KIRISh
Ma'lumki, falsafa inson ma'naviy hayoti va bilimlarining qadimiy tarmog‘i hisoblanadi.
Barcha mamlakatlar va mintaqalardagi odamlar qariyb uch ming yildan buyon turli
shakllarda, avval afsonalar shaklida, keyinchalik muayyan nazariy tuzilmalar tizimi va bir
butun konsepsiyalar shaklidagi «insonni o‘rab turuvchi olam aslida nima hamda unda inson
qanday o‘rin va vazifani egallaydi?» degan savolni ko‘ndalang qo‘yadi va bu savolga javob
berishga urinadi. Hozir, XXI asr boshida ham dunyoda ko‘rsatib o‘tilgan savollarga javob
berishga urinuvchi ko‘plab nazariy konsepsiyalar mavjud. Shuni ta'kidlash joizki, o‘tmishdagi
va hozirgi kundagi falsafiy qarashlar ko‘p jihatdan bir-biridan farq qiladi. Biroq shunday bir
umumiylik ham mavjudki, u mazkur savollarni aynan falsafiy savollarga tenglashtirish
imkoniyatini beradi. Bu umumiylik «Olam va odam», «Men – Men emas», «Men – U» degan
masalalarni qo‘yish va ularga javob berishdan iborat. Falsafa tarixining har bir bosqichida, har
bir falsafiy tizimda inson mazkur savollarga oid javoblardan haqiqat zarralarini izlab topishga
urinadi. Aynan mana shu zarralar falsafiy bilim tuzilmasiga kiritilib, har bir muayyan
bosqichda umuman falsafa asoslarini tashkil etadi. Taqdim etilayotgan mazkur darslikda
aynan mana shu asoslar to‘g‘risida so‘z boradi.
Mazkur kitob M.Ahmedova va V.Xan tahriri ostida Toshkentda 2004 yilda «Mehnat»
nashriyotida 31 bosma taboq hajmida nashr etilgan «Osnovы filosofii» darsligi asosida
yaratildi.
Ushbu nashrda mutaxassislar va keng kitobxonlar ommasi tomonidan qilingan mulohaza
va takliflar hisobga olingan. Shu bilan birgalikda ilgarigi nashrning asosiy yo‘nalishlari saqlab
qolingan. Ular quyidagilardan iborat:
Birinchidan, O‘zbekistonda sobiq ittifoq davridagi falsafa rivojining o‘ziga xos
xususiyatlariga tavsif berilgan, mamlakatimizdagi falsafa ilmining og‘riqli nuqtalari va yangi
muammolari yangi davrning asosiy tamoyillari hamda O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi
bosqichi nuqtai nazaridan belgilab berilgan.
Ikkinchidan, falsafa tarixiga oid bo‘lim to‘ldirildi. Zamonaviy g‘arb falsafasiga doir
materiallarga neokantchilik, hayot falsafasi, teyyardizm, pragmatizm, postpozitivizm,
neomarksizm va boshqa shu kabi yo‘nalishlar kiritildi. Sharq falsafasiga oid bo‘lim
kengaytirildi. MDH darsliklaridan, va umuman dunyodagi boshqa mamlakatlardagi
darsliklardan farqli ravishda mazkur darslikda qadimiy Hindiston, Xitoy va Yaqin Sharq
mamlakatlarining o‘ziga xos dunyoqarashlar tizimlari bilan bir qatorda Uzoq Sharq
mamlakatlarining (Quriya va Yaponiya mamlakatlarining) dunyoqarashlariga oid an'analar
ham ko‘rsatib o‘tilgan. O‘rta asrlar falsafasi bo‘limiga birinchi bor Hindiston, Xitoy, Quriya
va Yaponiya falsafasi to‘g‘risidagi materiallar kiritildi. Ilk bor XX asr zamonaviy sharq
falsafasi to‘g‘risidagi paragraf ham kiritildi. Zamonaviy jahon falsafasining «Sharq-G‘arb»
muloqoti tizimidagi sintetik tamoyillar ko‘rsatib berildi.
Uchinchidan, texnika falsafasi va ijtimoiy falsafani rivojlantirish nazariyasiga oid qismlar
jiddiy ravishda kengaytirildi va quyidagi yangi mavzular kiritildi: tarix falsafasi, madaniyat
falsafasi,
siyosat falsafasi,
huquq falsafasi,
axloq falsafasi, san'at falsafasi, din falsafasi.
To‘rtinchidan, ijtimoiy falsafa bo‘limiga suveren O‘zbekistonning turli sohalardagi
(iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma'naviy sohalardagi) va jahon tamoyillari nuqtai nazaridan
rivojlanish tajribasini falsafiy tahlil qilishga taalluqli alohida bo‘lim, paragraflar va kichik
paragraflar kiritildi. Jamiyat hayotida milliy g‘oya va mafkuraning roli ko‘rib chiqildi.
Darslikning quyidagi mavzulardagi boshqa qismlari ham yangilandi: «Falsafa: predmeti,
tuzilishi, jamiyatdagi vazifasi va roli», Falsafa genezisi», «Jadidchilik», «Odamning kelib
chiqishi», «Qadriyatlar falsafasi» va boshqalar.
Darslik quyidagi tarkibdagi mualliflar jamoasi tomonidan tayyorlandi: