Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda (XYUS) mas’uliyat markazlari o‘zaro ta’sirining takomillashgan tizimi
Amalga oshirish
Tashqi investitsiyalarni jalb qilish
Sotish hisobiga daromad o‘tkazish
Diskresion xarajatlar markazi bo‘yicha sarflar hamda chiqimlarni hisobga olish esa boshqa tartibda amalga oshiriladi. Bunday xarajatlar bilan faoliyat yakunida erishiladigan natija o‘rtasida bevosita bog‘liqlikni kuzatish juda qiyin va shunga yarasha ularni hisobga olishda bir tomonlama yondashib bo‘lmaydi. Odatda, barcha holatlarda xarajatlar miqdorini oshirib yubormaslik, uni imkon qadar qisqartirish juda ijobiy holat deb e’tirof etiladi. Lekin, aynan hozir biz ko‘rayotgan diskresion xarajatlar misolida emas. Chunki, bu holatda xarajatlar smetasi bo‘yicha oldindan belgilab berilgan sarf va chiqimlar miqdorini haqiqatda bajarilgan miqdori bilan taqqoslab, bir tomonlama xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Masalan, ilmiy tekshirish va sinov-konstruktorlik ishlariga belgilangan xarajatlarning sarflanmasligi kelajakda jiddiy uzilishlar yuz berishi, texnologik rivojlanishdan orqada qolish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga innovatsion yondashuvning oqsab qolishiga olib kelishi mumkin. Bunga bir qarashda o‘sha hisobot davrida xarajatlarning tejalishi deb qarash mumkin, lekin ana shu tejalgan xarajatlar natijasida keyinchalik butun xo‘jalik yurituvchi subyekt miqyosida jiddiy moliyaviy muammolar ham kelib chiqishi muqarrar. Xuddi shuningdek, smeta bo‘yicha belgilangan hajmda to‘liq amalga oshirilgan reklama xarajatlarini ham undan kutilgan yakuniy natijasi bilan solishtirish qiyinchiliklarni tug‘diradi va uni samarali sarflangan xarajatlar deb hisoblash uchun asos bo‘la olmaydi. Masalan, reklama uchun smetada ajratilgan barcha mablag‘lar sarflangan bo‘lishi mumkin. Lekin, reklama kam samarali vositalar, shuningdek noqulay vaqtlarda yoki kam auditoriyalik kommunikatsiyalar (gazeta, ijtimoiy tarmoqlar, internetda cheklangan sonli guruhlar va sh.k.) orqali berilgan bo‘lishi mumkin. Boshqaruv qarorlarini qabul qilishda aynan mana shu diskresion xarajatlar samaradorligini aniqlash eng mushkul amal hisoblanadi.
Tushum markazi – bu javobgarlik markazining bir turi bo‘lib, uning rahbari (menejeri) mahsulotlarni sotishdan olgan tushumlari natijasi uchun javobgar hisoblanishadi. Shuning uchun tushum markazi rahbari uchun tovarlarni sotishdan olinadigan tushum va bevosita uni belgilovchi ko‘rsatkichlar, ya’ni sotish hajmi va tovarga qo‘yiladigan baho asosiy nazorat qilinadigan ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunday markazlarga xo‘jalik yurituvchi subyektlarning turli xil hududlarda ochgan sotuv bo‘limlarini (dilerlik, distribyutorlik xizmatlari) kiritish mumkin. Aynan mana shunday markaz rahbarlari o‘zlarining ishchi-
xizmatchilari oylik maoshlarini, realizatsiya bilan bog‘liq komissiya miqdorlarini, sotish xarajatlarini ham nazorat qiladi. Shu bilan birga ular o‘zlari sotayotgan tovarlarining bahosi uchun bevosita javob bermaydi.
Boshqaruv qarorlarini qabul qilish borasidagi vakolatlari bo‘yicha xarajatlar markazi rahbarining ham, tushum markazi rahbarining ham imkoniyatlari cheklangan. Xarajatlar markazi rahbari aynan o‘z bo‘limidagi xarajatlarning sarfi uchun javob beradi, yakuniy natijaning shakllanishi va uning taqsimotini esa boshqalar amalga oshiradi. Xuddi shuningdek, tushum markazi rahbari sotuv hajmi uchun javob beradi, lekin, ishlab chiqarish jarayoniga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotning sotuv bahosini belgilashga aralasha olmaydi. Mabodo, ana shu jarayonlarning bir nechtasi birlashtirilsa, ya’ni mahsulotni ishlab chiqarish hamda bevosita uni haridorlarga sotish birlashtirilsa, shunday tarzda tashkil qilingan markazning mahsulot sotishdan kutilayotgan oxirgi moliyaviy natija uchun motivatsiyasi kuchayadi. Bunday markaz rahbarlari mahsulotni ishlab chqarishdan oldin u qancha bahoga ketishi mumkin, bozorda unga talab qay yo‘sinda tashkil topgan, bahoni qay darajada belgilagan ma’qul va sotuvdan tushgan tushum miqdori ma’qulmi-yo‘qmi, degan savollarning barchasini oldindan puxta tarzda o‘ylab, keyin ishlarini rejalashtiradi. Shu tarzda tashkil qilingan hamda rahbarlari ham ishlab chiqarish xarajatlari hamda sotish hajmi uchun bevosita javobgarligi belgilagan markaz turi - foyda markazi, deb hisobga olinadi. Demak, foyda markazi rahbari xarajatlar va foyda uchun javob beradi. Foyda markazida rahbar daromad uchun, shuningdek, xarajatlar miqdori uchun javob beradi – shulardan kelib chiqib, sotish hajmini, bahoni, xarajat kabi ko‘rsatkichlarni nazorat qiladi. Foyda markazi, o‘z navbatida, bir nechta xarajatlar markazidan tashkil topishi mumkin. Foyda markazini moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot, shuningdek rajalashtirilgan foyda olish byudjeti ko‘rsatkichlari yordamida boshqarish mumkin.
Investitsiya markazi – bu javobgarlik markazining bir turi bo‘lib, uning rahbari nafaqat daromadlar va xarajatlarga, balki kapital quyilmalarga yo‘naltirilgan investitsiyalarga ham javob beradigan bo‘limdir. Amaliyotda, sof foydasini investitsiya qilish vakolatiga ega bo‘lgan ana shunday markazlarning maqsadi foyda olish hamda sarflangan mablag‘larining rentabelligini ta’minlash, investitsiyalarning daromadli bo‘lishini va pirovard natijada xususiy kapital miqdorini o‘stirishdan iborat bo‘lmog‘i darkor. Investitsiya markazi faoliyatini
boshqaruv hisobi manfaatlari nuqtayi nazaridan rejalashtirilgan foyda olish byudjeti, pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot hamda buxgalteriya balansi yordamida nazorat qilish mumkin. Investitsiya markazlari – bu rahbarlarning (menejerlarning) mustaqil tarzda boshqaruv qarorlari qabul qilish va faoliyat olib borishlaridagi vakolatlarining eng yuqori darajada avtonomlashtirilgan darajasidir.
Javobgarlik markazlari o‘z nomlari bilan bir xo‘jalik yurituvchi subyekt doirasida mustaqil tarzda faoliyat olib borish imkoni bo‘lgan bo‘limlarning barchasiga imkon qadar mustaqillik berish tamoyiliga asoslanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad – har bir ixtiyoriy olingan bo‘limning maksimal tarzda mustaqilligini ta’minlash, ularning har biriga o‘zlarining mehnatlaridan va qabul qilgan boshqaruv qarorlaridan bahramand bo‘lishga imkon yaratish, xarajatlarini nazorat qilish, shuningdek imkon qadar ko‘proq foyda olishga motivsiya tug‘dirishdan iboratdir.
Javobgarlik markazlari bo‘yicha boshqaruv hisobini tashkil qilish maqsadida hisobot quyidagi ko‘rinishda tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |