Abu Rayhon Beruniy. Sharq Renessansining yana bir yorqin vakili, xorazmlik alloma Muhammad ibn Ahmad Beruniy astronomiya, botanika, biologiya, geologiya, geodeziya, geografiya, geometriya, trigonometriya, mexanika, mifologiya, tarix, minerologiya, farmokologiyaning nazariy qismi farmakognaziya (“Saydana”), fizika, etika, etnografiya fanlari sohalarida buyuk kashfiyotlar qilish bilan bir vaqtda til va adabiyot – filologiya bilan ham yaxshi tanish edi. Beruniy zamonida she’riyat benihoya taraqqiy etgan. Sal avvalroq, Shomda, Suriyada Sayfuddavla homiyligida al-Mahallabiy, al-Johiz, Abu Bakr Xorazmiy, al-Mutanabbiy, Abul A’lo al-Maarriy kabi shoirlar yashagan. Somoniylar, g‘aznaviylar, buvayxiylarning poytaxtlarida Abu Dulaf al-Xazrajiy, Ismoil ibn Ahmad Shoshiy, Abu Xafs Shahrizuriy, Abulqosim Rudakiy, Abul Qosim Murodiy, Abu Mansur as-Saolibiy, Abu Bakr Xorazmiy, Ahmad ibn Zirg‘om, Ma’mun ibn Muhammad, Abdulloh Raqqoshiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Abul Fath Bustiy, Xalil ibn Ahmad Sijziy, Abul-Fazl Badi’uzzamon Hamadoniy, Abu Sulaymon Xattobiy, Abu Sa’id Ahmad Shabibiy va boshqa shoirlar ijod qilgan.
Atoqli sharqnushos Ismatilla Abdullaev “Beruniyga zamondosh shoirlar” kitobida O’rta Osiyo, jumladan, Xurosonda yashab ijod qilgan 13 shoir haqida Yoqut Hamaviyning “Mu’kam ul-ubado”, Ibn Xallikonning “Vafoyot ul-a’yon”, Ibn al-Asirning “Komil fi-t-Tarix”, hozirgi G’arb sharqshunoslaridan V.Alvardt, K.Brokelman, I.Yu.Krachkovskiy asarlariga suyanib, qimmatli ma’lumotlar beradi.115
She’r va shoirlik masalalari, ijodkor pozitsiyasi. J.Neru yozadi: “U (Beruniy) hindlarning qarashlari bilan tanishishni shunday xohlaganki, hatto sanskritni o‘rganib, hindlarning asosiy kitoblarini o‘qib chiqqan. U hind falsafasi, shuningdek, fan va san’at Hindistonda qanday o‘qitilgan bo‘lsa, ularni shunday o‘rgangan. «Bxagavad-gita» uning tom ma’noda sevimli kitobi bo‘lgan”116. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi, «Bxagavad-gita» qanday asar? Hind mumtoz falsafasining eng qadimgi manbalaridan va induizmning muqaddas kitoblaridan biri bo‘lgan «Bxagavа́d-gи́ta» (sanskritcha “Ilohiy qo‘shiq”) «Mahobxorot»ning munozara qismi bo‘lib, 700 misradan iborat. She’rlar metaforizmga boy, sanskrit metrikasida yozilgan. Matnda «Bxagavad-gita»ning notiqi Bxagavana («Xudo»)ga murojaat qiladi. Asarda Krishna va Arjuna o‘zaro bahsga kirishadilar. Bu uzoq asrlar mobaynida eng ko‘p o‘qiladigan muqaddas matn bo‘lib, u nafaqat hind, balki G’arbiy Evropa falsafasi (Gyote, Emerson, Oldos Xaksli, Romen Rollan va boshqalar)ga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Undagi hikmatlardan birida “Do‘stu dushmanga, qadrlanish va qadrsizlikka, issiq va sovuqqa, baxt va baxtsizlikka bog‘lanib qolishdan ozod bo‘lgan” deb yozilgan. Ayni falsafaning mazmuni Beruniyning hikmatli asarlaridan ham anglashiladi. Shartli ravishda “xolislik falsafasi” deb tarjima etiladigan bu ta’limot Beruniy tomonidan har bir adabiy asarga va uning muallifiga yondoshuvda ko‘rinadi. Asar asosida besh asosiy kontseptsiya yotadi va 5 absolyut haqiqat talqin qilinadi: Ishvara (Oliy Boshqaruvchi), Jiva (tirik ruh), Prakriti (materiya, mavjudlik makoni), Karma (harakat) va Kala (vaqt). Bu o‘rinda Oliy Boshqaruvchi va tirik ruh (mavjud maxluqlar G’ xalq) munosabatida ular doimiy mavjudligi makon va zamondagi harakati bilan belgilanadi. Agar buni san’at asariga munosabatda ko‘radigan bo‘lsak, Oliy Boshqaruvchi (Xudo) tomonidan insonga berilgan buyuk ne’mat iste’dod vositasida yaratiladiki, unda makon, zamon va harakat birligi aks etadi. G’arbiy Evropada Nikola Bualo tomonidan XVII asrda kashf etilgan uch birlik qonunining ibtidosi ham mana shu ta’limotda ko‘rinadi. Hind mumtoz falsafasining o‘ta murakkab va biri ikkinchisidan keskin farqlanuvchi talqinlarga ega bo‘lgan sharhlaridan Beruniy ilg‘agan tayanch nuqta shundan iborat. Beruniy Aftidan, Beruniy «Bxagavad-gita»ning nisbatan mukammalroq sharhini yozgan, o‘ziga nisbatan yaqinroq zamonda yashagan advayta-vedanta maktabining asoschisi Shankara (788—820) asarlaridan foydalangan bo‘lishi mumkin.
Abu Rayhon Beruniy “al-Javohir” asarida saksondan ortiq shoir ijodiga murojaat qiladi. Asarda johiliya davri arab shoirlari Qays ibn Mulavvah, Hotam To‘yi, Ibn Sa’d ijodidan ham namunalar keltirilgan. Jumladan, ushbu asarida muallif arab va fors tillarida asarlar yozgan Hamza Isfahoniy, Abu Bakr ibn Husayn Ko‘histoniy, Abul Qosim ibn Bobak Jurjoniy, Mansur Muvarrid Forsiy, Gadoiriy, Darshor ibn Burd, Abu Mansur Saolibiy, Abubakr Xorazmiy, Xotibiy ibn Nasrovayh Samarqandiy v.b. tilga oladi va asar so‘ngida shunday xulosaga keladi: «Shoirlar tabiatdagi narsa-hodisalarning hamma vaqt ham aniq xususiyatlarini tasvirlashga qiziqmaydilar, balki ularni kishilar tasavvuridagi holatiga ko‘ra qalamga oladilar»117.
Do'stlaringiz bilan baham: |