GAPNING IKKINCHI DARAJALI BO‘LAKLARI
Gapning ikkinchi darajali bo‘laklari bosh bo‘laklarga tobe bo‘lib, ularni to‘ldirib, aniqlab, izohlab keladi. Ikkinchi darajali bo‘laklar 3 xil: to‘ldiruvchi, hol, aniqlovchi .
To‘ldiruvchi
Ona tili (5-sinf)
Fe’lga bog‘lanib, kimga?, nimaga?, kimdan?, nimadan?, kimni?, nimani?, kim bilan?, nima bilan? singari so‘roqlarga javob bo‘luvchi bo‘laklarga to‘ldiruvchi deyiladi.
Tahlilda to‘ldiruvchi ostiga uzuq chiziqchalar ( _ _ _ _ _ ) chiziladi: Bu so‘zdan Hamid ajablandi.
To‘ldiruvchi hokim bo‘lakka kelishik qo‘shimchalari yoki ko‘makchilar yordamida bog‘lanadi.
Ona tili (8-sinf)
Bilib oling.Gapning biror bo‘lagiga (ko‘pincha kesimga) boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanib, uni to‘ldirib kelgan ikkinchi darajali bo‘lak to‘ldiruvchi deyiladi. Masalan: Omon menga qaradi, men unga qaradim. (G‘.G‘.) Vodiylarni, tog‘larni oshib, Dalalarda yolg‘iz adashib, kelib qoldi yurtingga Omon. (H.O.) Sizga nima bo‘ldi o‘zi? (O.Yo.)
To‘ldiruvchi quyidagicha ifodalanadi:
1. Ot bilan: Dilshod maktubni xolasiga berib, ko‘chaga chiqib ketdi. (M.Ism.) Mansurov odamlar bilan xayrlashdi.
2. Otlashgan sifat bilan: Yaxshiga qora yuqmas, yomonga el boqmas. (Maqol)
3. Otlashgan son bilan: Beshni beshga qo‘shsak, o‘n bo‘ladi.
4. Sifatdosh bilan: Bilmagandan bilgan yaxshi, to‘g‘ri ishni qilgan yaxshi. (Maqol)
5. Harakat nomi bilan: Uning kulib boqishlarini bir zum ham unutmayman.
6. Taqlid so‘z bilan: Taqir-tuquringni yig‘ishtir.
7. Modal so‘z bilan: Yo‘qni yo‘q deydi, borni bor deydi.
To‘ldiruvchilar, boshqa gap bo‘laklari kabi, birikmali holda ham qo‘llanadi: Men uning go‘zal siymosida qalbim ko‘zgusini, visol orzusini, umidim gulshanini ko‘rardim. (M. Qoriyev) O‘qituvchining pedagogik mahorati u tarbiyalagan shogirdlarining bilimdonligi bilan o‘lchanadi. O‘qituvchida zilol chashmadek tuganmas mehr va bilim bo‘lmog‘i kerakligini unutmang. Voris hammaning ertaga ovga jo‘nashini aytdi. (O.M.) Bola bir guruh jangchilarni botqoqlikdan xatarsiz o‘tkazib qo‘yganini aytdi. (O.)
To‘ldiruvchilar yordamida aytilmoqchi bo‘lgan fikr ravshanlashadi: Oyni (etak bilan) yopib bo‘lmas. (Maqol) Odam (mehnatda) sinaladi. Bu gaplardagi etak bilan, mehnatda bo‘laklari yordamida so‘zlovchining niyati to‘la ochilgan.
Esga oling. Kimni? nimani? so‘rog‘iga javob bo‘ladigan so‘zlar bilan birikma hosil qiladigan fe’llar o‘timli fe’llardir.
Bilib oling. To‘ldiruvchi tushum kelishigi qo‘shimchasi –ni bilan belgili va qo‘shimchasiz – belgisiz ko‘rinishlarda kela oladi.
Bilib oling. Belgili va belgisiz tushum kelishigi shakllari bilan ifodalangan to‘ldiruvchi vositasiz to‘ldiruvchi deyiladi.
Bilib oling. Hokim so‘zning kimga? nimaga? kimdan? nimadan? kim uchun? nima uchun? kim haqida? nima haqida? kim bilan? nima bilan? kabi so‘roqlarga javob bo‘lib keladigan kengaytiruvchilari vositali to‘ldiruvchilar deyiladi. Vositali to‘ldiruvchi jo‘nalish, chiqish, ba’zan o‘rin-payt kelishiklari qo‘shimchalarini yoki uchun, bilan, orqali, xususida, to‘g‘risida kabi ko‘makchilarni olgan so‘zlar (yoki so‘z birikmasi) bilan ifodalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |