Interferonlar. Ko`pchilik turdagi viruslar ko`payishining ingibitorlaridir. Hozirda interferonlarning bir necha turi (α, β, γ) mavjud. Ularning ba’zilari gen injeneriyasi usulida olingan. Interferonlar hujayraga virus nuklein kislotasining kiritilishiga qarshi javoban hosil bo`lib, virusni tarqalishini chegaralaydi, saraton kasalligi bilan og`rigan bemorlarda asosiy himoya oqsili hisoblanadi.
Immunoglobulinlar. Immunoglobulinlar plazmatik hujayralarda limfotsitlarda sintezlanadi qarshi tanachalar(antitelolalar) glikoproteinlar sinfiga kirib, himoya vazifasini bajaradi, organizmga tushayotgan yot moddalarni –
kimyoviy tabiatga ega bo`lgan antigenlarni zararsizlantiradi. Immunoglobulinlarning 5 sinfi: IgG, IgM, IgA, IgD va IgE tafovut etiladi. Turli sinfdagi immunoglobulinlar molekula og`irligi, qondagi kontsentratsiyasi va biologik xususiyatlariga ko`ra farq qilinadi.
Oqsil-yog` komplekslari. Lipoproteidlar va proteolipidlar oqsillarning yog`simon moddalar bilan hosil qilgan komplekslaridir. Yog` oqsil komplekslari erkin lipoproteidlar (sut, qon lipoproteidlari) va memrana tarkibida bo`ladigan struktura proteolipidlariga bo`linadi. Lipoproteidlar suvda eriydi. Ularning strukturasi o`ziga xos bo`lib, yog`simon komponent molekulaning ichida, sirti esa oqsil qavat bilan qoplangan. Proteolipidlarda esa aksincha, oqsil komponenti ichkarida bo`lib, sirti yog` modda bilan o`ralgan. Shuning uchun ular yog` erituvchilarda eriydi. Lipoproteidlar tarkibida neytral yog`lar, erkin yog` kislotalari, fosfolipidlar va xolesterin topilgan.
Lipidlarning oqsil bilan hosil qilgan komplekslari zarrachalarining kattaligi, eruvchanligi va boshqa fizik-kimyoviy xossalari bilan farqlanadilar. Elektroforezda plazma oqsillari, alfa- va beta-fraktsiyalari bilan birga siljiygani uchun ular alfa- va beta- lipoproteidlar deb ataladi. Yog`lar hazm qilinib, ingichka ichakdan limfaga
so`rilib, so`ng qonda paydo bo`ladigan xilomikronlar (diametri 1 mikronga yaqin tomchilar yoki zarrachalar) ham lipoproteid kompleksidan iborat.
Lipoproteidlar strukturasida qutblanmagan triasilglitserin va xolesterin efirlari kompleksini saqlaydi. Polipeptid bo`lagining suvda eriydigan gidrofil qismlari fosfolipidlardan tashkil topgan. Ular zarracha ichiga berkitilgan holatda bo`ladi. Shuning uchun lipidlarga boy bu tuzilma suvda erish qobiliyatiga ega va yog` moddalarini ingichka ichakdan yog` depolariga va boshqa to`qimalarga qon orqali tashish uchun qulaydir.
Qon lipoproteidlari xilomikronlardan tashqari uchta asosiy guruhga bo`linadi: zichligi juda past lipoproteidlar (ZJPLP) – pre-beta-lipoproteidlar, zichligi past lipoproteidlar (ZPLP) – beta-lipoproteidlar va zichligi yuqori lipoproteidlar (ZYLP) – alfa-lipoproteidlar.
Xilomikronlar, pre-beta-lipoproteidlar va beta-lipoproteidlar molekulasida oqsil miqdori 30% dan kam, alfa-lipoproteidlarni 50% oqsil tashkil etadi. Oqsillar alfa-lipoproteidlarda o`ramli, beta-lipoproteidlarda esa qatlamli konfiguratsiya ko`rinishida bo`lishi taxmin etiladi. Lipoproteidlar tasnifi lipoproteid kompleksining zichligiiga asoslangan. Zichlik birligi esa o`z navbatida oqsil va turli lipidlarning nisbatiga bog`liq. Lipidlarning miqdori qancha ko`p bo`lsa, lipoproteidlarning zichligi shunchalik past va ular qon plazmasini sentrifugalash davomida yuqori qismiga suzib chiqadilar.
Tibbiyotda qon plazmasi tarkibidagi lipoproteidlar fraktsiyalari miqdorini aniqlash katta ahamiyatga ega. Ateroskleroz nomli og`ir va keng tarqalgan yurak-tomir kasalligini paydo bo`lishi qonda ZPLP miqdorining ortishiga bog`liqligi tasdiqlanmoqda. Bunga plazma lipidlari tarkibidagi xolesterin va uning efirlarini qon tomirlarining ichki yuzasida o`tirib qolishi sabab bo`lmoqda.
Strukturali lipoproteidlar biologik membranalar tarkibiga kiradi. Ularning fizik-kimyoviy xossalariga ko`ra proteolipidlar deb ataladi, chunki ular qutbsiz erituvchilar (xloroform-metanol 1:1 aralashmasi) da eriydi. Proteolipidlarning bunday xossasi ular molekulasining ichki qismini 65-85% oqsil, qobig`ini esa lipid komponenti tashkil etganligidandir. Proteolipidlar yurak, buyrak, o`pka, skelet
muskullarida, o`simlik hujayralarida, ko`proq nervlarning miyelinli qobiqlarida aniqlangan. Turli organlardagi proteolipidlar tarkibi turlicha. Ular nerv tolalarining fiziologik vazifalarini ta’minlashda va moddalarni membranadan o`tkazilishida ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |