Shumer va Bobilda adabiyotshunoslik
Eng qadimgi arabiy, turkiy, suryoniy, xattiy, qibtiy xalqlarning vatani bo‘lmish ikki daryo oralig‘i - Mesopotamiyada ilk davlat, siyosat, madaniyat, jumladan, adabiyot, san’at vujudga kelgani va rivoj topgani haqida tashbitiklarda yozib qoldirilgan. Yunonlar «Mesopotamiya» deb atagan hudud - ikki daryo oralig‘i deb tarjima etilsa-da, nafaqat Evfrat (Frot) va Tigr (Dajla) daryolari oralig‘i, balki bu ikki daryoning har ikki sohilidagi vodiy va vohalar nazarda tutiladi. Kichik Osiyoning sharqiy chegaralari qadimgi Van ko‘li (Armanistondagi Sevan ko‘lining janubrog‘ida) o‘rtasida, Kurdiston tog‘laridan boshlangan Tigr (Dajla) daryosi 1950 kilometr (taxminan Qashg‘ardan Ozarboyjongacha) yo‘l bosib, janubda undan ham olisroq (2770 km) yo‘l bosgan Evfrat (Frot) daryosi bilan qo‘shilib, Shattl-Arab daryosini hosil qiladi va Basra shahridan pastroqda Hind okeanining Fors ko‘rfaziga quyiladi. Mana shu hudud shimoli Assiriya, janubi esa Vaviloniya (Bobil) deb yuritilgan. Bobilning shimol qismi o‘z navbatida Akkad, janub qismi esa Shumer deb yuritilgan. Injil rivoyatlariga ko‘ra, “jannat - ikki daryo oralig‘i” deb tasavvur qilingan, Odam Ato va Momo Havo shu erda yashagani bayon qilingan13.
Mana shu ikki daryo suvlari sharofati bilan bu oraliqda qadimgi Ashshurbonipal, Sardonapol, Navuhodanasor kabi jangovar, urushqoq podshohlar qurgan Bobil, Shumer, Akkad, Elam davlatlari tarkibida obod, go‘zal shaharlar vujudga keldi, gohida bu shaharlar qirg‘in urushlar sababli xarobazorlarga aylandi. Assiriya davlati Bobilni bosib olgan vaqtlarda Nineviya shahri poytaxt sifatida yuksaldi. Dajla va Frot daryolari ming kilometrga oqib, bir-biriga yaqinlashgan (oralig‘i 30 km bo‘lib qolgan) joylarda qadimgi Bog‘dod o‘rnida va atrofida Akkad, Bobil, Sippar, Kish shaharlari qad ko‘tardi. Manbalarda Misr Nil ne’mati deb qaralsa, Mesopotamiya Evfrat va Tigrning ehsoni deb qaralgan. Bu yurtning sharq tarafida qadimgi Eronga chegaradosh Zahro (Zagro) tog‘lari etagida Behistun bitiklari topilgan.
Yunon tarixchilari Berosning “Bobil yoki Xaldey tarixi”, muarrixlar otasi Gerodotning asarlarida bu o‘lkaning fuqarolik va davlatchilik tarixi bayon qilingan. Chex olimlari Yustin Vatslav Prashek, Rudolf Dvorjak, Vatslav Gazuka, Bedrjix Grozniy kabilarning tadqiqotlari bu hududda bitilgan toshbitik va sopol lavhalarini o‘qishga, Mesopotamiya iqtisodi va madaniyatini o‘rganishga yordam beradi. Shumerologlarning fikricha, Mesopotamiya shumerlarning ota yurti emas, ularning Habashiston, Hindiston, Eron, Kafkazorti kabi yurtlardan kelib qolgani haqida turli qarashlar mavjud. Mashhur shumerolog S.N.Kramerning fikricha, Mesopotamiyaning shumerlargacha aholisi ubaidlar bo‘lib, ular shumerlar istilosidan keyin Hindistonga chekinishga majbur bo‘lganlar14. Miloddan 2800 yil avvalgi madaniy inqilob natijasi sifatida bu shaharlardagi madaniy yodgorliklar e’zozlanadi. Agar akkad tili umumxalq tili sifatida qaralsa, shumer tili madaniy yodgorliklar va adabiy til sifatida taraqqiy topdi.
Insoniyat ilmiy-ma’naviy takomilining poydevori yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog‘liq. Er yuzidagi eng qadimgi yozuvlardan biri Oldosiyoda er. a. IV minginchi yillikda iste’molga kiritilgan shumer yozuvidir. Bu yozuv dastlab piktografik, so‘ngra mixxatlar (klinopis) asosida taraqqiy qilgan bo‘lsa ham bir necha ming yilliklar davomida kishiga ilm va madaniyat berdi. Bu yozuv tarqalishining manbai sifatida maktab (shumercha e-dub-ba, tarjimasi: yozuvlar uyi) ko‘rsatiladi. Maktab rahbarlari e-dub-ba otalari, o‘quvchilar - e-dub-ba bolalari, o‘qituvchilar esa, e-dub-ba og‘alari deb yuritilgan ekan.
Amerikalik shumerolog S.N.Kramer tomonidan topib, tarjima va nashr etilgan ilk shumer adabiy yodgorligi shartli ravishda “O’quvchining bir kuni” deb yuritilgan holda shumer o‘quvchisining hayoti haqida hikoya qiladi15. Ommaviy maktablardan tashqari saroylar, ibodatxonlar qoshida maxsus maktablar bo‘lgan. Ularda yozuv, diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlar o‘qitilgan. Dastlabki alifbe, o‘qish kitobi vazifasini bir qator yorliq (tablichka)lar bajargan. Yorliq lug‘atlar tuzilgan bo‘lib, ular alifbo tartibida emas, balki biror soha yoki predmetga tegishli nomlarning yozuvlar turkumi tarzida shakllantirilgan. Er. a. I ming yillikka taalluqli Ashshur shahri ibodatxonasining qoshida maxsus kutubxona joriy qilingan bo‘lib, unda 10 mingdan ortiq yorliq va fragmentlar shaklidagi toshkitoblar saqlangan. Nippur kutubxonasida 2 mingdan ortiq badiiy asarlarning namunalari saqlangan.
Dastlabki yozma yodgorliklar badiiy asarlar emas, balki xo‘jalik yozuvlari tarzida yaratilgan. So‘ngra ibodatxonalardagi qurbonliklar ro‘yxatlari yoki ularning tashqi lavhalari bitilgan. Og‘zaki adabiyot namunalarining ayrimlari matnga olingan, Lagash shahrining taqdiri haqidagi og‘zaki epos voqealari er. a. XXIV asrga tegishli. Keyingi badiiy asarlar ilohlar sha’niga aytilgan madhiyalardan iborat, ularning saqlangan variantlari shumer tilidan akkad tiliga tarjima qilingan versiyalaridir. Madhiyalar ilohlar Gudey, Ningirs sha’niga aytilgan bo‘lib, ular ikkita bo‘yi bir metrli sopol tsilindrlarda saqlangan va 1359 misrani o‘z ichiga oladi.
Madhiyalar maxsus janrlar sifatida alohida asarlardan tashqari siyosiy va huquqshunoslikka oid asarlarning muqaddimalarida ham aks etgan. Mas., mashhur Xammurapi qonunlari kitobi shunday madhlardan boshlangan. Ayni yo‘nalishda ibodat va qasam kitoblari ham yaratilgan. Bu adabiy janrlar madhlardan keyingi eng keng tarqalgan adabiy manbalarga doirdir. Yig‘ilar bu davr adabiyotining o‘ziga xos janri bo‘lib, ular biror shaxslardan ko‘ra, fojiali voqealar, vayron bo‘lgan shaharlar, jangda boy berilgan imkoniyatlar haqidadir. “Ura shahrining o‘limi ustidan yig‘i” 11 qismdan iborat bo‘lsa, “Agada (akkad) shahrining tanazzuli”, “Nippur shahri tanazzuli”, “Lagash shahri o‘limi” kabi yig‘ilar bu adabiy janrning ancha davrlar iste’molda bo‘lganini ko‘rsatadi. Ayrim yig‘ilar diniy marosimlarda, mavsumiy bayramlarda ijro etilgan. Mas., “Dumuza (Tammuz) haqida yig‘i” qish kelishi bilan kuzgi to‘kinlikning tugashi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimlarda doimiy suratda o‘qilgan. Ushbu syujet asosida yirik sevgi dostoni yaratilgan. Mutaxassislarning guvohlik berishicha, ayni asar ta’sirida Palastinda va Yunonistonda (Adonis) shunday tipdagi asarlar vujudga kelgan.
Mif va epos shumer adabiyotining shoh janrlari hisoblangan. Dunyoning yaralishi haqidagi shumer mifi asosida keyinroq uning Akkad va Bobil versiyalari yaratilgan. Bobil sulolasi davriga tegishli etti qo‘shiqdan iborat bu mif “Enumaelish” (lug‘aviy ma’nosi: “Yuqorida”) deb nomlangan. Bu mif ham boshqa asarlar kabi matnning birinchi so‘zi bilan sarlavhalanadi. Ilk shumer variantining qahramoni iloh Enlil bo‘lsa, akkadlar uni iloh Marduk sharafiga o‘zgartirganlar. Mif shunday boshlanadi: “Yuqorida osmon hali nomiga ega bo‘lmaganda, pastda er ham o‘z nomiga ega emasdi, boshlang‘ich Apsu, uning ajdodlari Mummu, Tiamat hamma narsani yaratuvchi...”16 Mifda insonning faoliyati aniq-ravshan belgilangan: «Inson ilohga xizmat (ibodat) qilish uchun yaralgan».
Bundan tashqari Adap, Etan, Enmerkar, Kur va donishmand Enki haqida miflar yaratilgan. Etan haqidagi mifda insoniyatni tabiat ofatlaridan qutqarish uchun Quyosh oldiga ko‘tarilmoqchi bo‘ladi, biroq unga etishish uchun yunonlarning Dedal va Ikar haqidagi mifidan farqli ravishda burgut qanotidan foydalanadi. Burgut osmonning har bir qavatiga ko‘tarilganda Etanga erga qarashni buyuradi. “Er bir tepalikka o‘xshaydi, dengiz kichik jilg‘aga aylanadi”. Burgut uchishiga qadar ko‘tarilmagan insonning erdagi narsalar haqidagi tasavvuri shunchalar aniqki, u xuddi erdan yuqoriga ko‘tarilib, har soatda uning darajasini aniqlab borganday.
“Tavrot”dagi ayrim mif va qissalarning proobrazlari shumer mifologik adabiyotida uchraydi. Mas., Kain va Avel (Qobil va Hobil) haqidagi hikoya iloh Enlil haqidagi mifga, Injildagi Noy – Nuh to‘foniga shumer miflaridagi Zi-usudr prototip bo‘lgani manbalarda qayd etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |