«Gilgamish» - adabiy-estetik manba sifatida. Jahon adabiyotining eng qadimiy durdonalaridan bo‘lmish “Gilgamish” yoki (“Bilgamish”) dostoni ana shunday etuk asarlardan biridir. Yuksak badiiyati va insonparvarlik ruhi sababli bu asar qadim zamonlardayoq turli tillarga tarjima qilingan. “Bilgamish” dostonining turli variantlari, ayrim holda, qo‘shilgan va o‘zgartirilgan turlicha nusxalarning topilishi bu manbaga oid qadimgi vaqtlardayoq ilmiy-adabiy qarashlar, ilmiy adabiy tadqiqotlar vujudga kelganligini bildiradi. Chexiyali qadimshunos olim Yozef Klimaning aniqlashicha, asar olti qissadan iborat bo‘lib, uning beshtasi dostonning hozirgi bizgacha saqlangan variantida aks etgan. Har bir qissa bir necha qo‘shiqlardan iborat bo‘lib, dastlabki qissaning 9 qo‘shig‘iga qadar Gilgamish asarga kirib kelmagan. So‘ngra esa dostonning “Gilgamish va jonli er”, “Gilgamish va samoviy ho‘kiz” kabi sarguzashtlar bayoni beriladi. Nihoyat, shumer variantining so‘nggi qismi “Gilgamish va Aga” bo‘lib, u akkad variantiga kiritilmagan. Doston voqealari Shumerda vujudga kelgan butun dunyoni to‘fon bosishi, Shuruppak shahri hokimi Zi-Usudra kema yasab, jonzodlardan bir qismini qutqarishi haqidagi mif ming yildan so‘ng nozil bo‘lgan Injilning Tavrot qismidagi Nuh to‘foni tasviriga o‘xshab ketadi17. Qadimgi Shumerning poytaxti Nippur shahri vayronalaridan topilgan To‘fon afsonasi “Gilgamish” (“Bilgamish”) dostoni tarkibiga kiradi. Dostonda Gilgamish xoqonning dushman shahri Kish podshohi Agaga qarshi jang qilgani, uni enggani va o‘z yurtiga qaytargani, do‘sti Enkiduning o‘limidan so‘ng o‘lmaslik gulini izlab, olis dengiz safariga chiqishi va safar chog‘ida donishmand Utnapishtimni uchratib, undan To‘fon voqeasini eshitgani tasvirlanadi.
Shumershunoslarning fikricha, “Gilgamish” dostoni avvalroq turli mustaqil kichik dostonlardan iborat bo‘lgan. So‘ng turkumlashuv qoidasiga ko‘ra, bu alohida asarlar bir dostonga birlashtirilgan. “Gilgamish” dostonining yaxlit variantida qahramon do‘sti Enkidu bilan birga Livandagi kedr o‘rmoniga borib, Uruk shahri qurilishi uchun daraxtlarni kesishi, Xumbabu ismli dahshatli dev bilan kurashib, Quyosh tangrisi O’tu (O’ttu) yordamida devni o‘ldirishi voqeasi tasvirlanadi. Asarda qadimgi shumer xalqining adabiy-badiiy tafakkuri, qarashlari ham aks etgan. Kish davlatining bosqinchilariga qarshi Gilgamish va Enkiduning jangi tasvirida turkiy qahramonlik eposiga xos emotsional, his-hayajonli ritorik takrorlar, savol-javoblar, vatan himoyasi uchun “Omochlarni qilichga almashtiramiz!” kabi shiorlar, “yovlarning qo‘rquvdan aqli adashdi, fikri to‘zidi, esankiradi” degan xalqona iboralar ko‘p uchraydi.
Turkiy xalqlar eposi, jumladan, “Alpomish” dostoni qahramonlari qabila, elat boshliqlari, beklar bo‘lsa, “Gilgamish” (“Bilgamish”) dostonida ham bosh qahramon yurt hokimi va ruhoniy kohindir. U do‘sti Enkiduga “O’lmas toqqa borib, yo nomimni shon-sharafga burkayman, yo murodimga etish mumkin bo‘lmasa, Tangrilarni sharaflayman!”, - deydi.
“Gilgamish” dostonida Eru Osmon ma’budi Enlil sha’niga, undan so‘ng Enlil nazar qilgan poytaxt shahar Nippurga madhiya aytiladi. Bu madhiyada Suqrot va Aflotun zamonidan ming yillarcha avval adolatli davlat, ideal shahar ta’rifi berilgan. Dostonda hozirgacha insoniyat bilmaydigan sirli jang qurollari ishga solinadi. O’rmon egasi Xumbabu (yoki Xunxor) dev bahodir Gilgamishga, do‘sti Enkiduga, boshqa qahramonlarga qandaydir “ko‘zidan” dahshatli nur yuboradi. Xumbabu tok novdasi kabi buralgan ajdahoga o‘xshatiladi.
Xumbabu Enkiduning so‘zlariga jahli chiqib, uni haqoratlab “Sen ovqat uchun o‘zingni sotgan bir mardikor, yollangan qul” deydi. Buni eshitgan Enkidu devning boshini chopib tashlaydi. Bu ishdan Eru Osmon Tangrisi Enlil g‘azablanadi, Gilgamishga qahrini sochadi. Tangri Enlil shundan so‘ng yovuz ajdaho Xumbabu tog‘idagi nur tutamlarini daryoga, arslonga, ulug‘ toqqa, bir ilohaga (sevgi ilohasi?) bo‘lib beradi. Qudratli nur tutamlarini olgan zotlarning daryoday jo‘shqin, arslonday shiddatli, tog‘day ulug‘vor, sevgiday otashin bo‘lishi ramziy ishoralardir.
Keyingi bo‘limda Nippur shahrining tog‘ qoyasiga qurilgan Ekur ibodatpodshohasida Enlilga, yulduzlarga sirli ibodat marosimlari, qurbonliklar qabul qilinib, gunohlar kechirilishi, hayit-bayramlarda xalq bu erga oqib kelishi, chashmalarning suvi shifobaxsh, ruhoniylari kiyinish va ibodatda pokiza, dalalari serhosil ekanligi aytiladi. Keyingi bir necha qismlarda Eru Osmon Tangrisi Enlilga takror-takror madhu sanolar o‘qiladi: “Sening komilliging oldida barcha insonlar lol qoladi, mohiyatingga inson aqli etmaydi, niyat-maqsadingni hech kim bilmaydi, jamolingni hech kim ko‘rolmaydi. So‘zing-kaloming beqiyos, osmonlarday cheksiz, bulutlarday saxovatli. Sening so‘zing bilan zaminda mo‘l hosil, noz-ne’matlar etiladi”.
Dostonda bosh iloh Enlilga vazir samoga o‘g‘irlab ketilgan, barcha mavjudotlarga mehribon, g‘amxo‘r, Ekur ibodatpodshohasining ilohasi hisoblangan Ninlil fir’avn yonida shohona taxtda o‘tirgan malika deb ta’riflanadi. Dostonda Ninlil - butun olam, koinot malikasi, osmon ostidagi barcha mamlakatlarning bekasi deb maqtalishiga ko‘ra, shumerli-somiriylar Oyga ham sig‘inib, ibodat qilishlarini tasavvur etish mumkin18.
Shumerlarning epik poeziyasida muhabbat ilohasi Inanna (Bobilda -Ishtar) bilan shahzoda cho‘pon Dumuzi bir-birini sevib oila qurishi, baxtli hayot kechirishi, so‘ng Inanna osmonlarni orzu qilib, Oyga aylanishi (Oy kuygan vaqtida), bu iloha Er ostiga, marhumlar olamiga kirib, “borsa-kelmas”ga borib, u saltanatga ham malika bo‘lishni istaydi. Malika Inanna marhumlar olamiga etish yo‘lida bu dunyodagi obro‘, martaba, ulug‘vorlik nishonalaridan, zebu ziynatlaridan birma-bir ayrilishi Gomer dostonlaridagi kabi epik ko‘lamda eng nozik tafsilotlar - badiiy detallar vositasida tasvirlanadi. Er osti olamining darvozaboni Neti malika Inannaga eshik ochmaydi va o‘z ilohasi Ereshkigalga bu haqda ma’lum qiladi.
Qo‘shiq-bob syujeti, ma’nolari va ohangidan seziladiki, marhumlar olami ilohasi Ereshkigal go‘zallik va muhabbat malikasi Inannaning qachon hayoti tugab, qorong‘ulik olamiga kelishini, bu erda laziz taomlar o‘rniga og‘ziga loy to‘lishini, qimmatbaho atr-upalar o‘rniga qoshu ko‘ziga tuproq surilishini, bo‘yniga dur-javohirlar shodasi o‘rniga ilonlar osilishini orziqib kutganga o‘xshaydi. Erosti olamiga kiraverishda 1-darvoza oldida sevgi malikasi Inannaning boshidan durri adan - ishq tojini, 2-darvoza oldida qo‘llaridan mulkdorlik va hokimiyat nishonalarini, 3-darvoza oldida bo‘ynidagi dur-marvaridlar shodasini, 4-darvoza oldida ko‘kragidagi ikki qavat gavhar bog‘lamini, 5-darvoza oldida ikkala bilagidagi bilaguzuklarini, 6-darvoza oldida “Kel, ey erkak, beri kel!” deb yozilgan ko‘krak to‘rini, 7-darvoza oldida belidan toju taxt kamarini olib qo‘yadilar. Inanna har gal “Bu nimasi?” deb so‘raganida Ajal darvozaboni Neti “Erosti qonunlariga hamma bo‘ysunmay, iloji yo‘q!” deb javob beradi.
“Sevgi dostoni”da tasvirlanishicha, muhabbat ilohasi Inanna (Ishtar) bilan O’lim saltanati ilohasi Erashkihol opa-singil ekanlar. O’lim ilohasi Erosti olamiga singlisi Inanna etib kelishi bilan, bir g‘azabli nigoh bilan uning jonini oladi, uning jasadini osganday, ilgakka sanchib qo‘yadi. Muhabbat ilohasining elchisi bu holni bilgach, oh-faryod chekib, liboslarini yirtib, samoviy ilohlar - Inannaning ota-onalari, aka-ukalari huzuriga borib, uni o‘limdan qutqaring, deb yalinadi. Samo ilohlari Enlil ham, Inanna ham o‘z qizlarini ayblaydilar: “Inanna bu dunyoda Sevgi ilohasi bo‘lganiga qanoat qilmay, Erosti olamiga ham malika bo‘laman deb g‘ururlanib ketdi,” - deydilar. Uchinchi iloh Donishmandlik va suv-daryo, dengizlar ma’budi Enki tirnog‘i ostidagi kirlardan ikki elchi-ko‘rinmas vakillar yasab, ularga Inanna uchun hayot suvini beradi. Bu elchilar Erosti olamiga borib, Sevgi ilohasini tiriltirib, bu dunyoga qaytarib keladilar. O’lim ilohasining etti elchisi-demonlar, jinlar hayotga qaytgan Inannaning o‘rniga uning elchisi Ninshiburni olib ketamiz, deb ushlab oladilar. Sevgi ilohasi bu mening eng sodiq xizmatchim deb, rozilik bermaydi. Jinlar malikaning tarbiyachisi Shorni olib ketamiz, deydilar. Inanna bunga ham ko‘nmaydi: “Bu zot meni tarbiyalab, undirib, o‘stirgan” deydi. Shunda o‘lim elchilari-jinlar sevgi ilohasining turmush o‘rtog‘i- shohlik taxtida o‘tirgan cho‘pon Dumuziga yopishadilar. Malika “Buni olib ketinglar!” deydi. Jinlar uni urib, qo‘l-oyog‘ini bog‘laydilar. Dumuzi “Ey, Tangrim, meni bevaqt ajaldan asra!” deb Xudoga yolboradi. Xudo uni bir necha marta o‘limdan qutqaradi. Boshqa payt qahramonga qiyomatli singlisi o‘z jonini qurbon qiladi. Asarda faqat Shumer yoki Bobil xalqlari uchungina emas, butun insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lmish hayot va ajal muammolari badiiy yuksaklik bilan talqin etilgan. U vaqtlarda ham poeziya - donishmand murabbiy deb tushunilgan va ibodat qo‘shiqlariga, duo, madhiyalarga aylangan. Ajal ruhlari - jinlar malikaning o‘zini olib ketmoqchi bo‘lib, unga deganlari dostonning badiiy yuksakligini, hayotiyligi va teran falsafiyligini ko‘rsatuvchi eng yaxshi epik tasvirlardir: “Jinlar Uruk shahriga kirib, malika Inannani ushlab oldilar.
Sevgi ilohasi Inanna jon achchig‘ida eriga, cho‘pon podshoh Dumuziga tashlandi: “Ey, yigit, kishan solgil oyoqlaringga. Ajal sirtmog‘iga bergil, bo‘yningni...” Jinlar ham yigitga bigiz, nayza, bolta bilan tashlandilar. Aslida o‘lim bu qurollarsiz ham kelishi mumkin. Lekin necha ming yillar davomida insoniyat tarixida boshlangan nizo, urush, qirg‘inlar tufayli juda ko‘p odamlar oilasida kasallikdan, o‘z ajali bilan emas, jang, qatl qurollari bilan o‘lishi ham achchiq haqiqatdir. Poeziyaning vazifasi, burchi odamzodga faqat badiiy, estetik zavq, bilim-ma’rifat berishgina emas, balki insoniyatni, podshohlarni qirg‘in-urushlardan bezdirib, tinch-totuv yashashga o‘rgatish hamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |