Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning
iltimosiga qaramay, ularga soʻz qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi koʻrindi.
— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? —
soʻradi boʻzbola.
— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga choʻchibroq
alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?
U Qur'ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, oʻz yoʻliga qaytib ketdi.
Biroz oʻtgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulugʻroq, qoʻlida chelak bor edi.
Santyago unga ham oʻsha savol bilan murojaat qildi.
— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi boʻlib soʻradi u.
— Mening oshnam uni koʻrish niyatida juda uzoq yoʻl yurib keldi.
— Agar bizning vohada shunday odam bor boʻlsa, u nihoyatda qudratli kishi boʻlishi
kerak, — dedi oʻylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda
uning huzuriga yoʻlay olmaydi. Ularni faqat oʻzi istagan paytda qabul qiladi u. Urush
tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga
aralashmaganlaring ma’qul.
Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda
quvondi.
Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida koʻza bilan bir qiz bola
keldi. Boshiga roʻmol oʻragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi
boʻlib, unga yaqinlashdi.
Va shunda — goʻyo vaqt toʻxtab qolganday boʻldi, Olam Qalbi uning koʻz oʻngida
oʻzining butun kuch-qudrati bilan namoyon boʻldi. Qizning qop-qora koʻzlariga, goʻyo
jilmayishni ham, jim turishni ham bilmayotganday himarilgan lablariga qarab, Santyago
bir lahza ichida olam tillashadigan, jamiki odamlar soʻzsiz, faqat yurak orqali muloqot
qiladigan tilning eng qadrli, eng aqlli boʻlagini fahmlab yetdi. Uni Sevgi deb atashadi, u
odam qavmidan-da qadimiy, sahrodan-da koʻhna. Er yigit va boʻy yetgan qiz koʻzlari
toʻqnashganda bu tuygʻu beixtiyor paydo boʻladi — hozir, quduq oldida shu hodisa roʻy
berdi.
Nihoyat, qizning lablari tabassumni ixtiyor etdi va bu belgi, ayni oʻsha — Santyago oʻzi
bilmagan holda uzoq kutgan, qoʻylaridan, kitoblardan, billur va sahro sukunatidan
qidirgan belgi edi.
Bu sof va tushunarli til edi, abadiyat sari yoʻl solgan Koinot singari, tarjimaga, sharhu
izohga ehtiyoj sezmaydigan soʻzsiz zabon edi. Shu bir lahza ichida Santyagoning anglab
yetgani shu boʻldiki, u oʻzining qalligʻi qoshida turar va qiz ham buni soʻzsiz anglab
yetmogʻi kerak edi. Bunga u zigʻircha shubha qilmas, bu ishonchi ota-onasining ra’yiga
qarashdan, odatdagiday, sevganingdan keyin soʻrab-surishtirib, sovchi qoʻyib, qolaversa,
Do'stlaringiz bilan baham: |