Xalfalar – oʻrta asr sexlarida alohida oʻzining ustaxonasiga ega boʻlmagan va sexning toʻla huquqli a’zosi boʻlgan usta qoʻlida yollanib ishlovchi hunarmandlar. Ilgarilari usta qoʻlida bir necha yil davomida ish oʻrganib, X.larning koʻpchiligi mustaqil ustaga aylangan. Ammo XIV-XV asrlarda sex ishlab chiqarishining inqirozi tufayli usta darajasini olish qiyinlashib ketdi (sex kassasiga katta badal puli toʻlashi, shedevr asar yaratishi, sex a’zolariga dabdabali ziyofat uyushtirishi kabilarni bajarishi kerak boʻlgan). Faqatgina ustaning yaqin qarindoshlarigina usta darajasiga erisha olganlar. Bu davrga kelib X.ning aksariyati “abadiy X.”ga aylanib qoldi.
Xalq kapitanlari – Italiya shahar-kommunalaridagi koʻngilli qoʻshinga boshchilik qiluvchi mansabdor shaxs (XII asrning oʻrtalaridan).
Xalqlarning buyuk koʻchishi – IV-VI asrlarda Yevropa etnik oʻzgarishlarning yuz berishiga nisbatan aytiladi. Xalqlarning koʻchishlariga taxminan 370-yillarda sharqdan koʻchib kelgan xunn qabilalarining alanlar va vestgotlarni magʻlubiyatga uchratib, gʻarbga tomon koʻchishga majbur qilishidan boshlangan. Koʻchishlarni birinchi marta rimliklar 378-yilda qayd qilishgan. V asrda german qabilalarining koʻchishlari natijasida Gʻarbiy Rim imperiyasi hududida bir nechta yangi qirolliklar tashkil topdi. Koʻchishlar natijasida Italiyada 568-yilda langobardlar qirolligining tashkil topishi bilan yakunlandi.
Xaristikiy – Vizantiyada “ehson”, “xayr-sahovat” ma’nosini anglatuvchi harbiy xizmatlar uchun beriladigan yer.
Xartiya (yunon.chartes – qogʻoz) – odatda biror-bir qoida yoki qonunlarni birlashtirgan rasmiy (rasmiy-huquqiy) hujjat. Ijtimoiy qatlamlar yoki sinflarning siyosiy talabnomasi. 1215-yilda Ioann Yersiz tomonidan qabul qilingan Erkinliklarning Buyuk X.si baronlar, ularni qoʻllab-quvvatlagan risarlar va shaharliklar bosimi bilan qabul qilingan.
“Xildebrant haqida qoʻshiq” – qadimgi german qahramonlik dostoni. Ayrim parchalar yetib kelgan. Qoʻlyozma Fuldda topilgan boʻlib, IX asr boshlariga tegishli. U oʻzidan ancha qadimiy qoʻlyozmaning nusxasidir. Dostondagi voqealar Xalqlarning buyuk koʻchishi davriga oid. Oʻz yurtidan badargʻa qilingan Xildebrant qachonlar endi tugʻilgan bolasi bilan xotinini tashlab ketgan vataniga oradan 30 yil oʻtib qoʻshinga bosh boʻlib qaytib keladi. Chegarada uning oʻgʻli Xadubrant drujinasi bilan yoʻlini toʻsadi. Otasini jangga kiritish maqsadida oʻgʻli uni ayyorlikda va qoʻrqoqlikda ayblaydi. Shundan soʻng Xildebrant oʻgʻliga qarshi jangga kirishga majbur boʻladi. Shu bilan qoʻlyozmada saqlanib qolgan doston uzilib qolgan. Harbiy burch va otalik hissiyotlari oʻrtasidagi ziddiyat dostonda fojiaviy xarakter kasb etadi.