Istak gaplar va ularning uslubiy xususiyatlari
Nutq jarayonida boshqalarga o‘zingizning istak xohishingizni bayon qilgingiz kelsa, ana shu maqsadingizga muvofiq kesimi shart istak maylidagi fe’l bilan ifodalangan gap shaklini tanlaysiz. Masalan, Toshkentga borsam, Mustaqillik maydonini ko‘rsam.
Eslab qoling. Kesimi shart-istak maylidagi fe’llar bilan ifodalangan gaplar istak gaplar deyiladi.
Yozuvda islak gaplar oxiriga nuqta qo‘yiladi.
So‘roq gaplar va ularning uslubiy xususiyatlari
O‘zingizga noma’lum bo‘lgan voqea-hodisa haqida axborot olish uchun tarkibida so‘roq olmoshlari, so‘roq yuklamalari yoki so‘roq ohangi bo‘lgan gap shaklini tanlaysiz. Masalan, Uyingizga kimdir keldi, lekin bu shaxsning kimligini bilmaysiz. Ana shu shaxs haqida aniq ma’lumot olish uchun kim keldi? deb so‘raysiz va so‘rog‘ingizga kelgan shaxs haqida ma’lumot olasiz.
So‘rash maqsadida foydalanadigan gapingiz tarkibida, albatta, so‘roq olmoshlari, so‘roq yuklamalari yoki so‘roq ohangi mavjud bo‘ladi.
Eslab qoling. So‘roq olmoshlari, so‘roq yuklamalari yoki so‘roq ohangi yordamida ifodalanib, so‘zlovchiga noma’lum bo‘lgan voqea-hodisa haqida axborot olish maqsadida qo‘llaniluvchi gaplarga so‘roq gaplar deyiladi.
So‘roq olmoshlari yordamida ifodalangan so‘roq gaplar bilan so‘roq ohangi yordamida ifodalangan so‘roq gaplar qanday javob talab qilish bilan farq qiladi. So‘roq olmoshlari ma’nosiga muvofiq aniq javobni talab etadi.
Masalan: - Guruhingizda kim yaxshi o‘qiydi?
- Fotima.
So‘roq yuklamasi ishtirok etgan so‘roq gaplar esa ha yoki yo‘q javobini talab etadi. Ha va yo‘q so‘zlarini javob tarzida qo‘llab, so‘ngra unga izoh beriladi. Masalan:
-Sen akademik litseyda o‘qiysanmi?
-Ha, men akademik litseyning bitiruvchi o‘quvchisiman.
Yoki:
-Bu akademik litseymi?
-Ha, bu akademik litsey .
So‘roq gaplar oxiriga doimo so‘roq belgisi qo‘yiladi.
Ba’zan darak ma’nosini ifodalash uchun so‘zlovchi darak shaklidan emas, balki so‘roq gap shaklidan foydalanadi. Masalan: Buni kim bilmaydi?
Eslatma: Bunday gaplar ritorik so‘roq gaplar, ya’ni o‘zida tasdiq yoki inkor mazmuni bo‘lgan, tinglovchidan javob talab qilmaydigan so‘roq gaplardir.
Juda muhim. Bunday so‘roq gaplar javob talab qilmaydi. Javobi shu gapning o‘zida bo‘ladi. So‘roq gap kesimi bo‘lishsiz fe’llar bilan ifodalangan bo‘lsa, tasdiq darak gap ma’nosini; aksincha, bo‘lishli fe’llar bilan ifodalangan bo‘lsa, inkor gap ma’nosini bildiradi.
Masalan, Bu daraxtni kesishga kim jur’at qiladi? (Bu daraxtni kesishga hech kim jur’at qilolmaydi).
Do'stlaringiz bilan baham: |