«Sipohga tanxoh va ulufa taqsimlash tuzugi»da o‘sha zamonga xos nazorat tizimi haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: «Tuyul qilib berilgan har bir mamlakatga ikkitadan vazir tayinlasinlar. Biri viloyatdan yig‘ilgan molni yozib, raiyat ahvolini tekshirib tursinki, jogirdor – yer egasi22 fuqaroga jabr zulm yetkazib, ularning holini xarob etmasin. U viloyatdan yig‘ilgan butun mol ashyolarni kirim daftariga yozishi lozim. Ikkinchi vazir esa (daromadning) xarj etilgan qismini chiqim daftariga yozsin va (yig‘ilgan mollardan) sipohiylarning maoshiga taqsim qilsin. Qaysi amirga tuyul berilar ekan, uni uch yilgacha o‘z holiga qo‘ysinlar. Uch yil o‘tgandan so‘ng uni tekshirib ko‘rsinlar. Agar mamlakat obod, raiyat rozi ekan, shu holicha qoldirsinlar. Agar ahvol bunga ters bo‘lsa, u viloyatni xolisa23ga o‘tkazib, uch yilgacha o‘sha yer egasiga haq berilmasin»24. Demak, auditning mustaqil nazorat turi va boshqaruv funksiyasi sifatidagi chuqurroq ildizlari mamlakatimiz davlatchiligi tarixida ham mavjud bo‘lgan deyishimizga to‘la asos bor.
4.2. Auditorlik faoliyatining mohiyati, maqsadi va vazifalari Auditorlik faoliyati va auditorlik kasbining ta’rifi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunida quyidagicha keltirilgan:
Auditorlik faoliyati deganda auditorlik tashkilotlarining auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish va ushbu qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan professional xizmatlar ko‘rsatish borasidagi tadbirkorlik faoliyati tushuniladi.
Auditor – auditor malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir.
Agar auditor auditorlik tashkilotining shtatida turgan bo‘lsa yoki auditorlik tashkiloti u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan bo‘lsa, u auditorlik tekshiruvi o‘tkazishga jalb etilishi mumkin.
Auditor auditorlik tekshiruvini sifatsiz o‘tkazganligi, tijorat sirini oshkor etganligi hamda boshqa hatti-harakatlari oqibatida auditorlik tashkilotiga zarar yetkazganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq auditorlik tashkiloti oldida javobgar bo‘ladi.
Shuningdek, Qonunning 4-moddasiga muvofiq «auditor yordamchisi auditor malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan va auditorlik hisobotida, auditorlik xulosasida, auditorning ekspert xulosasida hamda auditorlik tekshiruvini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa rasmiy hujjatda imzo chekish huquqiga ega bo‘lmagan tarzda auditorning topshirig‘iga binoan auditorlik tekshiruvida ishtirok etayotgan jismoniy shaxsdir».
Auditor yordamchisining mehnat shartlari qonun hujjatlarida qayd etilgan tartibda tuzilgan mehnat shartnomasi bilan belgilanadi.
Auditorlik tekshiruvini amalga oshirishda olingan ma’lumotlarni oshkor etmaslik majburiyati auditorning yordamchisiga nisbatan tatbiq etiladi.
Auditorning yordamchisi sifatida ishlangan vaqt auditor malaka sertifikatini olish uchun zarur bo‘ladigan ish stajiga qo‘shiladi.
O‘zbekistonda auditorlik faoliyati mustaqil yuridik shaxs huquqiga ega auditorlik tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Qonunga ko‘ra auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan yuridik shaxsdir.
Auditorlik faoliyatining maqsad va vazifalari tavsifidan kelib chiqib, uni quyidagicha tasniflash mumkin .
Shuningdek, O‘zbekistondagi auditorlik faoliyati oldida turgan muhim vazifalardan biri – xorijlik hamkorlar tan oladigan auditorlik xulosasi berish qobiliyatiga ega, sertarmoq va professional darajadagi umummilliy auditorlik kompaniyalari tashkil etish hisoblanadi.