Diniy-qashshoqlik (gadoylik) ordenlari – bevosita papalarning koʻmagida tashkil etilgan kambagʻallikni targʻib etuvchi va papa hokimiyati uchun kurashuvchi kambagʻallik ordenlari. Garchi qashshoqlikni targʻib qilsa ham, aslida orden a’zolari kattagina mol-mulk egalari hisoblangan. M: Dominikanlar, Fransiskanlar ordeni kabilar
Diniy-ritsarlik ordenlari – gʻayridinlar bilan kurash maqsadida tuzilgan, qurolli ritsar-rohiblarni birlashtirgan ordenlarning umumiy nomlanishi. Dastlabki D.-r.O. Falastinda salibchilar hukmronligi davrida vujudga kelgan. Ilk ordenning kelib chiqishi gospital (gʻaribxona) birodarligiga borib taqalib, ular kasalmand ziyoratchilarni davolaganlar, piligrimlarni turarjoy bilan ta’minlaganlar. Ana shu birodarlikdan ioannitlar (gospitalyerlar) ordeni vujudga kelgan. Undan tashqari tampliyerlar va tevton ordeni ham tuzilgan. Rekonkista harakati jarayonida Pireney yarim orolida ham ayrim diniy-ritsarlik ordenlari (Alkantara, Kalatrava va boshqalar) tashkil topadi. Sharqiy Boltiqboʻyida 1202-yilda qilichbardorlar ordeni vujudga keldi. Ritsar-rohiblar uchta an’anaviy rohiblik qasamyodi bilan birga (soflik, itoat, qashshoqlik) gʻayridinlarga qarshi kurashga ham ont ichishgan. Qolgan oddiy diniy ordenlarning rohiblaridan farqli ravishda ritsar-rohiblar goʻsht iste’mol qilishgan, ularning asosiy mashgʻuloti urush va urushga tayyorgarlik koʻrish boʻlgan. D.-r.O.ning tuzilmasi iyerarxik boʻlgan. Ularning asosiy kuchini ritsar-birodarlari tashkil qilgan, undan tashqari qurolbardor-birodarlar va kapellanlar boʻlgan. Ordenlarga umrbod muddatga saylanuvchi buyuk magistrlar boshchilik qilgan. Ularning huzurida dignitariylardan (ordendagi boshqa oliy mansabdor shaxslar) iborat kengash boʻlgan. Davriy ravishda ritsar-birodarlarning bosh kapitullari chaq’irilib turilgan. Nisbatan katta boʻlgan D.-r.O. hududlarga taqsimlangan. D.-r.O. faqatgina Rim papasiga boʻysungan va mahalliy dunyoviy va cherkov hokimiyatiga boʻysunmagan. Shu boisdan ham diniy-ritsarlik ordenlari Rim papasi qoʻlidagi havfli qurolga aylangan. Ular Yaqin Sharqdan tashqari Yevropaning oʻzida ham yer-mulklarga va katta boyliklarga ega boʻlgan. M: tampliyerlar oʻrta asrlar Yevropasining eng yirik moliyachilari boʻlgan. Ioannitlar Rodosda, keyinroq Malta orolida, tevton ordeni boʻlsa Sharqiy Boltiqboʻyida oʻz davlatini tuzishgan.
Dinor (lot. Denarius–denariy) – musulmon sharqidagi ayrim davlatlarda VII asrdan boshlab zarb qila boshlangan qadimiy oltin tanga, gʻarbga ham kirib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |