Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
toʻzdirgan shamolday, erkin boʻlsa. Istagim, u bulutlardan, yirtqichlardan va suvdan ayri
tushmasa.
Santyago angliyalikni izlashga tushdi. Boʻzbola unga Fotima haqida gapirib berishni
xohlardi, angliyalikni koʻrib ajablandi: u chodirining biqiniga oʻchoq oʻrnatib, ustiga
shisha idish qoʻyibdi. Angliyalik oʻchoqqa oʻtin qalab, olovning yonishini toʻxtatmas va
sahroga qarab-qarab qoʻyardi. Uning koʻzida uchqun paydo boʻlgan, kitobdan bosh
koʻtarmay yurgan kunlarda bu sezilmasdi.
— Bu ishning birinchi bosqichi, — tushuntirdi u Santyagoga. — Notoza oltingugurtni
ajratish kerak. Muhimi — hech ish chiqmasligidan qoʻrqmaslik zarur. Men shu kungacha
qoʻrqib kelganim uchun Ulugʻ Ijodga qoʻl ura olmadim. Hozir qilayotgan bu ishni oʻn yil
burun amalga oshirish mumkin edi. Oʻn ikki yil emas, oʻn yil kutganim ham bir baxt.
Shunday deb u oʻchoqqa oʻtin joylab, sahroga tagʻin qarab-qarab qoʻydi. Santyago uning
yonida botayotgan quyoshning nurlari qumni qirmizi tusiga boʻyaguncha oʻtirdi. Shunda
uning yuragida oʻsha yoqqa, sahroga ketish ishtiyoqi alanga oldi, sahro sukunati uning
savollariga javob topib bera bilarmikan, shuni sinamoqqa shaylandi.
U uzoq sandiraqlab yurdi, ora-sira vohani koʻzdan qochirib qoʻymadimmi deb, orqasiga
burilib xurmo daraxtlariga qarab-qarab qoʻydi. U shamolning ovozini eshitdi, oyogʻining
ostida toshlarni his etdi. Ba’zan chigʻanoqlarga koʻzi tushdi — bir zamonlar, qadim-
qadimda sahroning shu joyida dengiz boʻlgan. Keyin tosh ustiga oʻtirdi va xuddi
sehrlanganday nigohini ufqqa qadadi. U sevgini visoldan ayri holda tasavvur eta olmasdi,
biroq Fotima sahro qizi, agar uning qalbida visol ishtiyoqi paydo boʻlsa, bu faqat
sahroning sharofati tufayli.
Boʻzbola shu zayl, hech narsa haqida oʻylamay, boshi ustida yengilgina shamol esib
oʻtganini payqaguncha oʻtirdi. Osmonga qaraganda tepada charx urib uchayotgan bir juft
qirgʻiyni koʻrdi.
Santyago ularning parvozini ancha kuzatib, samoda ajib kashtalar chizib
uchishayotganidan zavqlanib oʻtirdi. Aftidan, qirgʻiylarning charx urib uchishida biror-
bir ma’noyu maqsad yoʻqday, biroq boʻzbola ularning parvozida qandaydir mazmun
yashiringanini his etdi, faqat bu nimaga ishora ekanini aytib berolmasdi. U qirgʻiylarning
harakatini koʻzini uzmay kuzatishga qaror qildi — ehtimol, shunda ularning tilini
tushunib olar. Balki shunda sahro unga visoldan xoli sevgi nimaligini ayon etar.
Tuyqusdan uni uyqu bosa boshladi. Yuragi esa bunga monelik qilib: «Sen Umum Tilidan
voqif boʻlishga yaqin turibsan, bu oʻlkada hamma narsaning, hatto qirgʻiylarning
koʻkdagi parvozining ham mohiyati bor», derdi goʻyo. Santyago qalbiga muhabbat ato
etgani uchun taqdiriga shukr qildi.
«Sevganingda olamdagi narsalarning ma’no-mazmuni yanada toʻlishadi», — Oʻyladi u.
Do'stlaringiz bilan baham: |