Yaponiyada adabiy–estetik qarashlar
Uzoq Sharqdagi yirik davlatlardan biri Yaponiya mamlakatdagi katta, kichik, o‘rtacha mingga yaqin orollarda joylashgan. Bu orollar (Hokkaydo, Xonsyu, Kyusyu va boshqalar) Tinch okeani, Yapon dengizi, Oxota dengizi, Sharqiy Xitoy dengizi oraliqlarida joylashgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi qishu yozin yam-yashil archalar, mevazor va o‘rmonlardan iborat. Subtropik iqlimi Janubiy Hindiston va Tseylonni eslatadi. E. av. VI asrda Shri-Lanka, Tseylonda hinduviylik, krishnaviylik e’tiqodiga raqib sifatida vujudga kelgan buddaviylik ta’limoti butun Hindistonga, Kushonlar davlatida (mil. av. II asrda), Parfiyada, Sug‘diyonada keng tarqalib, Buyuk Ipak yo‘li orqali Xitoyga va Yaponiyaga ham kirib borgan. Deyarli bir vaqtda, e. av. VI asrda vujudga kelgan konfutsiylik va buddaviylik diniy e’tiqodlari o‘zaro raqobatda bo‘lmay (bular dao va sintoizm (ajdodlar ruhiga sig‘inish) ta’limoti bilan raqobat qiladilar), uzoq asrlar davomida barobar taraqqiy etishi jahon ulamolarini hayron qoldiradi.
Konfutsiylikda ham, buddaviylikda ham islom dinidagi kabi bu dunyoda qilingan gunoh qilmishlar uchun do‘zaxga; savob, yaxshi amallar uchun jannatga tushish aqidasi, ruhning o‘lmasligi, bu dunyoda hayvonlarga o‘xshab, vahshiylik, yovuzlik bilan yashaganlar kelgusi hayotda hayvon bo‘lib yashashi (islom dinida ham bu dunyoda hayvonlarday yashagan odamlar qiyomatda hayvon bo‘lib tirilishi haqida aqida bor. Mas., Imom G’azzoliyning “Kimiyoi saodat” asariga qarang) haqidagi ta’limot Xitoy va Yaponiya badiiy adabiyotining tug‘ilishi va taraqqiy qilishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Yaponiya adabiyoti va adabiyotshunosligi Shumer, Bobil, Misr, Hindiston, Yunon va Rim madaniyatlari kabi juda qadimiy emas, antik davr obidalari, asosan, buddaviylik adabiyoti, diniy duolar-sutralar, hikmatli so‘zlar – dhammapadalar, sehrli evrilishlar haqida hikoyatlar – jatakalardan iborat.
Ilk adabiyotshunoslar Ilk o‘rta asrlarda qadimgi yapon folklori namunalarini izlab topib, kitobat qilgan adiblar ilk adabiyotshunoslar edilar. Ular o‘z to‘plamlariga yozgan muqaddimalarida qadimiy bitiklarning mazmuni, g‘oyaviy–badiiy xususiyatlari haqida, bu to‘plamlarni tuzish tamoyillari haqida fikr–mulohazalarini bildirganlar. Yapon ma’rifatchi rohibi Kyokay “Nihon gempo dzen’ akur-yoiki” (“Yaponiya (Nihon) haqida yoki Savob va gunoh qilmishlarning oqibati haqida ajoyib–g‘aroyib bitiklar”) to‘plami bilan keng shuhrat qozondi. VIII asr o‘rtalarida tuzilgan bu to‘plam uch o‘ram (svitok), 116 hikoyatdan iborat. Xitoy va Yaponiyada bitiklar yuqoridan pastga qarab yozilgani uchun to‘plamning uch qismi “yuqori o‘ram”, “o‘rta o‘ram”, “quyi o‘ram” deb yuritiladi124.
Yaponshunos olim va mazkur hikoyatlarni yaponchadan rus tiliga tarjima qilgan A.N.Meshcheryakov to‘g‘ri kuzatganidek, o‘rta asrlar (VI-X asrlar)da hukmdorlar imperator va uning yaqinlari, vazir Fudzivara va uning avlodlari markaziy hokimiyatga bo‘ysunmay, faqat mahalliy sintoizm diniga, o‘z ajdodlarining ruhlariga sig‘inuvchi, mustaqil hukmdorlikka da’vo qilar edilar. Ular bosh-boshdoqligini sindirish, markaziy hokimiyatga bo‘ysundirish uchun buddaviy rohiblar jamoasi (sangxya)ning ibodatxonalari yordamiga tayangan. Chunki buddaviylikda insonlarga sintoizmda aytilgan ajdodlar ruhi yordam berolmaydi, har bir insonning kelgusi hayotda najot topishi yoki og‘ir azoblarga qolishi uning shaxsiy hayotiga, yaxshi yoki yomon qilmishlariga bog‘liq ekani o‘rgatiladi.
Markaziy hokimiyat uchun ham har bir mansabdorning o‘z yaxshi, yomon qilmishlariga shaxsiy javobgarligi aqidasi juda zarur edi. Shu sababli Xitoy va Yapon imperatorlari o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, Hindistonga, Kushon, Devon (Farg‘ona), So‘g‘d podshohlariga elchilar va sovg‘a–salomlar yuborib, buddaviy rohiblarni yuborishni iltimos qilar edilar.
Yapon olimi va shoiri Kyokay tuzgan “Nihon ryoiki...” to‘plamida tabiat mavjudotlariga, baliqlar, qushlarga yomonlik qilgan odamlar falokatga uchraydilar. Ularning oila a’zolari Budda ruhoniylaridan yordam so‘raydilar. Rohiblar kelib, shu haqdagi sutralarni o‘qiganlaridan so‘ng aybdorlar falokatdan qutiladilar.
O’rta asrlar yapon nasrining taraqqiyotiga munosib xissa qo‘shgan oliy tabaqa vakillaridan biri, shoir va yozuvchi Minamoto Tamenori 970 yilda vazir Fudzivara Takamitsu topshirig‘i bilan uning o‘g‘li o‘qishni o‘rganishi uchun qiziqarli o‘qish kitobi yozadi. “Shivir-shivir” nomli bu kitobda astronomiya, tarix, geografiya fanlariga doir hikoya va she’rlar jamlangan.
Umuman olganda, hikoyalar, qissalar orasida she’rlarning ko‘p bo‘lishi boshqa xalqlarda ham uchraydi, lekin yapon mumtoz adabiyotida bu hodisa asosiy xususiyatni – yapon nasrining lirizmini – shaxsiy, intim hayotga yaqinligini ko‘rsatadi. Agar setsuva nasrida buddaviylik aqidalari bilan bog‘liq ma’naviy musaffolik, yomonlikni, yovuzlikn qoralash, yaxshilikni e’zozlash, tabiatni asrash motivlari birinchi o‘rinda tursa, XIII–XV asrlar yapon adabiyotida qahramonlarning tabiiy xarakterlari, yaxshi va yomon fe’l-atvorlari tabiiy holda va mufassal tasvirlana boshlaydi.
Milodiy 964 yilda Yaponiya imperatori buddaviylarning Tenday maktabi (Sha-o-lin maktabi kabi) rohiblari bo‘lmish adabiyotchi olimlar ilm va ijod bilan shug‘ullanishlari uchun muqaddas Xiey-dzan tog‘ida “Ilm – ma’rifatni targ‘ib qilish jamiyati”ni tashkil etgan va uni moddiy ta’minlashga yordam bergan. Bu maktab olimlari faqat buddaviy adabiyot bilan cheklanmay, yapon xalq og‘zaki va yozma poetik ijodi namunalarini yig‘ish, yozib olish va tekshirish bilan shug‘ullanganlar.
Minamoto Tamenori asarlari g‘oyaviy–badiiy xususiyatlariga ko‘ra Tenday adabiyotchilari maktabi yo‘nalishiga muvofiq keladi. Tamenori “Uch xazina tasviri” asarida faqat setsuva hikmatlarini keltirish bilan cheklanmay, ularni talqin qilib, keng xalq ommasi uchun tushunarli qilib sharhlab beradi. Yuqoridagi o‘ram boshlanishida u bodhisattvalar (Buddaga aylanishiga yaqin kelgan aziz-avliyolar faoliyatining qonun-qoidalari -paramitlar)ni bayon qiladi. Shundan so‘ng u haqiqiy Budda – Gautamaning avvalgi tug‘ilishlardagi hayoti haqidagi jatakalarni keltiradi. Shu jatakalardan birida kalxatdan qochib kelgan bir kabutar shahzoda Gautamaning yaqiniga qo‘nadi. Kabutarning och qolganini bilgan Gautama unga o‘z sonidan bir parchani kesib beradi. Bu qahramonlik emas, balki o‘simliklarga ham, hayvonlarga ham zarar etkazmaslik qoidasiga amal qilish edi. O’rta o‘ram hikoyatlarida yapon buddaviy aziz–avliyolarning hayoti tasvirlanadi125.
Minamoto Tamenori “Uch xazina tasviri”ning quyi o‘ramiga yozgan so‘z boshida Budda rohiblarining fazilatlarini maqtaydi, ularni hurmatlash kerakligini tushuntiradi. So‘ng buddaviy rohiblar ibodatxonasida har yili o‘tkazadigan bayram va ilm o‘rganish rasm-rusmlarini tasvirlaydi. Turli bayramlarni tasvirlashda muallif juda ko‘p buddaviy ibodatxonalarning yilnomalaridan foydalanib, ularning nomlarini, joylashgan o‘rinlarini ko‘rsatadi.
Noma’lum muallifning “Xyakudza xodan ki-kigaki-syo” (“Yuz kun davom etgan Qonun muhokamasi marosimida yozib olingan suhbatlardan namunalar”) kitobida ham buddaviylik adabiyoti talqin etiladi. Bu suhbatlarda qatnashgan 9 rohib turli diniy-falsafiy maktablar vakillari bo‘lib, ular avval Budda ta’limoti qonunlarini, so‘ng har bir inson karmasining oqibatlarini, avliyolarning karomatlarini, buddaviylik fazilatlarini, masal va rivoyat-afsonalarni muhokama qiladilar. Yaponshunos G.G.Sviridov fikricha, bu suhbatlarda adabiy-estetik fikrlar ham ilgari surilgan.
Setsuva adabiyoti namunalarida dunyoviy, ijtimoiy, siyosiy, falsafiy masalalar ham talqin etilgan. Avvalgi imperatorlar avlodidan olim va yozuvchi Minamoto Akikane (1160-1215)ning “Kodzidan” (“Qadimiyat haqida suhbatlar”) asarida ma’rifatparvar, islohotchi imperator Gosandzyo (1034-1073) bilan qudratli vazir Fudzivara Yorimiti (992-1074) raqobati va har ikkisining fazilatlari ishonarli uslubda tasvirlangan. Bu asarda tarixiy voqealar bilan birga she’riy san’at haqida fikrlar ham aytilgan. Shu asar davomida Fudzivara avlodiga mansub vazirlarning badiiy iste’dodi, shoirligi, naqqoshligi, xattotligi ochib beriladi.
Minamoto Akikane (“Qadimiyat haqida suhbatlar”) to‘plamida setsuva hikoyalarini ancha kengaytirib, mavzular jihatidan ham, lirizm va psixologizm jihatidan ham diniy adabiyotga xos fantastik, mistik voqealar tasvirini kamaytirib, davlat arboblari hayotini, jamiyat axloqini, ayrim insonlarning ruhiy, ma’naviy olamini tasvirlash bilan chinakam yapon badiiy adabiyotining vujudga kelishiga zamin tayyorladi. Muallif marhum imperator Godzyoni yirik islohotchi, davlat ma’muriyati harajatlarini tartibga soluvchi, hokimlarning beboshliklariga chek qo‘yuvchi dono rahbar sifatida ko‘rsatgan. Shu to‘plamning davomi bo‘lgan “Dzeku-kodzidan” hikoyalarida imperator saroyidagi madaniy hayot, ijodiy bahslar, she’r va musiqa bazmlari – Xitoy imperatorlari saroyidagi kabi nafis san’atga qiziqish kuchayganligi tasvirlangan. Uning o‘g‘li, imperator Gosandzyo ham bu to‘plamda badiiy adabiyot va falsafani qoralashi, shoirlar va olimlarni izzat-hurmat qilishi tasvirlanadi.
“Kodzidan” to‘plamidagi ba’zi hikoyalarda muallifning adabiy-estetik fikrlari qahramonlarning xarakteri, ruhiyati orqali ifoda qilinadi. Bir hikoyada nafis husn-jamoli va nozik ko‘ngli, purma’no suhbatlari ko‘pchilik arboblarni maftun etgan shoira Ona-no Komati kibru havosi, bag‘ritoshligi, hechkimni mensimay, o‘ziga bino qo‘yganligi xolis tasvirlangan. Yillar o‘tib, bu sohibjamol qarib, kuch-quvvatdan qoladi. Vafot etib, jasadi chirib, bosh suyagi teshiklaridan bambukqamish o‘sib chiqsa ham, u avvalgi takabburligi va sho‘xligini qo‘ymay, o‘tgan-ketganlar meni eslasin, deya she’rlar o‘qiydi. Hikoya syujetiga haqiqatda yashagan mashhur shoir Arivara–No–Narixira (825-880) obrazi ham kiritilgan. Hikoyada shu shoir “Sakson orol” deb ataluvchi xushmanzara joydan o‘tib ketayotganida sobiq sohibjamol shoiraning bosh chanog‘i she’r o‘qiyotganini eshitadi126.
Do'stlaringiz bilan baham: |