4-mavzu: Seminar mashg`ulotlari
Reja
Kirish
Biologiya ta’limida seminar mashg‘ulotlarinig ahamiyati
Seminar mashg‘ulotiga tayyorlanish
Seminarni o‘tkazish, yakunlash
Seminar- o‘quv jarayonining tashkiliy shakllaridan biri bo‘lib, undagi mavzuni o‘quvchilar turli manbalar yordamida o‘rganib, munozara, muhokama qilish orqali o‘zlashtiradilar. Seminar mashg‘ulotlari dars materiallarini chuqur o‘zlashtirishga, xizmat qiladi. Undan tashqari, seminar jamoa tarzida bajaradigan mustaqil ishlarining shakllaridan biri sifatida o‘quvchilarning amaliy malakalarini rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi.
Seminar mashg`ulotlari o`quvchilarning o`rganiladigan mavzu bo`yicha adabiyotlardan foydalanishi, turli faktlar, nazariy materiallar to`plashi, ulardan xulosalar chiqarishi, o`z qarashlarini boshqalarga tushuntirishi, o`rtoklarining mavzu bo`yicha javoblarini eshitishi, tahlil etishi, referatlar yozish kabi xislatlarini rivojlantiradi
Seminar mashg`ulotlari ta’lim jarayonida o`quvchilar faolliklarini hosil qilishga, o`quv materialini ongli ravishda puxta o`zlashtirishlariga xizmat qiladi.Bu mashg‘ulotlarga tayyorlanishda o‘quvchilarning mustaqil ishlash malakalari, darslik, ilmiy-ommabop adabiyotlar, qo‘shimcha, maxalliy materiallar bilan ishlash xususiyatlari ham rivojlanib boradi.
Biologiyadan quyidagi mavzularda seminar mashg`ulotlari tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
Organizmning tarixiy taraqqiyoti haqida nazariyaning qishloq xo`jalik ishlab chiqarishi, tabiat muhofazasi ishlaridagi ahamiyati.
Insonning biosotsial mohiyati.
Hujayra tiriklikning asosiy tuzilishi va hayot birligi ekanligi.
qishloq ho`jaligi ishlab chiqarishi va tibbiy masalalarni hal etishda genetik bilimlarning ahamiyati.
Ekologik sistemalar.
Evolyutsion nazariyaning genetik asoslari
7. Hujayra metobolizmi
Seminar mashg`ulotlari, odatda, suhbat yoki diskussiya ko`rinishida o`tkaziladi. Ushbu mashg`ulotlarni o`tkazishning eng muhim talablaridan biri - seminarga tayyorgarlikdir. O‘qituvchining seminarga tayyorlanishidagi asosiy vazifalariga;
Seminar mavzusini tanlash, uning maqsad va vazifalarini aniqlash;
Muhokama etiladigan masalalarni aniqlash;.
Seminar uchun tanlangan mavzularni o`quvchilarga taqsimlash;.
O`quvchilarga mashg`ulotlarga tayyorlanishda maslahatlar berish;.
Seminar mashg`ulotiga tayyorgarlikni kuzatib, o`quvchilarning savollariga javoblar topishga yordamlashib borish kabilar kiradi.
O`quvchilarni seminar mashg`ulotga tayyorlashda o`qituvchi o`quvchilarga o`rganiladigan mavzuning maqsad, vazifalari haqida axborot berib, o`quvchilarning seminar tayyorlashiga vazifalar topshiradi. Bu vazifa seminar o`tkazilishiga qadar 2-3 hafta avval beriladi. O`qituvchi seminarda o`rganiladigan mavzuni kichik bo`limlarga ajratib, ularni ayrim o`quvchilarga topshiradi. Seminar mashg‘ulotlarini samaradorligini oshirish uchun guruxdagi o‘quvchilarni 8-10 kishidan iborat kichik guruhlarga ajratish, har bir guruhga alohida-alohida topshiriqlar beradi. Ayni mavzu uchun zarur adabiyotlar ro`yxatini beradi.
Seminar mashg‘ulotlariga qanday tayyorlanish haqida o‘qituvchi o‘quvchilarga aloxida ko‘rsamalar beradi. “ Seminarga qanday tayyorlanish kerak?”deb nomlangan bu ko‘rsatmada:
seminar savollarini diqqat bilan o‘rganing. Adabiyotlar bilan tanishing;
berilgan adabiyotdan savollarga javoblar toping, joylarini yozib oling;
adabiyotlarda sizga notanish so‘zlar uchrasa ularni lug‘atlardan ma’nosini toping;
vaqtli matbuot saxifalarni ham ko‘zdan kechirib, unda seminar mavzuiga doir materiallarni tanlab oling;
mavzuga oid rasmlar,jadvallar toping, tayyorlang; kabilar bo‘lishi kerak.
Seminar mashg`ulotining muhim talablaridan yana biri unga sinfdagi barcha o`quvchilarni tayyorgarlik ko`rishga jalb etish hisoblanadi. Buning uchun boshqa o`quvchilarga ham kichik-kichik axborotlar tayyorlash, ko`rgazmali qurollar tayyorlash kabi topshiriqlarni berish lozim bo`ladi.
Seminar mashg`ulotlarini quyidagicha tartibda o`tkazilishi mumkin.
O`qituvchining kirish so`zi. Bunda seminar mashg`ulotining asosiy vazifalari, o`tkazish rejasi bilan o`quvchilarni tanishtiriladi.
O`quvchilarning mavzu bo`yicha ma’ruza va axborotlarini tinglash.
Ma’ruzalarni muhokama qilish.
Xulosalar chiqarish.
Uy topshiriqlari berish.
Seminar mashg`ulotlari, odatda, yuqori sinflarda tashkil etilib, o`quv materialini puxta o`zlashtirish, uzoq esda saqlash, o`zlashtirilgan bilimlardan amalda foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishda o‘qituvchi unda barcha o‘quvchilarni faol ishtirok etishlariga alohida ahamiyat berishi kerak. Seminarda o‘quvchilarning fikr- mulohazalarini eshitib bo‘liganidan so‘ng, bu mavzu bo‘yicha yana kimlar gapirishini so‘rash, ularga so‘z berish kerak. O‘qituvchi seminar mavzusi bo‘yicha o‘z fikr, mulohazalari bilan faol qatnashgan o‘quvchilarni faoliyatlarini ham hisobga olib borishi kerak. Mavzuning ba’zi ochilmay qolgan tamonlarini o‘qituvchining qo‘shimcha savollari bilan to‘ldiriladi.
Seminar mashg‘ulotining samaradorligini oshirishda tashkil etilgan guruhlardan retsenzentlar ajratish ham yaxshi natija beradi. Retsenzentlar berilgan mavzu bo‘yicha gurux o‘quvchilarining fikr-mulohazalarini tinglab, undagi yutuq va kamchiliklarni ko‘rsatishadi, qo‘shimchalar kiritishadi. Keyin navbat boshqa guruhga kelganda, bu guruxning chiqishini navbatdagi guruh retsenziya qiladi. Shunday qilinganda seminardagi barcha guruxlarning chiqishlarini, yutuq, kamchiliklarini o‘quvchilarning o‘zlari tahlil qilishadi.
Guruhlardagi seminar mavzusiga oid masalalarni retsenzentlar tahlil qilishda quyidagilarga:
So‘zga chiquvchilarni reglamentga (ajratilgan vaqtga) amal qilgani;
Mavzudagi masalalarni tushuntirishda uni mantiqiy yo‘nalishiga amal qilingani;
Ko‘rgazmali qurollardan foydalanish darajasiga;
Nutqning ravonligi, tushunarliligi, xissiy tomonlari;
Foydalanilgan adabiyotlarning yetarli yoki yo‘qligi kabilarga e’tibor beriladi.
Seminar mavzusi tarkibiga kirgan barcha savollarga javoblar eshitilib, muhokama qilingach, o‘qituvchi seminar bo‘yicha qisqa xulosalar chiqaradi, o‘quvchilar faoliyatiga baho beradi.
Mavzu bo‘yicha talabalarning bilimlarini sinash uchun savollar
Seminar mashg‘ulotlaridan qanday mavzularni o‘rganishda foydalanish maqsadga muvofiq?
Seminarga qanday tayyorgarlik qilinadi?
Seminar qanday o‘tkaziladi?
4. Seminarning samaradorligi qanday oshiriladi?
Mavzudagi asosiy tushunchalar
Seminar mashg‘uloti. Seminar uchun mavzular. Seminarga tayyorlanish. Seminarni o‘tkazish. Retsenzentlar, seminarning samaradorligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |