TUPROQNING AGROKIMYOVIY XUSUSIYATLARI. Tuproqning tarkibi.
Tuproq qattiq, suyuq (tuproq eritmasi) va gazsimon (tuproq havosi) fazalaridan iborat bo’lib, ular bir-birlari bilan uzviy aloqada bo’ladilar.
Tuproq havosi atmosfera havosidan keskin farq qiladi, unda kislorod miqdori kam bo’lib, karbonat angidrid ko’p bo’ladi. Chunki, tuproq organik moddasi mikroorganizmlar ta’sirida parchalanish jarayonida ko’plab karbonat angidrid ajratib chiqarsa, ikkinchi tomondan, havoli sharoitda yashovchi mikroorganizmlar ko’plab kislorodni iste’mol qiladi. Tuproq muhitida, mikroorganizmlar doimiy ravishda karbonat angidridni ko’paytirib kislorod miqdorini esa kamaytiradi. Ushbu jarayon o’simlik ildizlarining nafas olish davrida va ba’zi bir kimyoviy reaksiyalar natijasida ham sodir bo’ladi.
Atmosfera havosi tarkibida 0,03 foiz CO2 bo’lsa, tuproq havosida esa 0,3 - 1,0 foiz, ayrim hollarda 2-3 foiz, ba’zan undan ham yuqori bo’ladi. Tuproq havosidagi CO2 miqdori, atmosfera bilan tuproq muhiti o’rtasidagi aerasiya tezligiga bog’liq bo’lib, tuproq havosida hosil bo’lgan CO2 qisman atmosfera tomon siljiydi va tuproq eritmasi tomonidan o’ziga singdiriladi. Me’yorida yuz beradigan aerasiya (havo almashinish) natijasida 1 m tuproq tagidan yoz vaqtlarida bir kunda 2 litrdan to 10 litrgacha CO2 ajralib chiqadi va taxminan shuncha miqdorda kislorod iste’mol qilinadi. CO2 ni yer ustki qatlamlarida to’planishi, o’simlikdagi assimilyasiya jarayonini tezlashtiradi va o’simliklarni hosildorligiga ijobiy ta’sir etadi. Karbonat angidrid tuproq muhitida erib, karbonat kislota hosil qiladi, u esa dissosiyalanib H+ va HCO3- hosil qilib, tuproq eritmasini nordonlashtiradi:
CO 2 + H2O = H2CO3 H2CO3 H+ + HCO3-
Tuproq muhitini CO2 bilan boyishi natijasida, u mineral birikmalar (fosfatlar va kalsiy karbonat) va boshqalarni o’simlik tomonidan oson o’zlashtiruvchi shakllarga o’tkazadi. Shuningdek, tuproqlar tarkibida me’yoridan ortiq CO2 ni ko’payishi, undagi kislorodni kamaytirishga olib kelib, mikroorganizmlar va o’simliklar tomonidan oziq elementlarni o’zlashtirish faoliyatini bo’zilishiga sabab bo’ladi. Kislorodni yetishmasligi o’simlik ildiz sistemasini nafas olishini susaytirib, havosiz (anaerob) jarayonlarni qaytarilishini kuchaytiradi va mineral moddalarning qayta tiklanish jarayoni boshlanadi.
Shuning uchun ham, tuproq tarkibidagi kislorod miqdori 8-12 foizdan kamayib ketsa, o’simliklarni o’sishi va rivojlanishi yomonlashadi, bu ko’rsatkich 5 foizdan kamayganda esa – o’simliklar nobud bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |