Ifoda shakllari (nasr, nazm) haqidagi qarashlarning shakllanishi. Imperator U-di (er. a. 140-87 yillar) davriga kelib, “tsi” – kitob yoki so‘z ma’nosida emas, balki alohida poetik janr atamasi sifatida, ya’ni nasriy doston sifatida qo‘llanilgan. U-dining “Tsyu fen” (“Kuzgi shamol”) nomli asari mana shunday adabiy janrdagi nasriy qo‘shiqlardan iborat bo‘lgan. Bu davrda tsi janri bilan barobar fu singari nasriy janr shakllana boshlaganini xitoy adabiyoti tarixchilari esga oladilar. Fu dastlab tsidan keskin farqlanmagan, har ikkisi ham, asosan, nasriy asarlarga nisbatan qo‘llanilgani ma’lum. Sima Syan-ju (er. a. 179-118 yillar) ismli xitoy adibi fu janrining ustasi sifatida tanilgan. Lyu Syan tomonidan jamlangan «Tsi lyuy» («Etti qisqa majmua») nomi bilan tarixga kirgan bayoz to‘la etib kelmagan bo‘lsa ham, uning muallifi o‘z asarlarini “Shi fu”, ya’ni she’r va poetik nasr sifatida tasnif qilgani “Ilk Xan tarixi” muallifi Ban Gu asarlaridan ma’lum29. Keltirilgan mulohazalardan ma’lum bo‘lishicha, dastlab “adabiyot” ma’nosida ishlatilgan “tsi” (“so‘z”) kalomi ma’lum davrda “qo‘shiq she’riyati” (manbadan V.M.Alekseev ruschaga “pesennaya poeziya” deb tarjima qilgan) ma’nosida kelgan bo‘lsa, muayyan davrlarga kelib nasr va nazmni birlashtirgan badiiy adabiyot ma’nosini anglatishga xizmat qila boshladi. Xitoy adabiyotshunoslari Tsyuy Yuandan so‘ng ikkinchi buyuk adib sifatida Tao Yuan-min (365-427)ni tan oladilar30. Demak, o‘z ildizini xalq qo‘shiqlaridan olgan badiiy adabiyot dastlab she’riyat va ritmik nasr shaklida taraqqiy topgan. XIV asrda tartib berilgan adabiy majmua «Guven chjenbao»ga e’tibor qaratsak, tsi va fu janrlari bu vaqtga qadar adabiyotda turg‘un janrlar sifatida faol qo‘llanishda bo‘lishi bilan birga nazm va nasr atamalarining ekvivalenti sifatida ishlatilgan. Bu o‘rinda biz ma’ruza, maqola, nutq, maktub kabi shakllarda ifoda qilingan “nasr”ni umuman proza deb emas (rus adabiyotshunosligi tarixida ham “proza” so‘zi “poeziya”dan tashqari barcha janrlarni o‘zida jamlagan nasriy asar - albatta, dramaturgiyadan tashqari – ma’nosida kelganini unutmaylik), balki badiiy nasr sifatida talqin qilinganining guvohi bo‘lamiz.
Tsi so‘zi falsafada ruh ma’nosini ham anglatadi. Yaxshi tsi go‘zal xulqni, yovuz tsi yomon xulqni tug‘diradi. Qadimgi Xitoy madaniy yodgorligi I-tszin yoki “Eki” (“O’zgartirilgan kitoblar”)da yozilishicha, olamda qadimgi yunon faylasuflari aytgan “qarama-qarshi kuchlarning kurash va birligi (birlikda va doimiy kurashda ekanligi) qonuni emas, balki In va Yan birligi, ularning o‘zaro qarama-qarshi bo‘lmay, bir-birini to‘ldirib turishi, yorug‘lik va qorong‘ulik, Quyosh va Oy, kun bilan tun birin-ketin kelishi hukumronlik qiladi, In - Yan munosabatlari koinot hayotida amal qilib, fasllar (Bahor, Yoz, Kuz, Qish) o‘zgarib turganiday, vaqti va o‘rni bilan biri ikkinchisiga aylanadi. Xitoy mutafakkirlari va shoirlari In va Yan qonunlarini jamiyat hayotiga ham joriy etishni istadilar. Agar bu qonuniyatlar jamiyatga ham joriy qilinsa, koinotdagi garmoniya, uyg‘unlik odamlar hayotida ham vujudga kelishi kerak edi. Lekin, afsuski, tabiat mavjudotlari so‘zsiz bo‘ysungan bu qonunga insonlargina bo‘ysunmaydilar va shu osiyligi sababli, ko‘pincha, ijtimoiy tanazzulga uchraydilar.
Xitoy shoirlari va mutafakkirlari fikricha, koinotda, yovuz tsi tug‘ilsa, Erdagi hayotda jinoyat, qotillik ko‘payadi. Shu sababli, aziz avliyolar, ilm ahli, rohiblar va shoirlar Koinotning qudratli kuchlariga ibodat va iltijolar qiladilar, odamlarning xulqiga yaxshilik kelishini so‘raydilir. Men-Tszi (m.a. 372-389) ta’limotiga ko‘ra, inson tabiatida besh azaliy ezgu xislat bor: 1. Jen - insonlik. 2. I – burch, adolat. 3. Li -xushmuomalalik. 4. Sin - samimiylik. 5. Chji – aql, bilim. Shular qo‘shilganida, kamol topganida ezgu ruh (tsi) vujudga keladi.
Syun-tszi (m.a. III asr) fikricha, olov va suvda tsi (ruh) bor, lekin jonli hayot yo‘q (qushlar va hayvonlarda o‘ziga yarasha aql bor, lekin burch, adolat yo‘q. Insonda esa tsi (ruh) ham bor, jon ham bor, aql va adolat ham bor, shu sababli u osmon ostidagi eng aziz, sharafli jonzoddir. Xitoy shoirlari torroq ma’noda mayus qo‘shiq (elegiya)ni ham tsi deb ataganlar.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda badiiy adabiyot tushunchasi o‘z zimmasiga chuqur ma’no (mazmun) bilan birga davrlar o‘tishi bilan badiiy (bu so‘zning arab tilidagi dastlabki ma’nolaridan biri “go‘zal” ekanini unutmagan holda), ya’ni go‘zal shakl tushunchasi ham qo‘shilib, badiiy adabiyotning mohiyatini anglatuvchi ma’no va shakl birligi sifatida namoyoni bo‘lganini ham anglash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |