’ruzani to‘g‘ri konspekt qilish;
- axborotlarning mantiqiy tuzulishini sinxron «hazm» qilish layoqatiga ega bo‘lish.
Shuning uchun ma’ruzada fanga qiziqish uyg‘onishi, ma’ruzachiga hurmat bilan qarash, tartib-intizomga rioya qilish, darsga kechikmaslik, ma’ruza materiallarini o‘zlashtirish uslubini o‘rganish kerak. Ma’ruzani o‘zlashtirish ketma-ketligini umumiy ko‘rinishda quyidagicha tasvirlash mumkin (6.2-rasm).
Talaba ma’ruzani samarali eshitish va yozib olishga qanday erishishi mumkin? O‘qilayotgan ma’ruzani to‘liq va tushunarli qabul qilish uchun unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish, xususan oldingi mavzuni takrorlash va navbatdagi mavzuning mazmuni bilan tanishish zarur. Bunga erishish uchun birinchi kirish darsida talabalarga ma’ruzaning kalendar rejasini (har bir mavzuning qisqacha annotatsiyasi yoki rejasi bilan) tavsiya etiladi.
6.2-rasm. Ma’ruzani o‘zlashtirish ketma-ketligi Oldingi ma’ruza materiallarini mustahkamlash navbatdagi ma’ruzani va butun fanni samarali o‘zlashtirish uchun zamin yaratadi. Buni talaba o‘ziga singdirishi va qat’iy rioya qilishi zarur. Shuningdek, talaba o‘qituvchi auditoriyaga kelgunga qadar ma’ruzaga tayyor bo‘lishi zarur. Chunki ma’ruzaning dastlabki daqiqalarida mavzu e’lon qilinib, uning asosiy g‘oyasi, maqsadi tushuntiriladi va eng muhim masalalar (savollar) ro‘yxati beriladi. Shunda ma’ruzani to‘liqroq tushunish osonlashadi.
Ma’ruzani tinglash jarayonida mavzu nomi va rejadagi savollarni esda tutish kerak. Butun ma’ruza davomida barcha ta’rif-tavsiflar va misollarni asosiy nazariy qoidalar bilan solishtirib borish zarur.
Talabaning ma’ruza jarayonida samarali bilim olishi to‘lig‘icha uning diqqat-e’tiboriga bog‘liq. Ma’ruza chog‘ida talaba faoliyatida diqqat-e’tiborning har xil xususiyatlari namoyon bo‘ladi: barqarorlik, fikrini jamlash, axborotlar hajmi va b.
Talabaning ma’ruzadagi faoliyati murakkab jarayon bo‘lib, uchta qismni o‘zida birlashtiradi: tinglash, fikr yuritish va hosil bo‘lgan tushunchalarni yozib borish. Bunda tinglash axborotlarni qabul qilishning eng muhim uslublaridan biri bo‘lib, o‘qish bilan yozishga qaraganda ham ancha samaraliroqdir. Axborotlarni o‘zlashtirishning ushbu uslubi o‘quv jarayonida ko‘proq qo‘llaniladi. Ruhshunoslar aniqlashicha bizning har xil muloqot turlariga sarflaydigan vaqtimiz o‘rtacha quyidagicha taqsimlanadi: 40 % cha vaqt tinglashga, 16 % gacha vaqt o‘qishga va 9 % gacha vaqt yozishga sarflanadi. Bunda tinglashning o‘rtacha samaradorligi atigi 25 % tashkil etadi, vaqtimizning deyarli 70 % ini (uyqu vaqti bunga kirmaydi) biz verbal muloqotda o‘tkazamiz.
«Eshitmoq» va «tinglamoq» tushunchalarining ma’nosi bir xil emas.
«Eshitmoq – tovushni eshitish a’zosi orqali qabul qilmoq; qulog‘iga kirmoq, chalinmoq»42.
«Tinglamoq - diqqat-e’tibor bilan eshitmoq»43.
Demak, ko‘p narsani eshitish va hech qaysisini tinglamaslik ham mumkin. Samarali tinglashni o‘rganish uchun esa ma’lum vaqt va energiya talab etiladi, ammo bu foydali axborotlarni olishning eng oddiy va qulay usulidir. Ta’kidlash joizki, samarali tinglash bu tug‘ma qobiliyat emas, u hayot jarayonida orttiriladi va shuning uchun ham uni doimo rivojlantirib borish lozim.
Ma’ruza tinglash jarayonini optimallashtirish uchun quyidagilar zarur:
- yangi axborotlarni qabul qilish jarayoniga ruhan tayyorgarlik ko‘rish;
- ma’ruzaning asosiy g‘oyalari va qoidalarini ajratib olish;
- ijodiy, yaxshi kayfiyatni mujassam etish va tinglash:
- tinglab, tushunib yetmasdan xulosa qilmaslikka o‘rganish;
- ma’ruzachining so‘zini bo‘lmaslik;
- o‘zingizning tinglash layoqatingizni muntazam takomillashtirish.
Talabaning vazifasi - ma’ruzani qisqa, tushunarli va mazmunli yozib olish (konspekt qilish). Yozib olish ma’ruza mazmunini xotirada saqlash va mustahkamlashga yordam beradi, talabani intizomga o‘rgatadi va tahsil olishning muhim vositasi hisoblanadi. To‘g‘ri konspekt tuzishni o‘rganish uchun quyidagilardan foydalanish maqsadga muvofiq:
- yozuvlarni alohida maxsus daftarda yuritish;
- asosiy fikrlarni ajratib ko‘rsatgan holda har xil rangli ruchkalar bilan yozish;
- o‘z fikrlaringizni yozish va aniqlik kiritish uchun daftar chetida kengroq joy qoldirish;
- yozuvlar bajarilish texnikasiga ko‘ra tejamli bo‘lishi lozim;
- asosiy qoidalar yoki kalit so‘zlar (tayanch iboralar)ni ajratib ko‘rsatish;
- o‘zingizga tushunarli bo‘lgan qisqartmalarni qo‘llash;
- ma’ruza tugaganidan so‘ng konspektingizni darrov tartibga keltiring.
Konspektning to‘liq ma’ruza matnidan farqi - qisqaligi, ortiqcha jumlalarning sezilarli darajada kamaytirilishi, ya’ni ayrim ahamiyatsiz so‘zlarni yoki matn qismlarining chiqarib tashlanishi hamda matnda uzun jumlalar o‘rniga qisqa (lo‘nda) so‘z birikmalarining qo‘llanilishidadir.
Konspekt yozishda muhim axborotlarni batafsil, ikkinchi darajali qo‘shimcha va yordamchi ma’lumotlarni juda qisqa yozish kerak. Asosiy axborotlarni ikkinchi darajalilaridan ajratib olish konspekt tuzishning muhim talablaridan biri hisoblanadi. Bunday mahoratga erishishda matnni qisqartirish va «filtrlash» usuli yaxshi natija beradi. Bu usul ikki bosqichda amalga oshiriladi:
ma’ruza matnini mazmuniga ko‘ra bo‘laklash;
har bir bo‘lakda uning asosiy mazmunini ifodalaydigan so‘z, qisqa ibora yoki umumlashtiruvchi jumlani topish. Bunday so‘z yoki iboralar kalit deb ham ataladi.
Ma’ruzani konspekt qilishda saranjomlik bilan birga tez yozish ham muhimdir. Normal yozish tezligi bir minutda 120 belgi, ko‘p mashq qilgan talabalar bir minutda 150 belgiga yetkazishi mumkin. Ko‘pincha ma’ruzani to‘liq (so‘zma-so‘z) yozib olish imkoni bo‘lmaydi, bu shart ham emas. Qoidaga ko‘ra, ma’ruzachi o‘ta muhim deb hisoblagan qoida, ta’rif va matnning boshqa alohida qismlarini sekinroq o‘qib yozdiradi.
Konspekt qilish tinglangan ma’ruzani eslab qolish uchun qulay sharoit yaratadi, fikrni jamlash va mavzuning mag‘zini tushunib olishga yordam beradi.
Mahorat bilan yozib olingan ma’ruza oson eslab qolinadi, shuning uchun ham yaxshi tuzilgan konspekt talabaga joriy, oraliq va yakuniy nazorat ishlarini topshirish uchun o‘ziga xos qo‘llanma vazifasini o‘taydi. Shu bilan birga talabalar tomonidan tuzilgan bunday qo‘llanma ma’lum darajada ularning qobiliyati va shaxsiy xususiyatlarini ham tavsiflaydi. Har qanday fan bo‘yicha ma’ruzaning boshlanishidayoq konspektni qanday tarzda tuzish to‘g‘risida puxta o‘ylab ko‘rish quyidagi vazifalarni tezroq va osonroq hal etishga yordam beradi:
- ma’ruza tugaganidan so‘ng yozuvlarni to‘ldirish va aniqlik kiritish;
- yozuvlar mazmuni ustida ishlash – uning alohida qismlarini taqqoslash, asosiy jihatlarini ajratib olish, xulosa qilish;
- konspektdagi kerakli materiallarni tez topish;
- o‘rganiladigan materialni takrorlash uchun zarur bo‘ladigan vaqtni qisqartirish, eslab qolish tezligi va aniqligini oshirish.
Yaxshi tuzilgan konspekt bevosita ma’ruzada o‘tilgan material hajmini va sifatini oshiradi hamda keyinchalik uni o‘zlashtirishga sarflanadigan vaqtni qisqartiradi. Shuningdek, konspektdan butun o‘qish davomida samarali foydalanish uchun unga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish hamda keraksiz joylarini o‘chirish ham mumkin.
Ma’ruzani konspekt qilishning har qanday shaklida ham daftar varag‘ida keyinchalik qo‘shimcha kiritish va yordamchi belgilar uchun bo‘sh joy qoldirish maqsadga muvofiq. Bunda daftar betining taxminan 1/3 qismigacha bo‘sh joy qoldirish tavsi etiladi. Agar bunga amal qilinmasa, joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarga tayyorgarlik chog‘ida izoh, to‘ldirish va boshqa axborotlarni satr oralariga yozishga to‘g‘ri keladi, natijada konspekt undagi matnni o‘qish va o‘zlashtirishga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin.
Ma’ruzani noto‘g‘ri konspekt qilish asosan quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
- hamma aytilganlarni so‘zma-so‘z to‘liq yozib olishga urinish;
- ma’ruzani yozish o‘rniga faqatgina rejasini yozish bilan cheklanish;
- tushunish qiyin bo‘lgan va muhim axborotlarnigina tanlab yozish.
Ma’ruzani konspekt qilishning asosiy sharti – hamma aytilganlarni emas, balki barcha muhim ma’lumotlar mazmuni saqlab qolinadigan tarzda qisqa yozish. Konspekt qilish chog‘ida yozuvlarni qisqartirish uning qandaydir elementlarini tushirib qoldirish hisobiga emas, balki birlamchi axborotlarni mujassamlashtirish hisobiga erishilishi mumkin. Keyinchalik zarur bo‘lganda birlamchi yozuvlarni to‘liq «yoyib chiqish» mumkin.
Ma’ruzaning asosiy g‘oyalarini ajratib ko‘rsatish va aniq bayon etish muhim ahamiyatga ega. Ma’ruza chog‘ida uning muhim jihatlarini rangli qalam (yoki marker) bilan ajratish, tagini chizish yoki boshqacha belgi qo‘yish zarur. Bu konspektdan foydalanish vaqtida mavzuning muhim jihatlarini darhol ko‘rishga imkon beradi.
Ma’ruza – bu bir tomondan ma’ruzachi ustoz va ikkinchi tomondan tolibi ilm o‘rtasidagi ilmiy-ijodiy muhit. Ustozning qanday ma’ruza o‘qishi ko‘p jihatdan talabalarning qanday tinglashiga bog‘liq va aksincha. Auditoriyaning diqqati va faolligi ustozni ilhomlantiradi hamda ma’ruzani yanada yorqin hamda mazmunliroq bayon etishga rag‘batlantiradi.
Shuning uchun talabalar o‘zlarida ma’ruza tinglash layoqatini shakllantirishi, o‘qituvchining bayon etgan fikrlarini «hazm qilishi», keyingi fikrini bilishga harakat qilishi hamda qilinadigan xulosalar ustida mushohada yuritishi lozim. Natijada, tushuncha hosil qilish va eslab qolish qobiliyati rivojlanadi.
Har kuni konspektingizni to‘ldirish, xato va tushunarsiz yozuvlarni tuzatish hamda ma’ruzaning muhim natijalariga urg‘u berish uchun 25-30 minut vaqt ajratish kerak. Ma’ruza tugagandan so‘ng eng uzog‘i bilan 4-5 soat o‘tmasdan materiallar takrorlanib, mavzu ustida ishlasangiz yaxshi esda qoladi va o‘z tushunchalaringiz shakllanib boradi. Semestr davomida ma’ruza materiallari (asosan o‘zlashtirish qiyinroq fanlar bo‘yicha) ustida ishlashning eng samarali usuli batafsil reja tuzish va saqlab qo‘yish hisoblanadi. Bunday reja o‘quv materiallarini ancha tez va to‘liqroq eslashga yordam beradi, undan oraliq va yakuniy nazoratlarni topshirishda javob rejasi sifatida ham foydalanish mumkin. Rejada ma’ruzaning mazmuni mayda tavsif va tafsilotlarsiz juda qisqa ifodalanadi. Shuning uchun ma’ruza rejalarini taqqoslash va tahlil qilishda mavzuning asosiy g‘oyalarini, mag‘zini ajratib olish va keyingi tushunchalar bayon etiladigan namunaviy algoritmni tuzish, ma’ruza matniga qaraganda qulay hamda osonroq. Ma’ruza matnining tuzulmasini to‘liq, to‘g‘ri va izchil taqdim etish uchun mavzuning tarkibiy qism (bo‘lim)lari o‘rtasidagi mantiqiy aloqadorlikni ishlab chiqish juda foydalidir.
Nihoyat, talaba ma’ruza materiallari ustida ishlaganidan so‘ng uni qay darajada o‘zlashtirganligini tekshirib ko‘rishi zarur. Buning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:
- mavzuning mazmun-mohiyatini bilish;
- ma’ruza rejasi yoki mazkur savolni aniq tasavvur qilish;
- asosiy, muhim jihatlarni ajrata olishi;
- misollar va ko‘rgazmali material (rasm, jadval va b.)larning mazmunini o‘zlashtirish;
- ega bo‘lgan (bilgan) va yangidan olingan bilimlar o‘rtasidagi aloqadorliklarni tushunish;
- olingan bilimlarni hayotda qo‘llash zarurati va imkoniyatlarini anglash.
Shunday qilib, ma’ruza jarayoni ma’ruzachi ustoz shaxsining salohiyati – xohish-irodasi, bilimi, tajriba va his-tuyg‘ularining talabalar ichki dunyosi bilan bog‘lanadigan jonli hamda bevosita muloqotning eng samarali shaklidir. Keng ko‘lamli bilim, mahorat va ilmiy bilish uslublariga ega USTOZ talabalarni fan olamiga yetaklaydi, ilmiy tafakkur sirlarini o‘rgatadi hamda zamonaviy ilmiy ijodiyot makoniga olib kiradi. Darhaqiqat, chinakam yuksak san’at darajasida o‘qilgan ma’ruzagina tinglovchining ongini ham, xulqini ham o‘zgartiradigan va ma’naviyatini yuksaltiradigan muhim bilim manbaidir. Shu tariqa, olingan bilim aniq-amaliy ahamiyat kasb etadi. Aslida, bilim yod olingan chiroyli, jimjimador jumlalar emas, balki bo‘lajak mutaxassis uchun ham, butun jamiyat uchun ham naf keltiradigan aniq amaliy harakatdir.