"Mustaqil yurt farzandlari, ona vatan seni chorlaydi" nomli umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbiri bo‘yicha tavsiya 25 may barcha umumta’lim maktablarida o‘quv yilining so‘nggi kuni



Download 51.5 Kb.
Sana24.06.2017
Hajmi51.5 Kb.
“Mustaqil yurt farzandlari, ona vatan seni chorlaydi” nomli umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘yicha tavsiya 25 may barcha umumta’lim maktablarida o‘quv yilining so‘nggi kuni. Minglab o‘quvchilar qadrdon maskani bilan vaqtincha xayrlashsa, bitiruvchi yigit-qizlar esa ta’limning keyingi bosqichiga yo‘llanma oladi. Shu ma’noda bu yilgi so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirining “Mustaqil yurt farzandi, Ona Vatan seni chorlaydi” deb nomlanishi bejiz emas. «So‘nggi ko‘ng‘iroq»ni uzoq vaqt bitiruvchilar yodida saqlana­digan qilib o‘tkazish lozim.

Tadbir davomida xavfsiz­likni mahalla faollari, pos­bonlar, “Kamolot” YIH va ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda ta’minlash kerak. Pirotexnika vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmas­ligi zarur.

Yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ta’lim-tarbiya olishi davlatimizning doimiy diqqat e’tiborida ekanini, Prezidenti­miz tashabbusi bilan ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar aynan shu ezgu maqsadga xizmat qilayotganini tadbir mazmuniga singdirish maqsadga muvofiq.

Bayram o‘tkaziladigan joy ona Vatanimiz haqida, Pre­zidentimizning o‘quvchi-yoshlarga qarata aytgan samimiy so‘zlari va barkamol avlodni ilm-hunarga chorlovchi xalq hikmatlari bitilgan plakatlar; «Mustahkam oila yili»ga bag‘ishlangan turli bukletlar; quyi sinf o‘quvchilari tayyorlagan devoriy gazetalar, bayramona fotosuratlar, kasb tanlashga oid to‘garak ishlaridan namunalar; «Sizga ehtirom, ustoz-murabbiylar!», «Maktabimiz — bir umr qalbimizda!», «Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchilar!» kabi shiorlar, rang-barang sharlar, gullar va bayroqchalar bilan bezatilishi tavsiya etiladi.

Tantanada o‘z qobiliyatini bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari, sport musobaqalarida namoyon qila olgan o‘quvchilar alohida taqdir­lanadi. Shuningdek, “Eng ibratli bola”, “Eng faol o‘quvchi”, “Ijodkor o‘quvchi”, “Yosh ixtirochi”, “Eng zukko o‘quvchi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter ustasi”, “Shaxmat ustasi” kabi nominatsiyalar tashkil etish bitiruvchilar va ularning ota-onalariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlashini nazarda tutish kerak.

Bayram tadbirida ta’lim muassasasining rahbari “Mustaqil yurt farzandi, Ona vatan seni chorlaydi” mavzusida ma’ruza qiladi. Ma’ruzani tayyorlashda ta’lim tizimidagi islohotlar, “Yuksak bilimli va intellektual rivoj­langan avlodni tarbiyalash — mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusidagi xalqaro konfe­rensiyaning mazmun-mohiyati xususida alohida to‘xtalish joiz. Xorijlik yirik mutaxassislarning bildirgan fikr-mulohazalari haqida ham qisqacha ma’lu­mot berib o‘tish kerak. Shuningdek, davlatimiz tomo­ni­dan yara­tib berilayotgan imkoniyat­larga har bir o‘quv­chi a’lo baho va namunali xulqi bilan javob qaytarish lozimligi uqtiriladi.

«So‘nggi qo‘ng‘iroq» belgilangan dastur (senariy) asosida olib boriladi. Tadbir oxirida o‘quvchilarga yakuniy imtihonlarda muvaf­faqiyat tilanadi.

Respublika ta’lim markazi

Nurli fazolar sizniki

9-sinf bitiruvchilaridan tashqari barcha o‘quvchilar o‘z sinf rahbarlari boshchiligida saflanadi. O‘quvchilar Ilyos Muslim so‘zi, Fattoh Nazarov musiqasi asosida yaratilgan «Maktabim» qo‘shig‘ini ijro etishadi. Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, ya’ni tadbir boshqaruvchisi qo‘shiq va qarsaklar sadosi ostida davraga 9-sinf bitiruvchilarini taklif qiladi. Ular qo‘llarida guldasta va sharlar bilan sinf rahbari yetakchiligida davraga kirib kelishadi.

Tadbir boshqaruvchisi: — Assalomu alaykum, qadrli mehmonlar, ustoz-murabbiylar va aziz o‘quvchilaru bitiruvchilar! Barchangizni bugungi bayram bilan tabriklab, tantanali tadbirimizni ochiq deb e’lon qilaman.

Ey, menga ertaklar so‘ylagan Zamin,

Ergashib izingdan

qolmasman Sening.

O‘zgalar nazdida Bog‘i Eramni

Jiydang yaprog‘iga

olmasman Sening.

Vatan, qayda bo‘lmay,

Sen hamrohimsan,

Bobolarim yotar sajdagohimsan!

O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi ijro etiladi. Ayni paytda maktabning eng namunali o‘quvchisi muqaddas bayrog‘imizni asta-sekin tepaga ko‘taradi.

So‘ng tadbir boshqaruvchisi bayramda ishtirok etayotgan mehmonlar bilan tanishtiradi va dastlabki so‘zni maktab rahbariga beradi. Direktor «Mustaqil yurt farzandi, ona Vatan seni chorlaydi!» mavzusida ma’ruza qiladi. Ma’ruza Respublika ta’lim markazi tavsiya etgan tartibda tayyorlanadi.

O‘quvchilar mehmonlarga va maktab direktoriga guldasta ulashadi.

1-boshlovchi: — Mana, to‘qqiz yil ta’lim olgan qadrdon maktabimiz va aziz ustozlarimiz bilan xayrlashish arafasidamiz.

O‘zbeklar dono xalq,

donishmand xalqdir,

Urfon-u ilmga havasmand xalqdir.

Har narsadan qo‘yar ilmni yuksak,

Ilm unga suv-u havodek kerak!

Ilm-la kashf etar, dunyoni o‘zbek,

Ilm-la, ko‘radi ziyoni o‘zbek!

2-boshlovchi: — Jonajon maktabimiz, sevimli ustozlarimiz va bolaligimiz bilan aslo xayrlashgimiz yo‘q. Lekin bu — hayot qonuni. Vatanimiz, xalqimiz bizdan umidvor. Bu ishonchni oqlash uchun bor kuch, bilim, iste’dodimizni sarflashimiz lozim.

Farobiy, Farg‘oniy, Xorazmiydan to

Buxoriy, Yassaviy ham ibn Sino,

Beruniy ilmidan jahon farhunda,

O‘zbek faxri erur rub’i maskunda.

Buyuk allomalar ulg‘aygan diyor

Yetti iqlim aro juda mashhurdir.

1-sinf o‘quvchilari 9-sinf bitiruv­chilariga esdalik sovg‘alari va guldastalar berishadi.

1-sinf o‘quvchilari Ruslan Sharipov so‘zi va musiqasi asosida yaratilgan «Yayra, O‘zbekiston!» qo‘shig‘ini ijro etadi. Jajji o‘g‘il-qizlar raqsga tushadilar.

Tadbirda tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari so‘z olib, bitiruvchilarga omadlar tilaydilar.

Bitiruvchi: — To‘qqiz yil avval muqaddas maktab ostonasiga qadam qo‘yganimizda bizni tabassum bilan kutib olib, qo‘limizdan yetaklab bilim koshonasiga olib kirgan, xat-savodimizni chiqargan ulug‘ zot


bu — birinchi o‘qituvchimizdir. Hozir ehtirom bilan ularni davraga taklif etamiz.

Bitiruvchi:

— Boqsam yillarimning sardaftariga,

Siz mudom kamtar-u xoksor

turgansiz.

Mening yuragimning kabutariga

«Vatan» degan so‘zni

xatlab bergan Siz.

Bitiruvchi: — Bizning bolalarcha injiqligimizni, erkaligimizni ko‘targan qadrdon birinchi muallimimiz! Bergan bilimingiz va mehringiz uchun sizga hamisha bosh egib ta’zim qilamiz.

Bitiruvchi: — Aziz ustoz, sizni ulkan chinorga, uning shoxlarini esa minglab shogirdlaringizga o‘xsha­tamiz. Ildizi baquvvat, mustahkam chinorning shoxlari ko‘payaversin. Baxtimizga sog‘-omon bo‘ling.

Sportchilar turli o‘yinlar namoyish etadi.

2-boshlovchi: — Navbatdagi dil so‘zlarimiz siz aziz fan o‘qituvchilariga bag‘ishlanadi.

Bitiruvchi:

— Muallim, siz — turfa

darslar olami,

Yuragida ixlos, xoslar sirlashgan.

Imlolar jadvali, sonlar ko‘lami,

Qadim ul asrorlar sizda birlashgan.

Bitiruvchi:

— Ruhiy va jug‘rofiy kengliklar bari

Sizning qalbingizda namoyon, yaxlit.

Shuur maydonining masalalari

Darak gap, undov gap,

so‘roq gap taxlit.

Bitiruvchi: — Qadrli ustozlar, bizni qalb qo‘ringiz bilan bir-biridan qiziqarli fanlar olamiga boshladingiz. O‘qish mobaynida bolaligimizga borib, berilgan vazifalarni vaqtida bajarmagan, ba’zida darsdan qochgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Hozir buning uchun juda afsusdamiz, bizni kechiring. Bilim berishdan aslo charchamang. Sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar.

O‘quvchilar fan o‘qituvchilariga guldasta in’om qiladilar.

Kavsar Turdiyeva so‘zi, Anor Nazarov musiqasi bilan yaratilgan «Ustozlarim» qo‘shig‘i ijro etiladi.

Sinf rahbariga so‘z beriladi:

— Ulg‘ayingiz mard-u sog‘lom,

dilga yurtni jo qiling,

Chehrangiz hur-hur silab

esgan sabolar sizniki.

Siz Vatanning erka o‘g‘li,

dilnavoz, hur qizlari,

Bog‘ aro sho‘x-sho‘x taralgan

bul sadolar sizniki.

Aziz bolajonlarim! Bugun shu quvonchli, unutilmas onlarda sizlarning kamolingizni ko‘rib, juda hayajondaman. Mana, maktab davringiz tez, go‘yo bir zumda o‘tib ketdi. Azamat yigitlaru lobar qizlarga aylandingiz. Hozir sizlarni uchishga shay bo‘lib turgan oppoq kabutarlarga qiyoslash mumkin.

Oq kabutardek uching,

nurli fazolar sizniki,

To‘sh uring oppoq bulutlarga,

samolar sizniki.

Sizga bog‘liq yurtimiz

obodligi, ozodligi,

Ta’rif-u tahsin-u olqish ham

duolar sizniki.

Qadrli farzandlarim! Parvozingiz baland bo‘lsin! Mustaqil hayotga qo‘yayotgan qadamingiz qutlug‘, kelajagingiz porloq, yo‘lingiz esa nurafshon bo‘lsin!

So‘ng bitiruvchilarning ota-onalari nomidan o‘qituvchi-murabbiylarga va maktab ma’muriyatiga minnatdorlik bildiriladi.

Maktab rahbari yil davomida namunali xulqi, a’lo o‘qishi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lgan o‘quvchilarni, fan olimpiadalari, sport musobaqalari va turli ko‘rik-tanlov g‘oliblarini davraga taklif etib, shahar (viloyat) xalq ta’limi bosh boshqarmasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining faxriy yorliqlari, maktab ma’muriyatining esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshiradi.

To‘qqiz yil ichida esda qolgan voqealar, birinchi muallim tabassumi, dastlabki saboq hayajonlari, bolalikning sho‘xlik damlari va boshqa holatlar pantomima usulida namoyish etiladi.

Tadbir boshqaruvchisi:

— Azizlar, mana, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni chalish vaqti ham yetib keldi. So‘nggi qo‘ng‘iroq — to‘qqiz yil birga o‘qigan sinfdoshlar bilan xayrlashish onlari, mehribon ustozlari bag‘ridan mustaqil hayotga uchirma bo‘lish damlaridir.

Ilmli kishiga barcha yo‘l ochiq,

Ilmsiz kishiga ochiq yo‘l yopiq.

Savodxon bo‘lsin o‘g‘il-qizimiz,

Olam aro yorug‘ bo‘lar yuzimiz.

Bitiruvchilar Mengliboy Murodov so‘zi, Asatilla Xoliqov musiqasi asosida yaratilgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» qo‘shig‘ini ijro etadilar. Ayni shu pallada 9-sinfdan bir o‘quvchi, 1-sinfdan bir o‘quvchi davrani aylanib, birgalikda so‘nggi qo‘ng‘iroqni chaladi. Bitiruvchilar qo‘llaridagi oppoq kabutar va sharlarni osmonu falakka uchirishadi. Yigit-qizlar Husan Sodiqov so‘zi, Vagif Zokirov musiqasi asosida yaratilgan «Xayr, maktabim!» qo‘shig‘ini ko‘zlarida yosh, qalblarida hayajon ila ijro etib, asta-sekin davrani tark eta boshlaydilar.

(Senariyda Jumaniyoz Jabborov, Barot Boyqobilov, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Ikrom Otamurod she’rlaridan foydalanildi.)
Guljamila A’ZAMXO‘JAYEVA,

Toshkent shahridagi


105-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa