Falsafa tanqid sifatida
Falsafa dunyoni ideallar (bo‘lishi kerak) nuqtai nazaridan baholab, buni tanqid orqali
amalga oshiradi. Falsafa o‘zining birinchi qadamini shubhadan boshlagan. Falsafaning
falsafagacha bo‘lgan davrdagi dunyoqarashdan (afsonaviy, diniy) asosiy farqlaridan biri mana
shudir. Ilk davrning Misr, Bobil va Hindistondagi falsafagacha bo‘lgan davr matnlaridayoq
diniy e'tiqodning haqiqiyligiga, ijtimoiy hayot negizlarining adolatliligiga shubhalarni
uchratish mumkin. Faylasuflardan birinchi bo‘lib Suqrot (er.av.470-399 yillar) barqaror
tasavvurlarga: «Men hyech narsani bilmasligimni bilaman» deya shubha bilan qaradi. Suqrot
savol-javob orqali odamlar bilan bahslashib, suhbatdoshi tasavvurlarining yuzakiligini fosh
qiladi va ularning mutlaq haqiqat deb qabul qilganlari aslida bor-yo‘g‘i har kungi mulohaza
ekanligini e'tirof etishga olib kelgan.
Yangi davrda qator yevropalik faylasuflar (F.Bekon, R.Dekart, I.Kant) shubha va tanqidni
maxsus ko‘rib chiqish mavzusiga aylantirganlar. Falsafa nimadandir shunchaki
shubhalanmaydi va nimanidir shunchaki tanqid qilmaydi. U dunyoqarash bo‘lgani holda
dunyoqarashning barcha tarkibiy qismlari (bilim, burch, ishonch va boshqalar)ni umumiy
shubha va tanqid ostiga oladi. Shu bois falsafa hamisha «Haqiqatdan ham men bilamanmi?»,
«Haqiqatdan ham men majburmanmi?», «Haqiqatdan ham men ishonamanmi?» deb savol
beradi.
Falsafa dunyoqarash asoslariga shubha bilan, ularni tanqid qilishga o‘tadi. O‘zining
tanqidiy vazifasini bajara turib, falsafa mavjud voqyelikni tanqid ostiga oladi va yangilikning
tug‘ilishiga sharoit yaratadi. Falsafa borliq va tafakkurning mavjud borlig‘ini tanqidiy tahlil
qilib, shubha urug‘ini qadab, fuqaroning ijodkoriy ongining shakllanishiga sharoit yaratadi.
Oldindan belgilangan o‘zgarmas qonun-qoidalarga asoslangan an'anaviy jamiyatlarda,
hamda boshqaruvning demokratik bo‘lmagan usullari (totalitar, avtoritar tartib)ga asoslangan
jamiyatlarda tafakkurning tanqidiy yo‘nalishi bunday tafakkur egasi uchun xavflidir. Bunday
jamiyatlarda itoat qilish va bajarish kabi sifatlar qadrlanadi. Tanqidiy tafakkurni nigilizm va
tanqidbozlikdan farq qila bilish kerak. Tanqidbozlik tafakkur madaniyatining pastligidan,
uning «tanqid uchun tanqid»da namoyon bo‘ladigan destruktiv xususiyatlardan dalolat beradi.
Madaniy falsafiy tafakkur tanqidni predmetlarni nigilistik uloqtirishga olib kelmasdan, balki
uning ichki o‘zaro aloqasini tadqiq etadi. Shu bois falsafiy tanqid hamisha tahlil hamda
predmetning mantig‘i va rivojlanish dinamikasini chuqur mulohaza qiluvchi jarayondir.
Do'stlaringiz bilan baham: |