Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qoʻshinning bizga
yaqinlashib kelayotganini xabar qil.
— Ular ustimdan kulishadi.
— Yoʻq, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni
e’tiborsiz qoldirishmaydi.
— U holda hammasi ularning oʻziga ayon boʻlgandir.
— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir
bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham koʻp
marta shunday boʻlgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.
Santyago Fotimani oʻyladi va vohada joylashgan qabila boshligʻining qoshiga borishga
qaror qildi.
—Meni boshliqlar oldiga oʻtkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida
turgan soqchiga. — Sahroda men alomatlarni koʻrdim.
Soqchi bir soʻz demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq
zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga oʻziga koʻringan
manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tagʻin ichkariga kirib ketdi.
Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Koʻp
oʻtmay gulxanlar ham oʻchdi va vohaga asta-sekin jimjitlik choʻkdi. Faqat kattakon
chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida oʻyladi,
garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilgʻay olmagan boʻlsa-da.
Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qoʻyishdi.
Chodirda koʻrganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq oʻrtasida bunday joyni
koʻraman, deb hech oʻylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof
oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari toʻrda gul
tikilgan ipak yostiqlarga yonboshlab oʻtirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda
shirinliklar va choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor boʻlib
turishibdi, havodan tamaki tutunining yengil xushboʻy hidi taraladi.
Santyagoning roʻparasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — Oʻrtada oʻtirgan
zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bilan
gaplashgan yigit oʻtiribdi.
— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — soʻradi qabila boshliqlaridan biri.
— Menman, — javob qildi Santyago va koʻrganlarini aytib berdi.
— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning
ajdodlarimiz yashab oʻtgan boʻlsa? — soʻradi boshqa bir qabila boshligʻi.
— Chunki mening koʻzlarim hali sahroga koʻnikmagan, bu yerliklar payqamagan
narsalarni koʻradi, — dedi Santyago va koʻnglidan: «Boz ustiga menga Olam Qalbi
ochilgan», degan gap oʻtdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |