O’rta podshohlik davridagi qarashlar. Bu davr (er. a. XXI - XVII asrlar) manbalarda, mumtoz (klassik) davr deb yuritiladi8. Iqtisodiy hayotda ham, ma’naviy hayotda ham bu davr qator ko‘tarilishlarga sabab bo‘ldi. Markaziy sug‘orilish tizimining yaxshilanishi bilan dehqonchilik doimiy izga tushdi. Avvalgi davrda barcha aholi fir’avnlarga xizmat qilgan bo‘lsa, endi mahalliy boy va zodagonlar sinfi shakllandi, ular qora mehnatdan ajralib, madaniy hayot taraqqiyoti uchun xizmat qilishga ham vaqt ajratdilar. Bu davr ehromlari, toshbitiklari va moddiy merosi bilangina emas, balki papirus qog‘ozlariga yozilgan yuzlab ma’naviy yodgorliklari bilan tarixga kirdi. Chunki madaniyatning, xususan, adabiyot va san’atning eng gullagan davri, Qadimgi davr madaniyati o‘zlashgan, Yangi davr madaniyati rivojiga qadam tashlangan zamondir. Qadimgi davr “ehrom matnlari” umumiy nomi bilan tarixga kirgan bo‘lsa, bu davrda bevosita adabiy-badiiy asarlar yaratilgan va ular, asosan, papiruslarga bitilgan. Ayni shu davrda grammatik ko‘rsatkichlari jiddiy shakllangan adabiy til yaratilgan bo‘lib, u ma’lum ma’noda oiladagi va ko‘chadagi nutqdan farq qilgan. Yozma adabiyotda qissa janri etakchi xususiyat kasb etgan, “Sinuxeta qissasi”, “Fuqaroning qiyofasi” (ayrim manbalarda “Xushsuxanlikka intiluvchi qissasi” deb yuritiladi) kabi qissalar “Podshoh Xeops va sehrgarlar”, “Cho‘pon va ma’buda haqida ertak” kabi asarlardan farqlangan.
Shulardan biri podshohlikning X sulolasi davrida yaratilgan “Xushsuxanlikka intiluvchi qissasi”da voqealar rivoji, ya’ni syujet chizig‘i kuzatilmaydi, balki to‘qqiz nutqdan iborat asar sifatida turkumlangan. Bu nutqlar maxsus yozilib, fir’avnlarga tortiq qilingan va o‘z davri ritorik adabiyotining mahsuli sifatida taassurot qoldiradi. Asar tarkibida shunday aqidalar uchraydi: “(Yaxshilik) qilgan kishiga (yaxshilik) qil, toki u yana shu (yaxshilik)ni qilishda davom etsin”, “Xato qilma: tiling to‘g‘ri bo‘lsin, yolg‘on gapirma: inson o‘z ofatiga o‘zi sababchi bo‘ladi”, “Sening tiling – tarozi tili (shayni), sening qalbing uning pallasi, lablaring esa, tarozining elka (yog‘och asosi)laridir”, “Gung odamniki sen gapirishga o‘rgatding, tush ko‘rayotganni uyg‘otding, qo‘rqoqni harakatga keltirding, so‘zga xasisning og‘zini ochding, johilni biluvchi qilding, axmoqqa aql berding... o sen ezgulik yaratuvchi!” Bu naql va iboralar bir-birlaridan ko‘chirib olingan, qog‘ozlarga, daraxt po‘stloqlariga, kulollik buyumlarining chetlariga yozib qo‘yilgan bo‘lib, ularda qadimgi misrlikning estetik tafakkur kurtaklari aks etgan. Qadimgi misrliklar nazdida muallif (yozuvchi) ezgulik yaratuvchi, uning sohir qalamiga ko‘p narsa bog‘liq. Gungning tilga kelishi, qo‘rqoqning jangga otlanishi, tolibning ilmga intilishi ana o‘sha SO’Z qudrati tufayli sodir bo‘lgan. Ilohning so‘ziga ko‘ra, “qalam... qo‘l tarozusi, u aldamaydi. Agar u osma tarozi bo‘lsa ham, unda qalbakilik yo‘q”. “Haqikatni gapir, haqiqatni yarat (ijod qil), chunki u yuksak, mo‘’jizakor, abadiy, u oxiratga eltadi”. Bu kabi ijodga qo‘yilgan talablar olimlar yoki munaqqidlar tomonidan ilgari surilmagan, qadimgi misrliklarning talqiniga ko‘ra, bu ilohlar talabi. Ilohlar talablariga bo‘yinsungan adib kelajakda ham yashab qoladi. Bu hikmatli nutqlarning sohibi, uning muallifining nomi bizgacha etib kelmagan bo‘lsa ham, bu naqllar ilk ritorika va estetikaning mezonlari sifatida hozirga qadar yashamoqda.
O’rta podshohliklar davriga taalluqli boshqa bir mashhur asar “Gerakleopol saboqlari” deb nomlanadi. Unda shunday hikmatlar mavjud: “Til (saltanat) qalqon(i)dir”, ”Nutq har qanday quroldan kuchliroq”, “O’zingga muhabbating bilan haykal yasa!” Boshqa bir syujetli asar “Kema halokati qurboni” (ayrim manbalarda “Ajdar oroli”) qissasida9 misrlik Robinzonning sarguzashtlari bayon qilingan. Roviy tilidan (birinchi shaxs nomidan) hikoya qilingan asarda yolg‘izlik dahshati, jamiyat hayotiga intilish va bu yo‘lda orol egasi Ajdar bilan suhbatlari bayon qilingan. Hikoyada (misrshunos olim va tarjimon M.Korostovtsev bu asarni fantastik syujeti sababli ertak deb atagan) podshohning hurmatli bir mulozimi (mansabdori) mo‘l-ko‘l noz-ne’matlar yuklangan kemada dengiz safariga chiqib, bo‘ron va dolg‘alardan omon qaytgani hayotiy tafsilotlari bilan tasvirlanadi10. Hikoya qahramoni bir o‘zi kimsasiz orolda jannatdagi kabi yashaydi, bir kuni orol egasi Ajdarni ko‘radi, undan qo‘rqadi, lekin hushini yo‘qotmay, unga ta’zim qilib, halokatga uchraganini aytadi. Qizig‘i shundaki, kimsasiz oroldagi Ajdar ham Oliy Tangri qudrati bilan katta oilasidan ayrilgan jabrdiyda ekan. Ajdar tilidan aytilgan hikmatlar misrlik jangchilarning harbiy qo‘shiqlari sifatida kuylangan: “Agar sen mard bo‘lsang, o‘z qalbingni eshit, sen o‘z yurtingga qayta olasan, bolalaringni quchoqlab, xotiningni o‘pasan, sen yana o‘z uyingni ko‘rasan va unda yashaysan. Vataningga, o‘z davrangga qaytasan. Mana shuning o‘zi hammasidan ham ajoyib”11. Ajdar kulti qadimgi misrliklarda ilohiylik kasb etmasa-da, kuch–qudrat timsoli sifatida muayyan poetik ma’no tashiydi. Ayrim mutaxassislar bu ertak qahramonini “Ming bir kecha” turkumidagi Sindbodning dengiz sarguzashtlari bilan ham qiyoslaydilar. Asar davomida fir’avnning topshirig‘ini bajarib, o‘z yurtiga sog‘-omon qaytib kelgan qahramonning nutqlari berilgan. Bu nutqlar to‘la saqlangan bo‘lib, XII sulola davrida papirusga ko‘chirilgani ma’lum.
Etuk asarlardan biri “Marhumlar kitobi” bo‘lib, uni qadimgi olimlar shartli ravishda ikki yuz bobga ajratganlar. Muqaddas kitobning 125-bobida qadimgi misrliklar tasavvuricha, Oliy Tangri Osirisning qiyomatda marhumlarni savob va gunoh ishlari haqida so‘roq qilishi tasvirlangan. Gavdasi odam va boshi lochin suratli “Tangri” Hor (Gor) bilan bo‘riboshli “Tangri” Anubis tarozida marhumning yuragini tortib ko‘radilar. Tarozining bir pallasida yurak, bir pallasida Haqiqat ilohasining haykalchasi - ramzi qo‘yilgan. Agar inson tirikligida birovga yomonlik, gunoh ishlar qilmay, halol, pok yashagan bo‘lsa, tarozining har ikki pallasi teng kelgan va u jannatga erishgan. Agar inson boshqalarga jabr-zulm, yomonlik qilgan bo‘lsa, og‘ir gunohlari bilinib, do‘zahga hukm etilgan. Qadimgi Misr ahli jannatni yaxshi odamlarning abadiy oromgohi deb emas, balki halol mehnat - dehqonchilik qiladigan, qo‘shho‘kizda erni shudgorlaydigan, urug‘ sepadigan, g‘alla etilganida o‘rib, g‘aramlab, donini shopirib, noz-ne’matlar bunyod qiladigan, ariqlarda suvlar to‘lib oqayotgan, bog‘larida mevalar pishib turgan joy sifatida tasvirlaganlar. Narigi dunyoda iloh Osiris so‘roq vaqtida marhum Oliy Tangriga va uning yordamchilari – 42 farishtaga dunyoda qilgan ishlaridan javob berib, o‘zini oqlashi tasvirlangan. Insonlar bu dunyoda tirikligidayoq oxiratdagi savollarga beradigan javoblarini bilishi shart edi.
O’rta podshohlik davrining nihoyasida o‘zga yurtdan kelib, Nil sohillarini egallamoqchi bo‘lgan giksoslar bilan bo‘lgan kurashlar nihoyasiga etadi. Bu davr Fivalik fir’avn Yaxmos I (er. a. XVI asrning I yarmi) butun mamlakatni bir hokimiyatga birlashtirib, Yangi podshohlik sulolasiga asos solindi. Yangi podshohlik davri deb atalgan tarixiy bosqichga qadam tashlandi, Fiva uning poytaxtiga aylandi. Bu davrga tegishli falsafiy-nazariy qarashlar iste’dodli kohinlar, ruhoniy shoirlar ijodi bo‘lmish “Oxirat yo‘li” yoki toshbitiklarda, marmartoshga naqshlangan piktografik - rasmli yozuvlarda, mahobatli ehromlar – piramidalarning devor naqshlarida saqlanib qolgan.
Qadimgi Misr adabiy durdonalaridan biri miloddan avvalgi XX–XVIII asrlarda papirusga bitilgan “Ikki og‘a-ini ertagi”da halollik, poklik, or-nomus, oila muqaddasligi haqidagi g‘oyalar ajoyib poetik uslubda berilgan, ham real hayot manzaralari bilan (aka-ukaning dalada dehqonchilik qilishi, akaning yosh xotini o‘z eriga qanoat qilmay, ukasiga xiyonatni taklif etishi, ukaning jahli chiqib, kennoyisiga qattiq tanbeh berishi, kelin ukaga tuhmat qilib, aka-ukani urishtirib qo‘yishi), ham sehrli, fantastik evrilishlar vositasida syujet tarangligiga erishilgan. Qadimgi yunon syujeti asosida Xunayn ibn Ishoq tomonidan yozilgan “Salamon va Ibsol” asari, Ibn Sino va Jomiy yozgan shu nomdagi asarlarning eng qadimgi manbasini Misr birodarlari ertagiga borib ulanishini ko‘ramiz12.
Qadimgi Misr she’riyati ham yuksak badiiyligi bilan keyinchalik boshqa adabiyotlarga ta’sir qilgan. Misrlik shoirlar she’riyatida inson ruhiy holatlarini, go‘zal his-hayajonlarni tasvirlash bilan birga, didaktika ruhidagi xalqni yaxshi axloq, insonparvarlik, adolat va haqiqatni kuylovchi asarlar yozishga katta e’tibor bilan qaraganlar.
Misr she’riyatida tabiatni, Quyoshni, Nil daryosini behisob noz-ne’matlar ato qiluvchi deb bilib, ularga madhiyalar aytish keng o‘rin tutadi. “Nil maqtovi” turkumidagi she’rlarning poetikasida hayot manzaralari jonli ifodasini topgan. Shoirning fikricha, Nil agar dangasaligi tutsa, irmoqlaridan nafas olmay, sayozlashib ketsa, qurg‘oqchilik boshlanib, xalq qirilib ketishi mumkin. Nil suvidan daraxtlar gullab chamanzor bo‘ladi, u toshtaroshlarsiz o‘zi haykal bino qiladi. Shoir Nil tabiatini o‘zining ijtimoy qarashlari bilan bog‘laydi: Nil shu qadar mehr-muruvvatli, saxovatliki, bu mehnati uchun xizmatchilarni, soliq yig‘uvchilarni ishga olmaydi (ya’ni xalqni qiynamaydi). Nilga qasida oxirida u sayozlanib, qurg‘oqchilik boshlanmasligi uchun daryoni iloh deb, unga chiroyli, ajoyib narsalarni qurbonlik qiladilar (ho‘kiz va qo‘y-echki so‘yib, qushlarni uchirib duolar o‘qiydilar). Ko‘rinadiki, barcha xalqlar adabiyotining ibtidoiy davrlarida kuzatilgani kabi Misrda lirik janrlar ham, epik janrlar ham boshqa adabiy janrlar bilan qorishiq holda uchraydi, ayrim asarlarni esa, janr nuqtai nazaridan tasnif qilinishi kutilgan natija bermaydi. Epik janrlar bir vaqtning o‘zida dafn marosimlarida aytilgan marsiyalar bilan, maqol va hikmatlar bilan, falsafiy yoki axloqiy yo‘lda aytilgan pandlar bilan qorishib ketgan.
Misr manbalarida o‘lim mavzusi nisbatan ko‘p uchraydi. U bilan bog‘liq holda sayohat, insonning turli xil sarguzashtlari o‘limga etaklovchi omil sifatida qaraladi. Keyinroq Misrda o‘rinlashgan Yunon va Rim kiborlarining nasriy asarlarini kuzatsak, ular ko‘proq sayohatnomalar, yodnomalar xarakterida bitilganining guvohi bo‘lamiz. Bular sayohat davomida ko‘rgan-kechirilganlargina emas, balki ayrim afsonaviy-mifik voqealar ham xuddi ko‘rilganday tasavvur bilan tasvirlanadi. Yunonlilar nazdida sayohat ob’ektlari Likiya, Finikiya va Misr - bular ham mifda o‘lim o‘lkalaridir. Ilion va Troya o‘lim ma’budi hisoblangan Laomedont tomonidan boshqarilgani kabi Krit o‘lim shohi Minos tomonidan boshqariladi. Xuddi shu kabi bu o‘lkaning real kishilari - afsonaviy qahramonlar Axeront, Axeloy va Kokit ham real dunyo odamlari sifatida, ham mifik qahramonlar sifatida aks etgan. Tabiiyki, qadimgi davr yozma adabiyotini mifik tasavvurdan butunlay ajratib o‘rganib bo‘lmaydi.
Adabiyotning barcha yozma shakllarini tahlil qilganda ham ularning mazmuni folklor motivlari bilan to‘yinganini kuzatish mumkin bo‘ladi. Mif yozma badiiy adabiyotning beshigi hisoblangani kabi dastlabki badiiy asarlarda epos, lirika va dramaga oid xususiyatlarni birvarakayiga muayyan bir asarda ko‘rish mumkin. Shuning uchun ham dastlabki epik shakllarni kuzatganda, ulardagi folklor motivlarini etakchi mazmun sifatida qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu jihatdan epos maksimal ravishda folklor motivlarining yig‘indisi sifatida ham kelishi mumkin. O’lim timsoli inson yoki farishta vositasida kelgani kabi hayot ham faqatgina insonlar orqali emas, balki real hayotga odamlar bilan aralashib yurgan ilohlar, totem (hayvonlarning ilohiylashtirilishi) va fetish (narsa-buyumlarning ilohiylik kasb etishi) bilan bog‘liq holda syujetda ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |