Ona tili (8-sinf)
Bilib oling. Sodda gaplar egali (shaxsli) va egasiz (shaxssiz) bo‘lishi mumkin. Egasi mavjud bo‘lgan gaplar shaxsli gaplardir. (Masalan, Biz bugun Samarqandga jo‘naymiz), egasi mavjud bo‘lmagan gaplar esa shaxssiz gaplardir. (Masalan, Bugun Samarqandga jo‘naladi) Birinchi gapda ega (biz) ishtirok etgan, ikkinchi gapda esa ega ishtirok etmagan, kesimdan ifodalangan ish-harakatning kim tomonidan bajarilishi ma’lum emas.
Bilib oling. Egasi yashiringan gaplar ikki turlidir:
1. Egasi (shaxsi) ma’lum gaplar. 2. Egasi (shaxsi) umumlashgan gaplar.
Egasi ma’lum gaplarda gapning egasi matndan, nutq sharoitidan, kesimning shaxs-son shakllaridan ma’lum bo‘lib turadi. Bunday gaplarning kesimi, odatda, I va II shaxs shaklida bo‘ladi.
Egasi umumlashgan gaplarda gapning umumiy mazmuni barcha shaxslarga aloqador bo‘ladi. Bunday gaplarning kesimi II va III shaxs shakllarida keladi: Hurmat qilsang, hurmat ko‘rasan. Boshingga qilich kelsa ham to‘g‘ri gapir.(Maqol) Maqol va matallar, hikmatli so‘zlar, odat tusiga kirgan rasm-rusumlarni bayon etuvchi gaplarda ega, asosan, umumlashgan bo‘ladi.
Bilib oling. Ega ishtirok etmagan gaplar shaxsi noma’lum gaplar, atov gaplar, so‘z-gaplar kabi uch turga bo‘linadi.
Bilib oling. Shaxsi noma’lum gaplarda kesim fe’l bilan ifodalanadi va ish-harakatni bajarishga imkoniyat, zaruriyat, shart, tilak, istak kabi ma’nolarni ifodalab keladi. Bunday gaplar kesimining eng muhim belgisi – uning tarkibida egalik qo‘shimchasining yo‘qligidir. Bu gaplar shaxssiz emas, harakatni mantiqan kimdir bajaradi, lekin uni gapda ifodalab bo‘lmaydi.
Bilib oling. Atov gaplar so‘zlovchi ko‘z o‘ngida biror voqea-hodisani, narsa-buyum yoki davrni yoki davrni jonli gavdalantirishga, uning xotirasida yoki xayolida ular bilan aloqador bo‘lgan voqea-hodisalarni tiklashga xizmat qiluvchi muhim tasviriy vositadir. Atov gaplar, asosan, aniqlik maylining hozirgi-kelasi, ba’zan esa o‘tgan zamon shakllaridagina keladi. Atov gaplar bitta so‘zdan iborat bo‘lishi ham, aniqlovchilar bilan kengayib kelishi ham mumkin. Maktab. Yoshligimning oltin davri shu dargohda o‘tdi. Hamon yodimdadir: Gul chog‘i erdi.
Bilib oling. Bir so‘zdan iborat bo‘lib, tarkibga ajratilmaydigan, boshqa so‘zlar bilan kengaya olish imkoniyatiga deyarli ega bo‘lmagan gaplar so‘z-gaplar deyiladi. Ular tasdiq, inkor, so‘roq, taajjub, his-hayajon kabilarni ifoda etib, matn bilan bog‘liq bo‘ladi. So‘z-gaplar, asosan, modal va his-hayajon munosabatlarni ifoda etgani uchun ham ko‘proq dialogik va ba’zan monologik nutqqa xosdir. Masalan:
-Endi so‘zingizdan aynamang, xo‘pmi?
-Mayli, - dedi Fazliddin. (O.)
-Yo‘q, - dedi Otabek, lekin uning taajjubi uy egasiga ochiq ko‘rinib turar edi. (A.Qod.)
Yo‘lchi eshikchani ochib kirdi:
-Assalomu alaykum, hormang, ota! (O.)
Kishilar o‘rtasidagi oddiy muomalada tez-tez ishlatilib turadigan bir so‘z yoki ibora (birlik)lar so‘z-gaplar vazifasida qo‘llanadigan bo‘lib qolgan: assalomu alaykum, yoqimli ishtaha, marhamat, salomat bo‘ling, qulluq, osh bo‘lsin, yaxshi boring, xush ko‘rdik, labbay, jonim bilan, bajonidil kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |