I BOB. “BOSHQARUV HISOBI” FANINING AHAMIYATI, SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI
§. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni boshqarishning paydo bo‘lishi, ahamiyati va rivojlanishi.
§. Boshqaruvning mohiyati, tamoyillari va maqsadlari.
§. Boshqaruv hisobining mohiyati, predmeti, funksiyalari, metodlari, obyektlari, tamoyillari, hisob tizimi va tarkibiy qismlari.
§. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni boshqarishning paydo bo‘lishi, ahamiyati va rivojlanishi
Iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining samaradorligini boshqaruvning har bir bo‘g‘inida yo‘lga qo‘yilgan boshqaruv hisobi tizimisiz tasavvur qilish murakkab. Boshqaruv hisobi tizimi xo‘jalik yurituvchi subyekt menejerlariga taqdim etiladigan barcha hisob ma’lumotlari va bosqichlarni o‘ziga qamrab oladi. Boshqaruv hisobi samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishda xarajatlarni rejalashtarish, shakllantirish va nazorat qilish jarayoni bilan uzviy bog‘liq.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ichki boshqaruv tizimida menejerlarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojini aynan boshqaruv hisobi tizimi ta’minlaydi. Rivojlangan mamlakatlarda firma va kompaniyalar buxgalteriya hisobi sohasidagi ish vaqti va resurslarining 90 foizini boshqaruv hisobini yo‘lga qo‘yish va yuritishga, qolgan 10 foizini esa moliyaviy hisobga sarflashadi.
Kuchli raqobat muhitida xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyat yuritayotgan tarmoqning o‘ziga xos xususiyati yoki faoliyat turidan qat’i nazar, boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘zlangan natijaga erishishi va samarali faoliyat yuritishi mumkin. Shu boisdan ham xo‘jalik yurituvchi subyektning barcha bo‘g‘inidagi menejerlar
uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqaruv hisobining mohiyati, uning rivojlanish bosqichlari, boshqaruv hisobini yo‘lga qo‘yish va yuritishning o‘ziga xos xususiyatlarini kengroq yoritilishi maqsadga muvofiqdir.
Zamonaviy menejmentning ahamiyati shundaki, shu sohadagi ilmiy izlanishlar olib borgan va borayotgan turli maktablar olimlari yagona xulosaga kelishgan muhim masala – samarali boshqaruvni o‘rganish va uni har bir menejer o‘z faoliyatida qo‘llashi obyektiv zaruriyat.
Boshqaruv qadim-qadimdan paydo bo‘lib, rivojlanib kelmoqda. Boshqaruv faoliyati samarali tashkil etilmaganda edi, Misr ehromlari qurilmagan, Vavilonning go‘zal bog‘lari bunyod etilmagan, urushlar bo‘lmagan, shaharlar va davlatlar paydo bo‘lib, gullab-yashnamagan bo‘lar edi.
Boshqaruv xo‘jalik yurituvchi subyektlar paydo bo‘lishi bilan shakllana boshladi. Ammo qadimda tashkilotlar hozirgi zamonaviy xo‘jalik yurituvchi subyektlardan sezilarli darajada farq qilgan. Bu farqlarni xo‘jalik yurituvchi subyektlar ko‘lamining juda kichikligi va shunga muvofiq yirik tashkilotlar va rahbarlar sonining kamligi; o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining amalda yo‘qligi; rahbarlik lavozimlarini kuch, ya’ni zo‘ravonlik bilan egallash; buyruqbozlikka katta e’tibor berish; tashkilot uchun muhim qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar sonining kamligida kuzatish mumkin.
Shu bilan birgalikda, qadim zamonlarda odamlar qanday qilib hokimiyatga egalik qilish, ko‘p pul topish va hokazolarga katta e’tibor berganlar va pirovardida, maqsadlariga ishonchli erishish kafolatini beruvchi boshqaruv jarayonini samarali amalga oshirish masalalari ustida kam bosh qotirganlar.
Boshqaruv to‘g‘risidagi fan XX asrning boshlaridan intensiv ravishda rivojlana boshladi. Insoniyat faoliyatining dastlabki davrlaridan bizgacha faqat boshqaruv tajribalarining tahlili va umumlashgan ko‘rinishlarini o‘zida aks ettirgan uzuq-yuluq ma’lumotlar yetib kelgan.
Xususan, “Ptaxxotep o‘gitlari” kitobida (Qadimgi Misr, eramizgacha 2000–1500 y.) subyekt boshqaruvi boshlig‘iga quyidagicha maslahatlar tavsiya qilingan: ... shikoyatchining so‘zlarini eshitayotganingda bosiq bo‘l, u senga aytishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni aytgunicha, ko‘nglini bo‘shatgunicha uning ko‘nglini cho‘ktirma. Baxtsizlikka uchragan odam o‘zining savoliga ijobiy yechimga erishishdan ko‘ra ko‘proq ko‘nglini ochishni xohlaydi"1.
Boshqaruv borasidagi va rahbar bo‘lgan shaxslarga tavsiya qilinadigan shu kabi maslahatlarni zamonaviy adabiyotlarda ham uchratish mumkin. Xususan, S.Parkinson, M.Rustomdji, K.Xovardlar ana shunday maslahatlarni to‘plab, ularni ma’lum tamoyillar asosida guruhlashga harakat qilishgan. Ular tomonidan ishlab chiqilgan ana shunday guruhli maslahatlar rahbarlarga aniq yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘l keladi2.
Qadimgi Gretsiyada Platon ishlab chiqarish jarayonlarini ixtisoslashtirish zarurligi to‘g‘risida gapirgan edi. Suqrot turli faoliyat sohalari boshqaruvchilarining faoliyatlarini tahlil qila turib, ular mehnatining asosini tashkil qiluvchi umumiy tamoyillar to‘g‘risida gapirgan edi: “Asosiy vazifa – kerakli odamni kerakli joyga qo‘yish va o‘zining ko‘rsatmalarini bajarilishiga erishish”.
Qadimgi Rimda Katta Katon (eramizgacha 234–149 y.) yer egasiga quyidagicha maslahat bergan: "Qarash kerak, ishning borishi qanday, nimalar qilindi va yana nimalar qilinishi kerak. Shundan keyin u boshqaruvchidan bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot va nima uchun ishning bir qismi bajarilmaganligi to‘g‘risida tushuntirish talab qilishi lozim". Shuningdek, boshqaruvchiga yillik ish rejasini berish taklif etilgan3.
1 Бобришев Д.Н., Семенцов С.П. История управленческой мысли: Учебное пособие. - М.: 1987.- 75-89 стр.
2 Паркинсон С.Н., Рустомджи М.К. Искусство управления. - М.: Агентство "ФАИР", 1997., и Ховард К., Коротков Э. Принципы менеджмента: Управление в системе цивилизованного предпринимательства. - М.: 1996.
3 Бобришев Д.Н., Семенцов С.П. История управленческой мысли: Учебное пособие. - М.: 1987. 46-71 стр.
Boshqaruv "nou-xau"lari boshqaruv elitasining tor doiralarida avloddan avlodga o‘tib kelgan. Boshqaruv fanining rivojiga italiyalik davlat arbobi Makiavelli (1469–1527 y.) katta hissa qo‘shgan. U shunday degan edi: "Hukmdorning aqliga birinchi navbatda, u qanday odamlarni o‘ziga yaqinlashtirayotganligiga qarab baho beriladi; agar bu odamlar sodiq va qobiliyatli bo‘lsalar, u holda har doim uning donoligiga ishonish mumkin, ya’ni u (hukmdor) ularning qobiliyatliligini seza oldi va ularning sodiqligini saqlab qola oldi"4.
Makiavelli ta’kidlagan ediki: "Yordamchining sodiqligini bilishning bitta bexato usuli bor. Agar yordamchi davlatdan ko‘ra ko‘proq o‘z manfaati haqida o‘ylasa va har bir ishda o‘z foydasini izlasa, u hech qachon hukmdorning yaxshi xizmatchisi bo‘la olmaydi"5.
Quyidagi boshqaruvchilikka oid ajoyib fikrlar ham Makiavelliga tegishlidir: "Ko‘pchilik hukmdorlarning ayrimlari o‘zlarining donoligi va shon-shuhrati uchun o‘zlariga emas, balki o‘z yaqinlarining to‘g‘ri maslahatlari oldida qarzdordirlar, deb o‘ylaydilar, lekin bu xato fikrdir. Aslida, ideal qoida quyidagichadir: dono bo‘lmagan hukmdorning maslahatlari foydasizdir"6.
Yevropada XVIII asrning o‘rtalarida sanoat inqilobidan keyin boshqaruvga oid qarashlar intensiv rivojlandi. Undan keyin ishlab chiqarishning gurkirab rivojlanishi yig‘uv kombaynining va mashinaning o‘zaro almashinuvchi qismlarini joriy qilinishiga, sifat nazorati usullaridan foydalanishga (E.Uitni), ishlab chiqarish ishchilarining ixtisoslashuviga (Ch.Bebbidj) olib keldi.
Hozirga kelib, boshqaruv bo‘yicha juda ko‘p yo‘nalish hamda tadqiqot natijalari mavjud, binobarin, jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida boshqaruv faoliyatini yoki uning tarkibiy qismlarini tizimlashtirishga (bir tizimga solishga) urinishlar ko‘p bo‘lgan.
4 Макиавелли Н. Избранные сочинения. - М.: Художественная литература, 1982.
5 Шу манбада
6 Шу манбада
Ana shu boradagi, aniqrog‘i, boshqaruv faoliyatini tizimlashtirishda eng birinchi va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ishlar eramizdan oldingi 5 minginchi yillikda qadimgi Shumerda amalga oshirilgan. Shu boradagi urinishlar natijasida nafaqat boshqaruv, balki insoniyat taraqqiyotida muhim omil hisoblangan yozuv yuritila boshlagan edi.
Ularning natijasi o‘laroq, ma’lumotlarni uzatish va jamlash imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Bu ana shu vaqt uchun boshqaruv faoliyatini intensifikatsiyalashda rag‘batlantiruvchilik rolini bajargan. Bir tomondan, yozishni biladigan biznesmenlar sinfi paydo bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan esa, qadimgi Shumerda savdo operatsiyalari va tijorat hisobotlarida, stixiyali savdo munosabatlarida yuzaga keladigan boshqaruv tizimini yaratish va tartibga solishda ishtirok etuvchi shaxslar sinfi paydo bo‘ldi.
Vavilon podshohi Xammurapining (eramizdan oldingi 1792– 1750 y.) hukmronlik yillarida davlat boshqaruvining Jami qonunlari ishlab chiqildi va kuchga kiritildi. Ushbu Jami qonunlarga muvofiq, davlat boshqaruvi diniy usuldan demokratik usulga o‘tkazildi. Ishlarning bajarilishi ustidan nazorat va javobgarlik kuchaytirildi.
Navuxodonosor II (eramizdan oldingi 605-562 y.) zamonida boshqaruvning davlat usullari bilan ishlab chiqarish va qurilish sohasidagi nazorat funksiyalarini o‘z ichiga oluvchi boshqaruv usullarining birlashuvi ro‘y berdi7.
Boshqaruv borasidagi maktablarning xizmatlari va qarashlarini bir tizimga solib, undan samarali foydalanishda B.Karlof juda muvaffaqiyatli ishlagan va shu borada uning xizmatlari kattadir. Boshqaruvga oid qarashlar rivojlanishining to‘liq xronologiyasi va boshqaruv faoliyatini tizimlashtirilgan ko‘rinishlari B.Karlof tomonidan quyidagicha keltirilgan (1-jadval)8.
7 Старобинский Э.Е. Как управлять персоналом. - М.: ЗАО "Бизнес - школа "Интел-Синтез", 1998.
8 Шу манбада
1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |