Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Undan ehromgacha boʻlgan yoʻl ham uzoq.
Ular jim qolishdi va ovqat yeyishga kirishishdi. Alkimyogar shisha idishning tiqinini
ochib, Santyagoning stakaniga allaqanday qizil suyuqlik quydi. Bu vino ekan, boʻzbola
umrida hali bunaqasini tatib koʻrmagandi. Biroq Qonun vino ichishni ta’qiqlaydi.
— Odamning ogʻzidan kirgani emas, balki ogʻzidan chiqqani yomon, — dedi
Alkimyogar.
Vino ichib Santyago yayradi. Biroq Alkimyogar hanuz uni sergaklantiradigan gaplarni
aytardi. Ular chodirning eshigi oldida yonma-yon oʻtirishib, toʻlin oy yogʻdusida
yulduzlarning xira tortib borayotganini kuzatishardi.
— Ich yana — bu seni chalgʻitadi, — dedi Alkimyogar, vinoning boʻzbolaga ta’sir
qilganini payqab. — Kuchingni yigʻ, jang oldidagi jangchiday. Biroq unutma, sening
yuraging u yoqda, xazina yotgan joyda. Uni topish kerak, bu yoʻlda nimaniki tushunib
yetsang, his etsang, barchasi mazmun-mohiyat kasb etadi. Ertaga tuyangni pulla va ot
sotib ol. Tuyalarning fe’li bemaza: charchoq nimaligini bilmay loʻkillagani-loʻkillagan.
Keyin tuyqusdan tappa yotib oʻlib qoladi. Ot esa sekin-asta toliqadi. Yoʻrgʻalashiga qarab
yana qancha yurishini va qachon yiqilishini bilsa boʻladi.
Oradan bir kun oʻtib, kech kirganda Santyago, otni yuganidan yetaklab, Alkimyogarning
chodiriga keldi. Shu orada Alkimyogar ham chiqib keldi, otiga mindi, qirgʻiy esa uning
chap kiftidan joyini egalladi.
— Menga sahroda tiriklik alomatini koʻrsat, — dedi u. — Bu yerda tiriklik alomatini
topa olgan kishigina xazinani qoʻlga kiritadi.
Ular oydinda qum tepalar oralab yoʻlga tushishdi. «Buni uddalashim qiyin, — Oʻyladi
Santyago. — Men sahroni bilmasam, undagi tiriklik alomatini topolmayman».
U Alkimyogarga qarab bu haqda gapirmoqchi boʻldi, biroq choʻchidi. Ular boʻzbola
qirgʻiylar parvozini kuzatgan toshlar yoniga kelishdi.
— Uddalay olmayman deb qoʻrqaman, — dedi Santyago baribir ichidagini yashirib
oʻtirmay. — Sahroda tiriklik alomati borligiga ishonchim komil, biroq uni men topa
olmayman.
— Tiriklik yashashga chorlaydi, — dedi unga javoban Alkimyogar.
Boʻzbola uni tushundi, yuganni boʻshatdi va ot qum, tosh oralab oʻziga yoʻl topib yura
boshladi. Alkimyogar otning izidan yurib kelardi. Shu zayl yarim soat oʻtdi. Xurmozorlar
ortda qoldi, ulkan qoya toshlardan boshqa hammasi barkashday oy yorugʻida koʻzdan
gʻoyib boʻldi. Nihoyat, Santyagoning oti toʻxtadi — bu yerga boʻzbola burun kelmagan
edi.
— Bu yerda tiriklik alomati bor, — dedi u Alkimyogarga. — Menga sahroning tili
tushunarsiz, biroq otim tiriklik tilini tushunadi.
Ular shoshilishdi. Alkimyogar sukut saqlardi. Toshlarga nazar tashlab, u vazmin qadam
tashlardi. Keyin birdan toʻxtadi va ehtiyot boʻlib egildi. Toshlar orasida yer yorigʻi
Do'stlaringiz bilan baham: |