§. Javobgarlik markazlari bo‘yicha daromad va xarajatlarni aniqlash
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda segmentar hisobotni tuzishda eng muhim bosqich, bu segmentlar, ya’ni mas’uliyat markazlari bo‘yicha daromad va xarajatlarni aniqlashdir.
Segmentlarning daromadlari va xarajatlarini hisobga olish bo‘yicha buxgalteriya hisobining 14-sonli “Segmentar hisobot” nomli xalqaro standarti (BHXS)ga ko‘ra, segmentar hisobotda daromad va xarajatlar quyidagi moddalar bo‘yicha hisobga olinishi, maqsadga muvofiq:
tashqi mijozlardan olinadigan daromadlar;
xo‘jalik yurituvchi subyektning boshqa segmentlari bilan bo‘ladigan muomalalardan olinadigan daromadlar;
aktivlarning balans summasi;
boshqa segmentlarning majburiyatlari;
asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni sotib olish xarajatlari;
amortizatsiya xarajatlari;
boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida ishtirok etishdan olingan sof foyda yoki zararlar va investitsiyalar hissasi;
daromadlar va xarajatlar, aktivlar va majburiyatlarni taqqoslash.
Yuqorida qayd qilingan, ya’ni buxgalteriya hisobining 14-sonli “Segmentar hisobot” nomli xalqaro standarti (BHXS)ga ko‘ra, segmentar hisobotda segment daromadlariga quyidagi ko‘rsatkichlar tegishli emasligi ko‘rsatilgan:
moliyaviy qo‘yilmalarni sotishdan olingan foizlar, dividendlar va daromadlar (bunday daromadlar segmentning asosiy faoliyati bo‘lgan hollar bundan mustasno);
favqulodda daromadlar (fors-major majburiyatlar).
BHXS me’yoriga ko‘ra segment xarajatlari – bu bevosita segment tarkibiga kiritilishi mumkin bo‘lgan xarajatlar yoki ularning xo‘jalik yurituvchi subyekt umumiy xarajatlarining bir qismi sifatida namoyon bo‘lishidir. Segmentlar xarajatlarini quyidagi moddalar bo‘yicha hisobga olish tavsiya etilgan:
asosiy materiallar sarfi xarajatlari;
yordamchi materiallar sarfi xarajatlari;
bevosita mehnat (ish) haqi xarajatlari;
texnologik ehtiyojlar uchun boshqa bevosita xarajatlar;
umumishlab chiqarish xarajatlari (mas’uliyat markazi ustalarining
mehnat haqi xarajatlari, uskunalarning eskirishi, elektr energiya xarajatlari, kichik xizmat ko‘rsatuvchi xodim va mutaxassislar mehnat haqi xarajatlari va sh.k. boshqa umumishlab chiqarish xarajatlari)
Segment xarajatlariga quyidagilar kiritilmaydi:
qisqa va uzoq muddatli moliyaviy qo‘yilmalar bo‘yicha xarajatlar (ular segmentning asosiy faoliyati bo‘lgan hol bundan mustasno);
daromad (foyda) solig‘i;
favqulodda xarajatlar (fors-major majburiyatlari).
Xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob amaliyoti an’analariga muvofiq segmentar hisobotni buxgalter boshqaruv hisobi ma’lumotlariga asoslanib tuzadi.
Javobgarlik markazlari bo‘yicha hisobda bo‘lgan talablarning o‘sishiga axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya vositalarining rivojlanishi natijasida imkoniyatlarning o‘sishi ham bevosita ijobiy ta’sir qiladi. Javobgarlik markazlari bo‘yicha hisobning kengayib borayotgan imkoniyatlarining sabablarini ikki yo‘nalish bo‘yicha guruhlash mumkin: 1) zamonaviy hisoblash kompyuter dasturlari ma’lumotlarni o‘z vaqtida olishga va uni talab qilingan o‘lchamlarda aniqlashga imkoniyat yaratadi; 2) internet, yo‘ldosh aloqa televideniyesi, uyali telefon aloqasi ma’lumotlarni vaqtning haqiqiy tartibida ixtiyoriy masofaga uzatish imkonini beradi.
Shunday qilib, iqtisodiyot va axborot texnologiyalaridagi obyektiv jarayonlarning amalga oshishi munosabati bilan javobgarlik markazlari bo‘yicha hisob istiqboldagi yo‘nalish hisoblanadi.
Javobgarlik markazlari bo‘yicha hisobni tatbiq etish bo‘yicha mavjud adabiyotlar, ilmiy tadqiqotlar natijalari, amaliy tajribalar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, hanuzgacha bu boradagi masalalarning ko‘pchiligi munozarali xarakterga ega va hal etilmagan. Qarama-qarshi fikrlar javobgarlik markazlari bo‘yicha hisobning nafaqat konseptual masalalariga, balki uning uslubiy va ish rejasi masalalariga ham tegishli. Ana shunday yondoshuvlar va bu boradagi muammolarni quyidagicha guruhlash mumkin:
– xo‘jalik yurituvchi subyektning zamonaviy iqtisodiy tizimda javobgarlik markazlari bo‘yicha hisobining iqtisodiy mohiyati, uning o‘rni, vazifalarini aniqlashga yondashuvlar muhokama etilmoqda;
javobgarlik markazlari bo‘yicha boshqaruv hisobini takomillashtirish va modellashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda;
buxgalteriya hisob tizimida va undan tashqarida javobgarlik
markazlarining xarajatlari va ularning faoliyat natijalari hisobi mexanizmi muhokama qilinmoqda;
xarajatlari va natijalarini hisobga olishning yangi ehtimolli mexanizmlari muhokama etilmoqda;
umumkorporativ xarajatlarning mas’uliyat markazlariga taqsimlanishi maqsadga muvofiq ekanligi isbotlanmagan hamda mazkur bilvosita xarajatlarning mos ravishda taqsimlanishiga ko‘mak beruvchi uslublar ishlab chiqish bosqichida;
strategik yo‘nalishlarni tezkor yo‘nalishlarga olib borish mexanizmlari, mas’uliyat markazlari bo‘yicha hisobga kiritish imkoniyatlari va uning maqsadga muvofiqligi borasida munozaralar davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |