Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
mingtacha, ularning orasida esa turli rangdagi son-sanoqsiz chodirlar bor.
— «Ming bir kecha», — dedi angliyalik, u Alkimyogar bilan uchrashishni toqatsizlanib
kutayotgandi.
Shu zumdayoq ularni otlarga, tuyalar va odamlarga qiziqsinib qarayotgan bola-baqralar
qoʻrgʻalashdi. Erkaklar yoʻlovchilardan sahroda janglarni koʻrdinglarmi, deb soʻrashsa,
ayollar savdogarlardan qanday matolar, taqinchoqlar olib kelishganini bilishga oshiqardi.
Sahroning oʻlik sukunati endi tushdagiday tuyular — Gʻala-gʻovur avj olgan, kulgi,
qiyqiriqlar quloqqa chalinar, goʻyo yoʻlovchilar sahroda jonsiz-tansiz arvohlarday
yurishgan boʻlsa, endi tagʻin etli, suyakli odamlarga aylanishganday. Ular mamnun va
xushbaxt edilar.
Sarbon Santyagoga vohaning hech qachon tayin bir egasi boʻlmaganini, chunki bu yerda
ayollar va bolalargina qoʻnim topishganini tushuntirdi. Ular biror-bir tarafning yonini
olishmas, jangchilar esa sahro qumlarida jang qilishar, vohani chekinganda jon
saqlaydigan pana joy, deb bilishardi.
Sarbon yoʻlovchilarni qiyinchiliksiz yigʻib, qabilalar oʻrtasidagi janglar tugaguncha
karvon vohada qolishini e’lon qildi. Yoʻlovchilar, urf-udumga koʻra, qoʻnoq olishga
hozir mahalliy kishilarning chodirlaridan joy topishadi, dedi u. Shundan soʻng Sarbon
quroli borlar qurollarini topshirishini soʻradi. Oqshomlari karvonni qoʻriqlaganlar ham
bundan chetda qolmadi.
— Urushning qoidasi shunday, — tushuntirdi u. — Voha askar yoki jangchilarni qabul
qila olmaydi.
Angliyalik choʻntagidan xromlangan toʻpponchani chiqarib, qurol yigʻuvchiga berganda
Santyago juda hayron qoldi.
— Toʻpponchaning senga nima keragi bor? — soʻradi boʻzbola.
— Odamlarga ishonishga koʻnikish uchun, — dedi angliyalik, uning kayfiyati chogʻ edi,
chunki uzoq yoʻl bosib izlayotganini yaqin-orada topishiga ishonardi.
Santyago esa qidirayotgan xazinasini oʻylardi. Orzusiga yetishishga yaqin qolgani sayin
yoʻlida qiyinchiliklar tobora ortib borayotir. Podshoh Malkisidqning «boshlovchilarga
omad yor boʻladi», degan hikmati ham amal qilmay qoʻydi, najot faqat, uning
tushunishicha, oʻz yoʻlini qidirayotgan insonning qat'iyati va jasurligiga bogʻliq. Shu
bois, u shoshilishi befoydaligini bilar, sabr-toqatidan voz kecholmas, aksincha boʻlganda,
Tangrining uning yoʻliga qoʻygan belgi-alomatlarini payqamay oʻtib ketishi mumkin edi.
«Tangri hammasini joy-joyiga qoʻygan», takrorladi u ichida, bu fikrdan ajablanib.
Hanuzgacha unga bu belgilar, ocharchilik yoki tashnalik, sevgi azobi yoki mehnat kabi,
olamning bir boʻlagiday tuyulardi. Tangrining u bilan muloqotga kirishadigani, undan
nimani istayotganini bildiradigani shu til ekani uning xayoliga kelmasdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |