Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
«Shoshilma, — dedi u oʻziga. — Tuyakashning gapi gap: ovqat mahali ovqatingni yegin,
vaqt-soati yetganda — yoʻlga chiq».
Vohaga yetib kelishgach, birinchi kun yoʻlovchilar, angliyalik ham, uyqudan toʻyib oldi.
Santyagoni oʻzi tengi besh nafar bola bilan bir chodirga joylashtirishdi. Ularning bari
mahalliy bolalar edi, shu bois ular katta shaharlardagi hayotni soʻrab bilishga
qiziqishardi.
U oʻzining qoʻy boqqanini aytib, endi billur doʻkonidagi ishlaridan gap ochmoqchi
boʻlganida chodirga angliyalik kirib keldi.
— Ertalab seni rosa qidirdim, — dedi u, Santyagoni tashqariga olib chiqib. — Sen menga
keraksan. Alkimyogarni topishimga yordam ber.
Ikki kun ular Alkimyogarni alohida-alohida qidirishdi, oʻzlaricha uni boshqalardan farqli
yashaydi, chodirida, albatta, tunu kun olov yonib turadi, deb oʻylashgandi. Bu yerdagi
chodirlar ular chamalagandan koʻra bir necha baravar koʻp ekanini anglaguncha, ikkalasi
vohani boshdan-oyoq izgʻib chiqishdi — vohada yuzlab chodirlar tikilgan edi.
— Butun bir kun bekorga ketdi, — dedi angliyalik, quduqlardan birining oldida
choʻnqayib oʻtirarkan.
— Odamlardan soʻrab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.
Biroq angliyalik ikkilandi — u oʻzining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-
oqibat u bunga rozi boʻldi va arabchada yaxshi
gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni soʻradi. Boʻzbola meshini
suvga toʻldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga soʻz qotdi.
— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak boʻladi? —
soʻradi u.
Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa
Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap
qotmasligini uqtirdi.
Angliyalikning hafsalasi pir boʻldi. Shuncha yoʻl bosib kelsayu, hammasi yoʻqqa chiqsa!
Boʻzbolaning ham uni koʻrib koʻngli sovidi — axir, yoʻldoshi Oʻz yoʻlini izlayotir.
Bunday paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga koʻmakka keladi, orzuyi ushalishi
uchun lozim boʻlgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan boʻlsa?
— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. —
Bilganimda senga yordam qilishga urinib koʻrardim.
Angliyalikning koʻzlari chaqnadi.
— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim
bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb soʻrash kerak!
Do'stlaringiz bilan baham: |