Forobiy ta’limoti. Mumtoz asarlarning talqin va tahlili yuzasidan Arastu hakimdan so‘ng Ustozi soniy deb tanilgan Abu Nasr Muhammad Forobiyning adabiy-estetik qarashlari ahamiyatlidir. Uning “Ixso‘u-l-ulum” (“Ilmlarning xosiyatlari”), “Xitoba” (“Ritorika”), “Musiqada ohangdoshlik”, “She’r san’ati”, “Shoirlar san’ati qonunlari haqida”, “Arovu ahli madinatu-l-fozila” (“Fozil odamlar shahri aholisining fikrlari”), “Aflotun falsafasi”, “Arastu falsafasi” kabi asarlarida bayon etilgan.
Forobiy “Ixso‘u-l-ulum” (“Ilmlarning hosiyatlari”)da (“Ilmlarning kelib chiqishi” – “Hudusu-l-ulum”ga adashtirmaslik lozim) she’riyat haqidagi qisqa mulohazalarini asarning tilshunoslik va mantiq qismlarida keltiradi. Alloma bu asarida she’riy tafakkur qoidalarini tilshunoslik nuqtai nazaridan tushuntiradi. Forobiy fikricha, shoir ona tilining leksik-semantik boyligi, Alisher Navoiy iborasi bilan aytsak, ma’nolar xazinasini yaxshi bilishi zarur. “Har xalqning tilini inja (go‘zal, nafis) qiluvchi etti katta bo‘limi bor: 1) yakka so‘zlar ilmi (sarf); 2) birikma so‘zlar ilmi (sintaksis, nahv); 3) yakka so‘zlarning qonun-qoidalari; 4) so‘z birikmalarining qonun-qoidalari; 5) to‘g‘ri yozish qoidalari; 6) to‘g‘ri o‘qish qoidalari (bu ikki bo‘lim arab alifbosida yozish va o‘qishga taalluqli); to‘g‘ri she’r (yozish va o‘qish) qoidalari; 7) she’r qonunlari ilmi. Forobiy fikricha, she’r ilmi til jihatidan qaraganda uch bo‘limdan iborat: 1) oddiy va murakkab vaznlarning qo‘llanilishi, ya’ni nutq tovushlariga ko‘ra vaznlarning turli (ochiq, yopiq bo‘g‘inlar) hijolarni bilish; 2) baytlarning oxirida keladigan so‘zlarning tovushlari bir-biriga muvofiq kelishi (radif va qofiya); 3) qaysi so‘zlarni she’r-nazmda va qaysi so‘zlarni nasrda qo‘llanish mumkinligi (she’riy til va nasriy til qoidalari).
Ayni zamonda, Forobiy aruz ilmi (yunoncha – prosodiya) tilshunoslik sohasidan ko‘ra, mantiq ilmiga yaqinroq ekanligini ta’kidlaydi. Aruz ilmining vaznlarga (bahrlarga) munosabati mantiq ilmining fikrlash qoidalariga munosabati kabidir. Forobiy fikricha, mantiq ilmi aqliy fikrlash (bilan haqiqatni aniqlash) qoidalarini, namunalari (modellari)ni o‘rgatsa, aruz ilmi she’riy fikrlash qonun-qoidalarini o‘rgatadi.
Forobiy “Ixso‘u-l-ulum”ning mantiq qismida ham she’riyat nazariyasi haqida ayrim fikrlarini bildiradi. Shu erda mantiq so‘zi nutq to‘g‘riligi, haqqoniyligini bildirishi, nutq so‘zi esa uch ma’noni ifodalashi haqida fikr yuritadi: 1) inson ko‘nglida tug‘ilgan so‘zlarning tovushlar yordamida ifodalanishi; 2) inson ruhiy holati (tasavvurlari)ni ma’qulotlar – aqliy tushunchalarni bildirishi (nutq); 3) insonda azaliy, fitriy, tug‘ma holda mavjud bo‘lgan, uni boshqa jonzodlardan ajratib turuvchi ruh quvvati (ya’ni, quvvai tamiz – yaxshi, yomonni, rost, yolg‘onni, halol, xaromni farqlash quvvati). Quvvai tamiz, Forobiy fikricha, hamma odamlarda bir xil bo‘lmaydi. Bolalarda kamroq, yoshi kattalarda ko‘proq. Etuk insonlarda quvvai notiqa – fikrlash quvvati juda kuchlidir.
Forobiy fikricha, inson fikr-mulohazalari besh turlidir: 1. Dalil, burhonli. 2. Jadalliy (dialektik). 3. Sufastoiy (mug‘olata, sufistik)). 4. Xitobiy (ritorik). 5. She’riy (poetik) fikr-mulohazalar farqlanadi. Alloma yozadi: “Insonlarning ma’quloti (aqliy tushunchalari), ilmlari va san’atlari (kasb-hunarlari) shu quvvat ila qo‘lga kiritilur. Ashyoning (narsaning) jiddiy (diqqat ila) tadqiqi shu quvvat bilan, go‘zal va chirkin ishlar shu quvvat bilan farqlanur”95.
Shundan so‘ng Forobiy dalil-bur-onli fikr, jadalliy (dialektik) fikr, sufastoiy (mug‘olata, g‘alat, xato qiluvchi, yanglishtiruvchi) fikr, xitobiy (ritorik) fikr va she’riy fikr haqida alohida ta’rif, tushunchalar beradi. “She’riy so‘zlarga kelsak, – deydi mutafakkir, – ular suhbat vaqtida tilga olingan narsani va yo holatni, afzallik yoki pastlikni yanada aniqroq, ravshanroq tasvirlash, kuchaytirish uchun qo‘llaniladi. Bu-da (she’riy tafakkur ham) go‘zallik va chirkinlik, yuksaklik va tubanlik (olchoqlik)ni yoki shu kabi (hayot hodisalarini) tasvirlashdir”96.
Forobiyning “She’r kitobi”da Arastuning “mimesis” nazariyasi haqida: “Baytlardagi so‘zlardan tushuniladigan ma’nolar o‘sha so‘z borayotgan (hind poetikasi “Dxanvyaloka”da ifodalanishi kerak ma’no va ifodalangan ma’no deyilgan) narsa va hodisalarga o‘xshaydigan – taqlidiy bo‘lmog‘i kerak”97. Bu erda muallif Arastu “Poetika”sini sharhlamayotgan bo‘lsa-da, “Ilmlarning hosiyatlari”da poeziyaning asosiy qonuniyati, tamoyili – “mimesis” (hayotga o‘xshatish-taqlid san’ati) ekanligi tasdiqlanmoqda. “She’riy so‘zlarni his etgan vaqtimizda, – deydi Forobiy “Ilmlarning hosiyatlari” asarida, – ruhimizda hosil bo‘lgan xayol (tasavvur) nimaning o‘xshashi tasvirlangan bo‘lsa, go‘yo o‘sha (she’rdagi) o‘xshash narsaning o‘zini ko‘rganday his qilamiz o‘zimizni”. Shu o‘rinda Forobiy she’rda tasvirlangan (sevinchli yoki qayg‘uli) manzara, holat bizning hayotimizda emasligini bilsak ham, she’riy so‘z ta’sirida, o‘sha voqea, holat shoir (rassom) tasvirlaganidek bo‘lgan, deb ishonamiz deydiki, bu adabiy-nazariy fikr ham she’r san’ati tabiatini tushunish uchun juda muhim ahamiyatga egadir. Mutafakkir buning sababini quyidagicha tushuntiradi: “Odamlar, ko‘pincha, o‘z mulohaza-o‘ylari va ilmiy bilimlariga qarab emas, balki o‘z tasavvurlari bo‘yicha ish qiladilar, garchi qilayotgan ishi o‘y-mulohaza va ilmiy bilimlarga zid kelsa ham. Odatda suhbatli tomoshalarda narsalarni yoki ish-harakatga o‘xshash holatlarni tasavvur qilganida shu holatlarga tushadi.”98 Bu erda Forobiy “suhbatli tomoshalar” deb, yunon tragediyalarini nazarda tutadi. Aktyorlar mujassamlantirgan, qahramonlarning xarakterlarini ochuvchi nutqi, dialoglarini u “suhbatli tomoshalar” deb atagan. Forobiyning odamlar ko‘pincha “o‘y-mulohaza va ilmiy bilimlari bilan emas, tasavvurlari bilan harakat qiladilar”, degan fikrini yanada aniq-ravshan tushunish uchun uning “aytish kerakki, odamlar aqliy faoliyatda, ilm-fanlarda va san’at, kasb-hunarda o‘y-mulohaza, aqliy bilimlarni ishga soladilar, lekin mahsusot — his qilinadigan, estetik idrok etiladigan olam, hayot voqea, hodisalarini tushunishda tasavvurlarga asoslanadilar” fikrlari yordamga keladi. Bu fikr ilm-fanga, kasbiy san’atlarga emas, balki nafis san’atga, poeziyaga taalluqlidir.
Forobiyning yuqoridagi fikrlari Arastu “Poetika”da poeziyaning kelib chiqishi haqida aytgan fikrlariga hamohangdir. Ma’lumki, Arastu fikricha, poeziya san’atining kelib chiqishiga birinchi sabab — odamlar bolalik chog‘laridan taqlid, o‘xshatishga, voqea, ish-harakatlarni qaytadan jonlantirishga, tasvirlashga qobiliyatlidirlar. Bu fikrni yanada aniqlash uchun aytish kerakki, bunday qobiliyat birovda zaif, birovda (rassomlar, shoirlarda) kuchli bo‘ladi va u tug‘ma iste’dod deb ataladi. Ikkinchi sabab, Arastu fikricha, odamlarning tasavvur quvvatidir. Bu quvvat ham iste’dodga aloqador bo‘lib, turli odamlarda turlichadir.
Forobiy “Ixsou-l-ulum” asarida she’riyat haqida aytgan fikrlarini “She’r kitobi”da yanada rivojlantiradi. Arastu “Poetika”siga sharhidan farqlanuvchi bu asarida Forobiy vaznlar, ritm, qofiya, turoq, sabab, vatadlar, (hijolar) haqida asosan arab she’riyatiga muvofiq fikrlarni bildiradi: “Arablar o‘z she’rida baytlarning oxirlariga ko‘proq e’tibor beradilar. Shuning uchun ham arab baytlari ma’lum bir o‘lchovdagi mahdud (cheklangan – M.M.) so‘zlar bilan mukammal va go‘zal bo‘ladi. Bu hol esa ularda kam qo‘llaniladigan yo bo‘lmasa, ko‘pchilik orasida mashhur bo‘lgan so‘zlarni ishlatish bilan yuz beradi”.
Forobiy mimesis – taqlid faqat she’riyatdagina emas, ritorikada-notiqlik san’atida ham mavjudligini aytar ekan, she’rda va suhbatli asar-dramada taqlid-o‘xshatish zaruriy shart bo‘lsa, notiqlik san’atida taqlid-aktyorday obrazga kirib, nutqini jonlantirishi asosiy emas, yordamchi vosita ekanligini tushuntiradi. Qadimgi Yunonistonda ko‘pchilik shoirlar mohir notiq, ba’zi notiqlar esa shoir bo‘lganlar. Arastu “Ritorika”sini o‘qimagan odamlar Forobiyning quyidagi fikrlarini yaxshi tushunmaydilar. “Notiqlarning ko‘pi tabiatlarida she’riy mulohaza yuritish qobiliyati bo‘la turib, xitoba (ritorika) talab qilganidan ortiqroq darajada taqlidni (obrazli so‘zlarni va obrazga kirgan holatda) ishga solmoqchi bo‘lganlar va shu bilan xatoga yo‘l qo‘yganlar”.
She’riy nutqda ham notiqlar ijtimoiy, falsafiy, ilmiy fikr mulohazalarni bildirishi mumkinligi haqida Forobiy bunday deydi: “Ko‘pchilik shoirlar (hamda notiqlar) o‘z (ilmiy) fikr-mulohazalarini boshqalarda qanoat hosil bo‘ladigan darajada ifodalashga tug‘ma qobiliyatli bo‘ladilar. Ular o‘sha qoniqarli mulohazalarini she’riy yo‘l bilan ifoda etganlar. Buning oqibatida bular ko‘pchilik nazdida she’r bilan bitilgani uchun uni she’riy asar sifatida qabul qilganlar. Aslida u xitobiy bir mulohaza bo‘lib o‘sha shoirlarning she’riy yo‘ldan chekinib, xitobiy (ritorik) yo‘lga mayl etganlari edi, xolos.”7
Arastu esa bu hodisani boshqacha tushuntirgan. Uning fikricha, Herodotning “Tarix” kitobi agar she’riy yo‘lda yozib chiqilsa ham, u she’riy asar bo‘lmay, tarixligicha qoladi. Bu hodisaga Husayn ibn Sinoning tibbiyotga doir bir nechta urjuzalari (rajaz bahrida yozilgan tibbiy dostonlar) yaxshi misol bo‘ladi. Mazkur urjuzalar she’riy yo‘l bilan yozilsa ham ular poeziya emas, balki tibbiyotga doir asarlardir. Lekin, biz bilamizki, qadimgi Yunoniston va Rim adabiyotida Arastuning (va Forobiyning ham) fikriga yangilik kirituvchi adabiy hodisalar vujudga kelgan. Bu Feokrit bukolikalari va idilliyalari, Vergiliy georgikalari, Lukretsiy Karrning “Narsalar tabiati” poemasidir. Shuningdek, Forobiy badiiy nasr xususida yozadi: “Bordiyu, so‘zlar biror narsaga taqliddan tashkil topgan bo‘lsayu, lekin ular biror ohang bilan vaznga tushirilgan bo‘lmasa, unday tizma so‘zlar she’r sanalmaydi, balki bundaylar she’riy so‘z-mulohaza deb yuritiladi”99.
Forobiy badiiy asarda qahramonlarning xarakterlari qanday ochilishi haqida fikrlaydi: “Shunday qilib, (badiiy asarda tasvirlangan) insonning fe’l-atvori ko‘proq o‘zining xayollariga (ya’ni hayot haqidagi tasavvurlariga) bog‘liq bo‘ladi. Bular ko‘pincha (adib, shoirning) bilimi yo andishasiga bog‘liq bo‘ladi”100. Bizningcha, Forobiy bu erda shuni aytmoqchiki, adib, shoir, rassom (taqlidchi, tasvirlovchi)ning xayollari (hayot, odamlar haqida tasavvurlari), bilimi, fikr-o‘ylari badiiy asar qahramonining fe’l-atvoriga, xarakteriga ta’sir ko‘rsatadi. Ma’naviy barkamol, etuk- daho ijodkorlarning asarlarida qahramonlar ham (agar u ideal yoki ijobiy qahramon bo‘lsa) jasur, adolat va haqiqat, ozodlik uchun kurashuvchi bo‘ladi. Mabodo mana shu etuk adiblar, shoirlar, rassomlarning qahramonlari salbiy bo‘lsa, adolatsiz, tuban fe’l-atvorli bo‘lsa ham – hayotdagiday tasvirlanadi. Forobiyning quyidagi fikri shu haqda deb o‘ylaymiz: “Ammo shunisi ham borki, ko‘pincha uning (ijodkorning bilimi va andishasi xayolidagi narsalariga (ya’ni, tasvirlanayotgan narsalarga, ehtimol, tuban fe’l-atvorli qahramonlarning qilmishlariga) teskari kelib ham qoladi. Bunday paytlarda u (ijodkor) o‘z fe’l-atvori, o‘z bilimi va andishasiga ko‘ra emas, balki (o‘sha tasvirlanayotgan odamlar, qahramonlarning) xayoliga ko‘ra ish tutadi”101. Bizningcha, bu erda hozirgi adabiyotshunoslik taraqqiyoti davridan ming yil avval Forobiy badiiy asarda xarakterlarning o‘z fe’l-atvori, tasavvurlariga, hayotiy qarashlariga ko‘ra, mustaqil harakat qilishini, ya’ni xarakter mantiqidan kelib chiqish zarurligini tushunib etgan.
Forobiyning “Shoirlar san’ati qonunlari haqida” risolasi Arastu “Poetika”sining sharhi ekanligini aytadi. Forobiyning ilk mulohazalaridan ko‘rinadiki, u Arastu “Poetika”sining faqat bir qismini, boshqa o‘rinlarda esa uning “Sofistlarga raddiya“ va “Sinoatu-l- mug‘olitayn” (“Sofistlarning sirlari”) asarlaridagi she’riyatga doir ayrim o‘rinlarni sharhlaydi.
Bizningcha, Forobiyning qo‘lida Arastu “Poetika”sining bizgacha etib kelgan birinchi kitobining ham chalaroq nusxasi bo‘lgan. Shuning uchun Forobiy risolaning boshlanishida o‘quvchisidan uzr so‘raganday “Hakim Arastu o‘zining shunday fazilati va dahosi bilan tugatib qo‘yishga jazm qilmagan bir ishni biz nihoyasiga etkazishga intilishimizdan ko‘ra, bu san’atda foyda beradigan va hozirgi zamonda (Forobiy davridagi she’riyatga doir asarlarda) uchraydigan qonun-qoidalar, misol va mulohazalar bilan cheklansak yaxshiroq bo‘lur edi”, deydi. Bu asarida Forobiy “Poetika”ning juda oz o‘rinlariga e’tibor berib, ko‘p o‘rinlarda “Xitoba” (“Ritorika”) va “Sofistlarga raddiya” asarlarini sharhlaydi.
Arastuchi va mantiqchi olim sifatida Forobiy she’r san’atini ham mantiq ilmi nuqtai nazaridan tadqiq etadi. U barcha fikr-mulohazalarni turlarga ajratib, tasniflar ekan, tasniflarning ham turli xillarini keltiradi. “Biz deymizki, lafz G’ so‘zlar yo biror ma’noni bildiradi yo bildirmasligi ham mumkin”. Forobiy ma’no bildirmaydigan yoki ma’nosiz so‘zlar qaysi so‘zlar ekanligini aytmaydi. Ehtimol, u ma’no bildiradigan so‘zlar deb, narsalarning faqat ismlarini, morfologik (so‘z turkumlari) bo‘limiga doir bulut, suv, non, bug‘doy so‘zlarini yoki “bilan”, “va”, “lekin”, “biroq” kabi bog‘lovchi yoki yordamchi so‘zlarni aytmoqchimi? Lekin, Forobiyni ham, bizni ham ma’no bildiruvchi so‘zlar qiziqtiradi. Forobiy yozadi: “Ma’noni bildiruvchi so‘zlar sodda va murakkab bo‘ladi. Murakkab bo‘lgan so‘zlar biror mulohazani anglatadi yo anglatmaydi”. Yana savol tug‘iladi: “Mulohazani – fikrni anglatmaydigan murakkab so‘zlar qaysi so‘zlar ekan? Ehtimol, bu so‘zlar fikrni emas, narsaning bor-yo‘qligini yoki qandaydir sifatini yoki nimaligini anglatar?
Forobiy fikrini davom ettiradi: “Mulohaza (fikr) anglatadigan so‘zlarning qat’iy jazmliligi (arabcha – jozyim), va jazmsizi bo‘ladi (rus tilida – kategorichno‘e i nekategorichno‘e). Masalan: Ertaga qor yog‘adi (jazmli – qat’iy fikr). Ertaga qor yog‘ishi mumkin (jazmsiz, ehtimolli fikr). Qat’iylari yo to‘g‘ri, yo yolg‘on bo‘ladi”102. Bu erda Forobiy yolg‘on fikr deb, obrazli, tashbihli, munosabatli fikrni aytmoqchi.
“Yolg‘onlaridan ba’zilari, – deydi Forobiy, – eshituvchilar zehniga (doston eshituvchilar yoki teatr tamoshabinlari) uni anglatadigan ma’no bilan birga o‘rnashib qoladi. Vaholanki, boshqalari esa (ya’ni yolg‘on bo‘lmagan badiiy tasvirlar) ularning ongida narsalarning o‘xshashi – aksi (tasviri) bilan o‘rnashib qoladi. Mana shu narsalar taqlidlar – she’riy mulohazalar sanaladi”103.
Bu jumlada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “narsalarning o‘xshash-aksi” so‘zlariga atoqli forobiyshunos olim Abdusodiq Irisov bunday izoh beradi: “(Arabcha) matnda o‘xshatish, aks etish “muhokiya” so‘zi bilan ifodalangan. Bu istilohiy ma’noda taqlid qilishga to‘g‘ri keladi. Qadimgi har bir badiiy asar, she’r (syujetli) yo hikoya, yo dramatik asar odatda to‘qima bo‘lmagan, hammasi hayot voqealari asosida bitilgan. Shuning uchun hayotda odamlarga o‘rnak bo‘ladigan har bir voqea-hodisaga namuna sifatida qaralib, buni adabiyotda aks etgani, ya’ni she’r yo hikoya – taqlidiy adabiyot deyilgan. Lekin taqlid adabiyotda voqelikni chinakam aks ettirish orqali haqiqat yuzaga chiqarilgan. Bizda janr sifatida qoraladigan “hikoya” so‘zi arabchada aks, taqlid, o‘xshatma degan ma’noga borib taqaladi”.
Arastu “Poetika”sida aytilgan, poeziya san’atining asosiy tamoyili – hayotga o‘xshatish ma’nosidagi taqlid-mimesis hodisasini Forobiy shunday tushuntiradi. U poeziya san’atini hayotni aks ettirish deb biladiki, bu hozirgi poetika nazariyasida ham to‘g‘ri hisoblanadi. Lekin she’riyat – poeziyada hayotni aks ettirishning turlicha darajalari borligini Forobiy bunday tushuntiradi: “Mana shu aks-o‘xshashliklarning ba’zilari eng mukammal bo‘ladi, boshqalari nuqsonli bo‘ladi”104.
She’riyatda, umuman, san’atda hayotni aks ettirishning mukammal va nuqsonli darajalarni kim aniqlaydi, degan savol tug‘iladi. Forobiy shu haqda yozadi: “Ularning mukammalligini, yo nuqsonli ekanini aniqlash shoirlar va turli-tuman, til va lug‘atlardagi (fikrlarini va) she’riyatni o‘rganayotgan ma’rifat ahlining fikr doirasiga kiradi”105.
Forobiy fikricha, she’riyatda hayotning tasviri, aks – o‘xshashliklarda ham mubolag‘a, tashbih, favqulodda o‘xshatish (loflar) bo‘lsa ham ularni mug‘olata – sofistika deyilmaydi: “Lekin, bundan hech kim mug‘olata-sofistika bilan aks-taqlid ikkovini bir so‘z deb o‘ylamasin. Bular ikkovi ba’zi sabablarga ko‘ra bir-biridan butunlay farq qiladi. “Sufastoiy (sofist) eshituvchini (suhbatdoshini) g‘alatga undab (yanglishtirib), haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, nuqsonli narsalarni ko‘z oldiga keltirib qo‘yadi. U xatto mavjud narsani nomavjud deb, nomavjud narsalarni esa, mavjud deb tasavvur qildiradi.
Ammo (shoir, adib) taqlidchi (aks ettiruvchi) bo‘lsa, narsa suvratining teskarisini emas, balki uning o‘xshashini tasavvur qildiradi”106.
Forobiyning in’ikos nazariyasiga doir bu fikri juda muhim bo‘lib, u Arastu poetikasining mag‘zi, asosi – mimesis (tasvir, aks ettirish ma’nosidagi) taqlid, hayotga o‘xshatish bilan hatto san’at, adabiyotning asosiy yo‘li – hayotni (hayotdagi o‘xshash qiyofalarni, obrazlarni, xarakterlarni) haqqoniy aks ettirish – realizm bilan bog‘liqdir. Lekin hayotning o‘xshashini tasvirlash, Forobiy fikricha, hayotdan oddiy nusha ko‘chirish emas, balki ijodkorning hayotni qanday idrok etishi, xissiyotlari, tuyg‘ulari bilan bog‘liqdir. Shu o‘rinda Forobiy hayotni obrazli aks ettirishga bir misol keltiradi: “Bunga o‘xshash narsalar hisda ham uchraydi. Bu shundayki, o‘z joyida jim turgan kishi (atrofida yoki osmonda harakat qilayotgan jismlarga qarasa, o‘zi ham) go‘yo harakat qilayotganday bo‘ladi”. Yoki buning aksi. “Kemaga mingan kishi (kema suzib borayotganida) qirg‘oqda qolganlarga qarasa yoki yoz chog‘ida osmondagi oy va yulduzlarga tez yurayotgan bulutlar ortidan qarasa, shunday bo‘ladi. Bunday hol odamlarning hislarini chalg‘itadi”107. Lekin, Forobiy aytmoqchiki, bu san’atkorning chalg‘itishi emas, balki ijodkor tasviridagi manzara ham odamlarda tek turgan qirg‘oq harakat qilayotganiday taassurot uyg‘otadi.
She’riy fikrlashning boshqa turdagi fikr-mulohazalardan farqini Forobiy yana bunday tushuntiradi: “Mulohaza yo qat’iy, yo qat’iy emas, qiyosiy bo‘lishi mumkin. Bordiyu u (fikr) qiyosiy bo‘lsa, u holda bilquvva, uning tabiatidan, yo bo‘lmasa, bilfe’l-harakatidan (qiyosiy) bo‘ladi. Bordiyu, (qiyos, o‘xshlik) uning tabiatidan bo‘lsa, u holda u yo istiqro‘ (induktiv) bo‘ladi, yo bo‘lmasa, mulohaza tamsil (analogiya, o‘xshashlik) bilan bo‘ladi. Tamsil (o‘xshatish) esa ko‘pincha she’r san’atida ishlatiladi. Bundan ayon bo‘lishicha, she’riy mulohaza tamsil (analogiya)ga kiradi”108.
Fikr – mulohazalar qaysi sohalarda, qaysi ilm – fanlarda va qanday maqsadlarda aytilishiga (yozilishiga) qarab, yana bir qancha turlarga bo‘linadi. Shu nuqtai nazardan Forobiy fikr – mulohazalarni yana quyidagicha tasnif qiladi: 1. Butunlay rost mulohazalar. 2. Butunlay yolg‘on mulohazalar. 3. Rostlik va yolg‘onlikda teng me’yordagi mulohazalar (ritorik). 4. Butkul rost mulohaza. Bu, hech so‘zsiz, burhoniy, isbotli deb ataladi. 5. Rost tomoni ko‘proq mulohazalar. U holda u jadaliy (dialektik) bo‘ladi. 6. Rostligi butunlay kamayib boraversa, u holda sufastoiy (sofistik) mulohazalardir. 7. Mulohaza butunlay yolg‘on bo‘lsa, u holda uni hech shubhasiz, she’riy deb ataladi. “Ushbu qismlarga bo‘linishdan ko‘rinishicha, – deydi Forobiy, – she’riy mulohaza na isbotli, na dialektik, na xitobiy-ritorik va na sofistik emasdirlar”109.
Nima uchun she’riy fikrlash yolg‘on deb atalishini yuqorida ozroq tushuntirdik. Agar obrazli so‘zlar to‘g‘ri ma’noda tushunilsa, yolg‘on bo‘lib chiqadi. Shoirlarning fikrlarini yolg‘on deyishning uch ming yillar davomida bir necha sabablari aytilib kelinadi. Eng qadimiy she’riy asarlardan biri – poetik ijodning Shumer va Bobil variantlari bo‘lgan “Bilgamish” dostonida falsafiy jihatdan to‘g‘ri va dialektik mulohazalarning tashbihli, obrazli, mubolag‘ali yorqin ifodalarini o‘qiymiz.
Forobiy she’riy mulohazani tamsil, analogiya, qiyosga asoslanadi, deb to‘g‘ri tushungan. “Shu bilan birga u (she’riy, poetik fikr) sulujismus (sillogizm – asoslovchi) yoki unga qaram bo‘lgan nav’larning biriga borib taqaladi, ya’ni istiqro‘ (induktsiya – yakka narsalardan umumiy xulosa qilish), misol (analogiya), farosat (intuitsiya) va shunga o‘xshash narsalar bo‘lib, bularning mantiqiy quvvatida o‘sha qiyos – sillogizmning kuch-quvvati bo‘ladi”.110
Forobiy fikricha, she’riy fikrning sillogizm – qiyosga (bir narsani boshqa narsa bilan qiyoslab, fikrni asoslashga) yaqinligi unda o‘xshatishlarning ko‘pligidandir. Boshqacha aytsak, Forobiy goho she’rni “yolg‘on” mulohaza deydi, goho asosli, sillogistik mulohaza deydi. Shundan keyin Forobiy she’riy tafakkurning qanday navlarga bo‘linishi haqida gapiradi: “She’riy mulohazalarga kelganda, biz senga aytsak, yo vaznlarga qarab yoki ma’nolariga qarab turlarga bo‘linadi. Ammo vaznlarga qarab bo‘linishlariga kelganda shuni aytish kerakki, bundan buyog‘iga mulohaza yuritish musiqor – muzikachi va aruzchilarga tegishlidir. Shu bilan birga, mulohazalar (ya’ni she’riy so‘zlar) qaysi tilda bo‘lgani va musiqachining qaysi toifadan chiqqaniga bog‘liq. Musiqachi deb Forobiy xalq laparlariga va aytishuv, baytbarak kabilarning musiqachi ijrochilarini, aruzchi deb, aruz bo‘lmasa ham, umuman, turli vaznlarni tekshiruvchi filolog olimlarni nazarda tutadi. Yunon she’riyatining navlari haqida Forobiy bunday deydi: “Ammo satiraga kelganda shuni aytish kerakki, bu ham she’riyatning bir nav’i bo‘lib, uning o‘ziga xos vazni bor. Bu navdagi she’rlarni musiqachi olimlar ijod qilganlar. Ular o‘z kuylari bilan to‘rt oyoqli hayvon, xatto jamiki hayvon zotlarini harakatga keltiradilar. Shunda bu hayvonlar o‘zlarining tabiiy harakatlaridan bir oz chetga chiqqan bo‘lib (ya’ni, echki – satirlar odamlarday harakat qilib), odamlarni, (tomoshabinlarni) taajjubga soladilar. Demak, Forobiy fikricha, badiiy asar (qadimgi zamonlarda barcha san’at asarlari – poeziya deyilgan) hayotdagi juda qiziqarli, iloji boricha, ajoyib-g‘aroyib voqealarni va harakatlarni tasvirlashi, tinglovchilarda, tamoshabinlarda taajjub, hayrat uyg‘otishi zarur.
Poetik mulohazalarning hajviy turi badiiy nasrga ham taalluqlidir. Badiiy nasrda ham hajvchi shoir jamiyat hayotidagi turli ijtimoiy illatlarni biror voqea va unda qatnashuvchi xarakterlarga taqlid qilish, ularga o‘xshatish bilan ko‘rsatadi, aks ettiradi. Poetik ijodning hayotiyligi haqida Forobiy: “Ammo komediyaga kelsak, bu she’riyatning ma’lum bir turi bo‘lib, uning ham ma’lum vazni bo‘ladi, unda yomon fe’l – atvorlar zikr qilinadi. Odamlar, ularning axloqlarida qoralanadigan, xush ko‘rilmagan tabiatlar (xarakterlar) xajv qilinadi”. Komediya ruhi hajv, kulgi drama nav’ida ham, badiiy nasrda ham mavjuddir. Ba’zi hajviy xarakterlarni she’riyatda ham, nasrda ham ravshan tasvirlash mumkin. Mumtoz jahon adabiyoti tarixida romanlar she’r bilan, dostonlar nasrda yozilgani hollarini ham uchratamiz. O’rta asr ritsarlik romanlari she’rda, poema shaklida (“Roland haqida qo‘shiq”, “Sayidim haqida qo‘shiq”) va ba’zi dostonlar badiiy nasrda (“Romeo va Juletta”, “Hazrat Ali jangomasi”, “Abo Muslim jangomasi” xalq qissalari shaklida) yozilgan.
Forobiyning yunon she’riyati nav’lari haqidagi ba’zi fikrlari taxminiy, ba’zilari noaniq ekanligini ko‘ramiz. “Difiramba – she’riyatning bir turi bo‘lib, uning vazni tragediya vaznidan ikki barobar katta bo‘ladi (?) Unda yaxshilik va maqtaladigan barcha xulq-atvorlar, insoniy fazilatlar zikr etiladi”.111 Drama janriga “ammo dramaga kelsak, – deydi Forobiy, – u ham xuddi yuqorida keltirilganlari kabi she’r turlaridan biri sanaladi: faqat bunda ma’lum voqealar va ma’lum shaxslar to‘g‘risida mashhur bo‘lgan masal va naqlllar zikr qilinadi. Shunisi ham borki, bular yo mahoratning zo‘rligidan va g‘oyatda go‘zal bitilganidan odamni xushnud qiladi.” 112 Bu erda Forobiy ma’lum shaxslar haqida mashhur bo‘lgan masal va naqllar deb yunon miflarini nazarda tutadi. Forobiyning “Shoirlar san’ati qonunlari haqida” asarini arabchadan ruschaga tarjima qilib, izohlar yozgan A.V.Sagadev, A.X.Qosimjonovlar fikricha, Forobiy bu asarni yozishda Arastu “Poetika”sining Matto Ibn Yunusnuqsli, nomukammal matndan qilgan tarjimadan foydalangan bo‘lsa kerak. Shu sababli Arastuning tragediya kamoloti, uning eposdan farqi, uning unsurlari, tragediya hajmi, voqea birligi, ichki bo‘linishi (og‘ir holat, mushkulot, peripetiya – kutilmagan, keskin burilish, pafos – yuksak ehtiroslar), katarsis – dahshat va hamdardlik bilan ruhni poklash haqidagi muhim adabiy-estetik fikrlari Forobiyning etiboridan chetda qolgan.
Arastu “Poetika” asarida tragik shoirlar ba’zi miflarning voqeasini o‘zgartirish bilan xarakterlarni kuchaytirganligini aytadi. Shu bilan birga Forobiy Arastu “Poetika”sining bizgacha etib kelmagan qismlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar beradi. “Poetika”ning mavjud matnida difiramba, yombu (yamb vaznidagi asarlarning ma’no-mazmuni), eyniy, satira, poema, diagramma, akustika, efajonosus (ko‘chirma asar) haqida ayrim-alohida ta’riflar beriladi. “Ammo eyniyga kelsak, – deydi Forobiy, – bu ham she’riyatning nav’laridan biri bo‘lib, unda odamni xursand qiladigan mulohazalar zikr qilinadi. Shunisi ham borki, bular yo shoir mahoratining zo‘rligidan (ya’ni shoir noyob she’riy sana’atlarni bilishidan) va g‘oyat go‘zal bitilganidan odamni xushnud qiladi”. Bu erda Arastu aytgan ilohiy iste’dod va malaka, qobiliyat (texne) haqida gap borsa kerak. Arastu malaka, mahoratga nisbatan tug‘ma istedodni afzal deb biladi. Forobiy esa boshqacha fikr yuritadi. Tabiatan shoirlar tashbex va tamsilga layoqati yaxshi bo‘ladi. Lekin bu xil shoirlar she’r san’tidan keragicha xabardor bo‘lavermaydilar, balki ular tug‘ma qobiliyatlarining yaxshiligi bilangina qanoatlanadilar. Bunday shoirlar chinakam musaljis – mulohazakor shoirlardan sanalmaydilar”. Tarjimon ustoz Abdusodiq Irisov musaljis – (yunoncha sillogistik – chuqur fikrlovchi) so‘zini mulohazakor shoirlar deb o‘giradi. Bizningcha, Forobiy lahzada o‘zgaruvchi, tovlanuvchi nozik his-tuyg‘ularni tasvirlovchi lirik shoirlarga nisbatan mutafakkir shoirlar ustun turadi, demoqchi.
Qadimgi davrlardan hozirgacha lirik shoirlarga nisbatan epik shoirlarning shon-shuhrati ham balandroqdir. Ammo dunyoda yana Alisher Navoiy, Gyote, Shekspir, Bayron, Pushkin, Oybek, Cho‘lpon kabi lirik va epik shoirlar ham borki, bularning ijodi nazariy qonun-qoidalarga nisbatan boyroqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |