Tariqat so‘zi lug‘aviy jihatdan yo‘l ma’nosini anglatadi. Istilohiy jihatdan esa sufiyning o‘zini poklash va Allohga yaqinlashish uchun tanlagan yo‘li hisoblanadi. Tasavvufda shariatsiz tariqatga kirib bo‘lmagani kabi tariqatning biror yo‘lini qabul qilmay ham o‘z maqsadiga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun tasavvufda suluk at-tariq (yo‘lni o‘tash) degan tushuncha bor. Tariqat yo‘lini o‘tab, uning manzillariga egallab, maqomlariga etishish orqaligina tasavvufda haqiqiy poklanishga erishiladi. Muayyan bir tariqatning ichida toifa va silsila munosabatlari shakllangan bo‘lishi mumkin. Allohga bo‘lgan buyuk muhabbat uning biru borligiga iymon keltirgan mo‘’minlarning jamoalashuv istagini tug‘dirdi. Tariqat esa mana shu pokiza ilm va axloq yo‘lida birlikka intilishning natijasi o‘laroq vujudga keldi. Demak, sufiylarning tariqatlashuv jarayoni ayrim G’arbdagi mutaxassislar aytganidek, ajralish yoki bo‘linish istagi bilan emas, balki axloqiy poklanish yo‘lida birlikka intiluvning natijasi o‘laroq maydonga chiqqan.
Tariqat istilohining muqobili sifatida G’arb olimlari “orden”, “bratstvo” atamalarini o‘z asarlarida qo‘llaydilar. Lekin bu tushunchalar tasavvuf tariqatlari mohiyatini to‘la anglatmaydi. Ayrim hollarda esa ular mazhab tushunchasiga yaqin kelishi mumkin, xolos.
Ilk tasavvuf tariqatlaridan jabariyya (ulug‘lik, Allohning ulug‘ligi) tarafdorlari inson erkini cheklab, hamma narsa Alloh tomonidan berilgan fikrini ilgari surdi, qadariyya tariqati vakillari esa inson erkini yoqladi va shu bilan birga banda o‘z gunohlari uchun Alloh oldida mas’uldir, degan fikrda qoldi. Shu davrda botiniyya, xammariyya kabi tariqatlar ham vujudga kelgan82.
Tariqat nazariyasi milodiy XI asrdan boshlab shakllanish davriga kirgan va sekin-asta tariqatlanish tamoyillari ishlab chiqilgan. Tasavvuf olimlari orasida nisbatan birinchi bo‘lib tariqatlanish ilmi va tamoyillariga yuzlangan alloma Abul Hasan Xujviriy (vaf. 1074) bo‘lgan. Uning “Kashfu-l-mahjub” (“Poklanish yo‘llarining kashfiyoti”) asari (1073)da muxosibiylik, kassariylik - malomatiylik, tayfuriylik, junaydiylik, nuriylik, sahliylik, hakimiylik, xarraziylik, xafifiylik, sayariylik singari o‘n tariqat zikr qilingan83. Mardud (rad qilingan) tariqatlar sifatida xulumiylik va xallojiylik keltirilgan. Al-Vositiyning “Tiryaqu-l-muhibin” (“Muhiblar tariqatlari”) asari (1320)da Xujviriyning tasnifi, asosan, qabul qilinishi bilan birga qator yangi tariqatlar, ya’ni XI asrdan boshlab shakllana boshlagan biloliylik va uvaysiylik haqida ma’lumotlar bor. Muhammad Sheroziyning “Taroyiqu-l-haqoyiq” asari asosida tariqatlanish jarayonini o‘rgangan olim M.Hazratqulov kitobida quyidagi tasavvuf silsilalari: qodiriylik, muxosibiylik, malomatiylik, qalandariylik, tayfuriylik, junaydiylik, rafoiylik, sahliylik, suxravardiylik, mavlaviylik, safaviylik, naqshbandiylik, ne’matullohiylik, qubraviylik, shoziliylik, bektoshiylik, nuriylik, isaviylik va b. ko‘rsatilgan84.
G’arb olimlari tasavvuf tariqatlariga munosabatda hududiy, milliy va mazhabiy tasniflarni ilgari surganlar. Ingliz olimi Jorj Tremingem ko‘proq hududiy tasnifning himoyachisi sifatida ko‘rinadi. Uningcha, tasavvuf tariqatlanishida Bog‘dod maktabi - Iroq (Mesopotamiya)ni alohida ko‘rsatiladi. Misr va Mag‘rib (Andalusiya) maktablaridan biri sifatida shazaliylik anglatiladi. Undan keyin esa, Eron va Hind hamda Turkiston maktablari tavsifi berilib, ularning eng mashhurlari kubroviylik, yassaviylik, mavlaviylik, xojagon-naqshbandiylik, chishtiylik, Hindiston suxrovardiyligi deb talqin qilinadi. Bulardan tashqari olim «Islomdagi tasavvuf tariqatlari» kitobida hosila tariqatlar sifatida ro‘zbexoniylik, kizoniylik va boshqalarni tilga oladi. J.Trimingem talqinicha, Mesopotamiyadagi tariqatlar orasida mashhurlaridan biri suxravardiylik bo‘lib, Abu Najib Suxravardiy (1097-1168) nomi bilan bog‘langan, asosan, Kichik Osiyo va Xurosonda mashhur bo‘lgan. Suxravardiyning “Adabu-l-muridin” nomli asari xonaqoh va madrasalarda o‘quv qo‘llanmasi sifatida qo‘llanilgan. Qodiriylik ayrim manbalarda ilk tasavvuf tariqati sifatida qabul qilinadi. Bu tariqat mashhur shayx Abdulqodir Giloniy (1077-1134) nomi bilan bog‘liq. Xuroson, Turk va Hind hududlarida vujudga kelgan tariqatlar esa Abu Hasan Haraqoniy, Abu Yazid Bistomiy va Yusuf Hamadoniy nomi bilan bog‘liq ekani aytiladi. J.Trimingem talqinida tasavvuf tariqatlarining hududlararo tasnifi bilan birga tariqat va silsila munosabatlari farqli tushunchalar sifatida anglatiladi85.
Ayrim g‘arb mutaxassislari tasavvuf taraqqiyotini mu’tazila ta’limoti bilan bog‘lashadi. Mu’tazila (ketish, uzoqlashish) tarafdorlari (Vosil ibn A’ta) jabariylikka munosabatda ulardan ajralib ketadi va shu voqeadan mu’taziliylik zohir bo‘ladi. Demak, Vosil (700-749), uning shogirdi Amr ibn Ubayd (vaf. 769) davrida bu qarash kuchaygan. Ular hokimiyatdagi umaviylardan uzoqlashganlar va zohidlik mashg‘uli bilan mashhurdirlar. Mu’taziliylik Vosilning “Fi-t-tavhid va-l-adl” (“Allohning birligi va adolat”) kitobi orqali ham tarqalgan, biroq bu asar bizgacha etib kelmagan. Bu qarash basralik Abu Ishoq Ibrohim ibn Sayyar Nizom (vaf. 845) tomonidan davom ettirilgan. Bishr al-Mu’tamir (vaf. 840), Abu Xudayl Allaf (vaf. 849) ushbu ta’limot bilan cheklanmay, uni kengaytirganlar. Ayniqsa, xalifa Ma’mun tomonidan (824) bu ta’limotni davlat dini darajasida qabul qilinishi uni abbosiylar saltanatida keng qo‘llanishiga sabab bo‘lgan. Keyinroq xalifa Mutavakkil (847-861) bu qarashlardan voz kechgan86. Mu’taziliylik davrida yunon manbalariga ko‘proq o‘rin berilgan, tarjima adabiyoti kuchaygan. Bu sohada xalifalik tabibi Bixtyishu va Xunayn oilasi ko‘p xizmat qilgan. Bixtyishu abbosiy xalifalardan Mansur (754-755) davrida, Jirjis ibn Bixtyishu va uning o‘g‘li Bixtyishu II ibn Jirjis Xorun ar-Rashid (786-809) davrida faoliyat ko‘rsatgan. Ikkinchi oila boshlig‘i Hunayn ibn Ishoq Ibodi (810 y. tug‘.) xalifa Ma’mun tomonidan bosh mutarjim etib tayinlangan. X asrda Basrada besh olim faoliyati bilan “Ixvanu-s-safa” (“Musaffo birodarlar”) guruhi mashhur bo‘lgan va ular ham yunonlar yo‘lidan yurganlar87. Ayni shu davrda Ovro‘pa olimlari talqinicha, neoplotinizm kuchaygan. Plotin (204 y. tug‘.) “Eneida” (“To‘qqizliklar”) kitobida dunyoni besh bosqich (asos)da tushuntiradi: 1) birlik; 2) ruh; 3) qalb: 4) materiya; 5) moddiy dunyo ko‘rinishi. Insonning maqsadi ruhni jismoniy jasad (jon)dan ozod qilib, ilohiy hayotga yo‘llashdir. Sufiylikni neoplotinizmdan oziqlangan deyuvchilar har ikki ta’limot o‘rtasidagi mana shu yaqinlikni nazarda tutadilar88.
Tasavvuf tarixida insonning o‘zi ustidan nazorati kuchaydi va bu yo‘nalishda Abu Abdulloh Xaris Muxosibiy (vaf. 857)ning “Ar-rioya li huquq Alloh” (“Allohning huquqlariga amal qilish”) kitobida 61 bob orqali muxosaba (o‘zini kuzatish) usullari bayon qilingan. Xuddi shu davrda muxosiblik ta’limotini yoyganlardan biri Abul Fail ibn Ibrohim Zunnun Misriy (vaf. 860) bo‘lgan. Niya va riya (sodiqlik va munofiqlik) haqida bahs kuchaygan.
Tasavvufning Xurosonda tarqalishi va ta’limot holiga kelishi Ibrohim Adham (vaf. 776) nomi bilan bog‘liq. Uning majlislari samoviy tus olgan va shogirdi Shaqiq Balxiy (vaf. 780) faoliyatida ham bu ta’limot kengaytirilgan. IX asrga kelib Nishopurda malomatiylik rivojlangan va uning Abu Xafs Umar Xaddod (vaf. 881), Abu Usmon Sa’id Hiriy (vaf. 910) kabi vakillari faoliyatda bo‘lganlar. Abul Qosim Junayd Xazzoz (vaf. 911)ning “Sayyidu-t-toifa” (“Toifalar xo‘jasi”), “Tovusu-l-fuqaro” (“Fuqarolar tovusi”) kitoblarida tasavvuf mantiqan asoslangan. Demak, tasavvuf islomning mantiqiy davomidir deb ta’lim beradi Junayd Bag‘dodiy. Abu Yazid (Boyazid) Tayfur Bistomiy (vaf. 875) tasavvufni mantiqangina emas, balki ilmiy (Qur’oniy) asoslashga intilgan. Fano va tariqat tushunchalari ilk bor Qur’oni karim asosida Boyazid Bistomiy tomonidan unga nisbat berilgan «Shatxiyyat» (lug‘aviy ma’nosi «sohilga chiqish») kitobida sharhlangan. Asarda jazba holatidagi nido, munojot va muloqotlar jamlangan bo‘lib, «Ilohiy muloqot» nomi bilan mashhur asari ham «Shatxiyyat» tarkibiga kirgan, samoviy majlislarda ehtiros bilan o‘qilgan. Boyazid Bistomiyning poklanish yo‘li (tariqi) barcha sufiylar tomonidan baravar ma’qul deb qabul qilinmagani uchun u Tavhid, ya’ni yagonalikka da’vo qilishlikda ayblangan va hukmdorlar tomonidan «kofir» deb e’lon qilingan.
Fano va tavhidga munosabatda Mansur Xalloj (858 y. tug‘.) ta’limoti e’tiborli. Abu-l-Mugis al-Husayn ibn Mansur Xalloj ta’limotida azal va surat haqidagi ta’limot, tajalli rivojlangan. Chunki azal surati moddiy dunyoda tajalli topadi. Huva-huva (U udir), hulul (insonning qisman ilohiylik kasb etishi), valiy (ya’ni muqaddaslashuvi), lohut (ilohiy inson) haqidagi qarashlar uning nomi bilan bog‘lanadi. Xalloj o‘ldirilgan va uning kitoblari yo‘qotilgan bo‘lsa ham bizgacha “Kitobu-t-tavosin” asari etib kelgan bo‘lib, kitobda 27 rivoyat va 400 nasriy parcha (zimra)lar orqali fikr bayon qilingan89. Mansur Xallojga nisbat berilgan forsiy she’rlar ham talaygina, ular asrlardan asrlarga, og‘izdan og‘izga ko‘chib yuradi.
Tasavvuf davomli suratda rivojlanib bordi va tasavvuf tarixida Irfon bosqichi (X-XIII asr) mumtoz davr sifatida qabul qilindi. Ibn Sino (980-1037) va irfoniy ishq falsafasi haqida tasavvufshunos olim N.Komilovning asarlarida izchil ilmiy talqinlar mavjud90. Abu Ali ibn Sino buyuk tabobat olimi, faylasuf, tilshunos bo‘lish bilan birga zabardast tasavvuf olimi ham edi. “Al-ishorot va-t-tanbihot” («Ko‘rsatma va tanbehlar») asarida sufiylik amaliyotining ruhoniy asoslarini ochib berdi91. «Tayr qissasi», “Solomon va Ibsol”, “Yusuf” kabi nasriy asarlari X–XII asrlarda nafaqat tasavvufiy adabiyotning, balki badiiy nasrning yuksak namunalari sifatida tan olinadi.
Mana shu davrdan tasavvufning ruhiy (ruhoniy), ilmiy-ta’limiy va amaliy asoslari shakllangan. Ruhoniy nazariya bo‘yicha shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat bosqichlariga erishish etti maqom: tavba, vara’, zuhd, faqr, sabr, tavakkul va rizo orqali yuz beradi. Sufiy qilgan gunohlari uchun tavba qilgandan so‘ng u vara’, ya’ni harom bilan halolni farqlashi lozim. Keyin zuhd va faqr maqomiga qadam qo‘yadi. Sabr va tavakkuldan keyin rizo, ya’ni qalbning tozalangani va u ilohiylik kasb etishi, Allohga qo‘shilishga tayyorligi aytiladi. Tasavvufda bu maqomlardan tashqari hol (ahvol), ya’ni bir qancha holatlar ham farqlanadi: qurb (yaqinlik), mahabba (sevgi), xavf (xatar), raja’ (umid), shavq (ehtiros), uns (do‘stlik), itma’inna (qalb osoyishtaligi), mushohida (idrok) va yaqin (ishonch)92.
Ta’limiy jihatdan qaraganda Allohni bilish ma’rifati uch bosqichda farqlanadi: 1) ilmu-l-yaqin; 2) aynu-l-yaqin; 3) haqqu-l-yaqin. Ilmu-l-yaqinda eng ishonchli kishilar, ya’ni pir-murshid vositasida Allohning biru borligi eshitib bilinadi. Solik murshid rahnamoligida ilohiy mohiyatni o‘rganib unga ishonadi. Ilmu-l-yaqinga shariat talablarini bajarish orqali erishiladi93. Ikkinchi bosqichda u fikrlash orqali Haqiqat nurining mavjudligini anglab etadi, ya’ni ma’rifatga erishadi. Haqqu-l-yaqin so‘nggi bosqich bo‘lib, unda eshitib bilish, mulohaza orqali bilishdan so‘ng ko‘rib bilish darajasiga etiladi. Demak, insonning ilohiy ruhga yaqinlashuv holati sodir bo‘ladi. Mansur Xalloj ta’limoti ana shuning uchun ham “Anal haq”, ya’ni inson ruhining ilohiyotga qovushishi tarzida kechadi.
Allohni bilishda yuqoridagi uch ma’rifiy bosqich Imom G’azzoliy (1059-1111)ning «Mukoshafatu-l-qulub» asarida farqlab ko‘rsatilgan94 bo‘lsa, «hujjatu-l-islom»ning «Ihya al-ulum ad-din» («Diniy ilmlarni jonlantirish») asarida madaniyat tarixida ilk bor
Do'stlaringiz bilan baham: |