Falsafa umumiy metodologiya sifatida
Falsafa bilish va amaliyotning universal tamoyillarini o‘rganishi bilan ham umumiy usul,
ham metodologiyadir.
Inson o‘zining amaliy va bilish faoliyatida qanday yo‘l va usullar bilan u yoki bu natijaga
erishishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylamasligi mumkin emas. Avval boshdanoq maqsadga
yo‘nalganlik xos bo‘lgan inson faoliyatining o‘zi o‘zining universal xususiyati sifatida
usullashtirishni nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, gap, turli usullarning inson hayotida
muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida ketayapti. Buni keng ma'noda, har xil masalalar
(kundalik, nazariy, pedagogik, texnik va boshqalar)ni hal qilish uchun qo‘llanadigan
umumlashtirilgan yo‘l, usul va tamoyillarning majmui sifatida tushunish kerak.
Eng oddiy uslubiy rejalar bashariyat ibtidosidayoq amaliy faoliyat usuli sifatida vujudga
kelgan. Ma'lum bosqichda, bilish, jumladan falsafa sohasida ham usullar shakllangan.
Adabiyotlarda xususiy ilmiy, umumiy ilmiy va umumiy usullar farqlanadi. Falsafa bularning
oxirgilariga taalluqlidir. Nima uchun falsafani eng umumiy usul sifatida tavsiflash mumkin?
Birinchidan, fanlarga tegishli xususiy ilmiy va umumiy ilmiy usullardan farqli o‘laroq,
falsafa faqat fanga emas, balki san'at,siyosat kabi inson hayotining boshqa jihatlariga ham
o‘zining metodologik ta'sirini ko‘rsatishi bilan ajralib turadi. Ikkinchidan, falsafiy usullar
amalda qo‘llanadigan, bilishda qo‘llanadigan usullardan farq qilgan holda insonning ham
amaliy, ham bilish faoliyatini qamraydi.
Falsafa faqat usul emas, balki metodologiya, ya'ni tamoyillar tizimi va tashkil topish
usullari, bilish va amaliy faoliyat tuzilishi, shuningdek ushbu tizim to‘g‘risidagi ta'limot ham
hisoblanadi. Bilish va tafakkur rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etgan usullar va
tushunchalar aynan falsafa doirasida kashf qilingan va ishlab chiqilgan. XVIII asrga qadar
haqiqiy bilimga erishishning universal usuli deb hisoblangan Arastu mantiqini, F.Bekonning
tajribaviy-induktiv usulini, R.Dekartning deduktiv-ratsionalistik usulini, Xegelning dialektik
usuli kabilarni misol keltirish yetarlidir.
Falsafaning metodologik vazifasi uning dunyoqarash vazifasi bilan chambarchas bog‘liq.
Bu falsafada shakllangan olam manzarasining ayni bir paytda metodologiya ham bo‘lib, inson
tafakkuri va xulqiga, faoliyatning turli sohalari (fan, san'at, siyosat va hokazolar)ga
metodologik ta'sir etishini anglatadi. Shunday qilib, falsafa o‘zining metodologik vazifasini
amalga oshirib, tafakkur va xulq usullarining vujudga kelishi hamda shakllanishida bevosita
qatnashadi. Bu usullar har bir tarixiy davr o‘zini anglaydigan va ifodalaydigan shakllardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |