Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
modomiki, qoʻlga olingan ekan, u shunchaki qayta joyiga qoʻyilmaydi, qurol dushman
qonini tatishi kerak. Zotan, qurol sahroday injiq narsa, keyingi safar otishdan, chopishdan
boʻyin tovlashi mumkin. Agar ertaga bizning qurolimizga ish topilmasa, biz uni senga
qarshi ishlatamiz.
Boʻzbola chodirdan uzoqlashganda vohani faqat toʻlin oy yoritib turganini koʻrdi. U
yashab turgan chodirgacha yigirma minutli yoʻl bosib oʻtilardi, u chodiri tomon yurdi.
Boʻlib oʻtgan voqeadan u tashvishga tushdi. U Olam Qalbiga uygʻunlasha oldi va
shuning evaziga, ehtimol, endi oʻz hayotini berib qutular. Bu juda qimmatga
tushmaydimi? Biroq uning oʻzi tanladi buni, Oʻz Taqdiri yoʻlidan bormoqchi boʻlib
qoʻylarini sotdi. Tuyakash aytganiday, bir boshga bir oʻlim... Baribir emasmi: ertaga
oʻlding nima-yu, boshqa kuni oʻlding nima? Yashaydigan yoki qazoyingni topadigan har
qanday kun ma’qul aslida. Hammasi «Maktub» soʻziga bogʻliq.
Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi.
Mabodo ertaga oʻlib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini oʻzgartirishni xohlamagan
boʻladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: boʻgʻozdan suzib oʻtdi, doʻkondagi
ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning koʻzlaridagi ma’noni
uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni boʻsh, samarasiz ketgani yoʻq. Agar ertaga
koʻzlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa choʻponlardan koʻra koʻp
narsalarni koʻrib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.
U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati uni
yerparchin qildi. Qum toʻzoni oyni bekitdi. Boʻzbola roʻparasida turgan haybatli oq otni
koʻrdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik choʻpchigancha qattiq kishnardi.
Qum toʻzoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha oʻzi his etmagan qoʻrquv dahshati
chulgʻab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirgʻiyni qoʻndirgan suvori
oʻtirardi. Uning yuzi burkangan, faqat koʻzlari koʻrinadi. Novchaligini aytmaganda, u
karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir boʻlayotganidan yoʻlovchilarni xabardor qilgan
badaviylarning biriga oʻxshardi.
Oy shu'lasi egilgan tigʻda jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tangʻib boylangan
qilichni qoʻliga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan
guldurosli ovozda hayqirdi:
— Qirgʻiylar parvozining ma’nisini ilgʻamoqqa jur'at qilgan kim?
— Men, — javob qildi Santyago.
Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar Gʻolibi, tuyoqlari bilan gʻayridinlarni
toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan oʻxshab ketdi.
Hammasi sirtdan aynan oʻxshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.
— Men, — takror aytdi u va qilichning zarbini kutib boshini egdi. — Koʻp kishilarning
joni omon qolardi, biroq siz Olam Qalbiga uygʻun keladigan qarorni qabul qilmadingiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |