Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Uning gaplari Santyagoga keksa Malkisidqni eslatdi.
— Jangchilar bu yerga kelishgan chogʻda, agar boshing omon boʻlib tursa, meni izla, —
dedi suvori.
Boya qilich dastasini tutib turgan suvori qoʻlida qamchi koʻrindi. Ot tagʻin tuyoqlaridan
toʻzon koʻtarib, yeldi.
— Sen qaerda yashaysan, — uning ortidan qichqirdi Santyago.
Suvori yelib borayotgan ot ustida qamchi bilan janubga ishora qildi.
Boʻzbola Alkimyogarni uchratgan edi.
Ertasi kuni tongda El-Fayum vohasi xurmozorlarida qurollangan ikki ming kishi saf
tortdi. Ufqdan besh yuztacha jangchining qorasi koʻringan pallada quyosh hali uncha
koʻtarilmagan edi. Otliqlar vohaga shimol tarafdan kirib kelishdi, ular oʻzlarini goʻyo
tinchlik istab kelishayotganday qilib koʻrsatishar, qurollarini oq yaktaklari tagiga bekitib
olishgandi. Qabila boshliqlarining kattakon chodiriga yetib kelishgan paytda ularning
qoʻllarida qurollar va qayrilma qilichlar paydo boʻldi. Biroq chodir boʻm-boʻsh edi.
Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan soʻng qumda toʻrt yuz
toʻqson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining
duo-yu jonini qilib oʻtirishgan ayollar qatori hech nimani koʻrishmadi. Halok
boʻlganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm
surardi.
El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolgʻiz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar
boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding,
deya soʻrashdi. U bir necha kunga choʻzilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan
jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, oʻzlariga kelib, keyin yana urushni
boshlamoqchi boʻlishganini aytdi.
Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yoʻq,
dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli
oʻzgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.
Harbiy sardorni sharmandali oʻlimga hukm etishdi: oʻqni ham, qilich zarbini ham unga
ravo koʻrishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning
jasadini ancha vaqt tebratib turdi.
Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana
Yusufning tarixidan soʻzlab berdi va boʻzboladan oʻziga Bosh Maslahatchi boʻlishini
soʻradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |