Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy toʻlishgan palla
edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yoʻlida duch
kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga oʻtirib olib,
kuta boshladi.
Alkimyogar ha deganda qorasini koʻrsatmadi — oy esa allaqachon tepaga koʻtarilib
ketgandi. Nihoyat Alkimyogar koʻrindi, uning yelkasida bir juft oʻlgan qirgʻiy osilib
turardi.
— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.
— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yoʻllagan boʻlsa?
— Urush boʻlayapti. Men sahrodan oʻtolmayman.
Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining
shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha
ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga koʻz yugurtirib metall eritadigan
qozon va koʻrani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha toʻzigan
kitobdan boshqa narsa koʻzga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib toʻqilgan gilam
tashlangan edi.
— Oʻtir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirgʻiylarni pishirib
ovqatlanamiz.
Boʻzbola bular oʻsha — u yaqindan uchib yurganini koʻrgan qushlar boʻlsa kerak, deb
oʻyladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar oʻchoqni yoqdi va hayal oʻtmay chodirga
parranda goʻshtining xushboʻy hidi taraldi. Bu tamaki hididan koʻra yoqimliroq edi.
— Qanday meni istab kelding?
— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening
yordamim zarurligini aytdi.
— Yoʻq, bu men emas, balki boshqa yoʻlovchi — angliyalik. Seni izlagan oʻsha.
— Meni topgunicha u koʻp kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u toʻgʻri yoʻldan
borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yoʻq.
— Men-chi?
— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging roʻyobga chiqishiga xayrixohlik
qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning soʻzlarini takror aytdi va boʻzbola Oʻz
Taqdiri yoʻlidan borishga koʻmaklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.
— Sen menga ta’lim berasanmi? — soʻradi u.
— Yoʻq. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yoʻllayman, xolos.
— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.
— Sahro menga tanish.
— Men xazinamni topganman. Menda tuya va pul bor, ularni billur savdosi bilan
shugʻullanib, ishlab topganman, yana elliktacha tilla tangam bor. Endi yurtimda men boy
hisoblanaman.
— Biroq bular seni ehromlarga bir odim ham yaqinlashtira olmaydi, — eslatdi
Alkimyogar.
— Mening Fotimam bor. Bu xazina qolgan hamma boylikdan ustun.
Do'stlaringiz bilan baham: |