Vlastelichichlar – oʻrta asr Serbiyada vlastellardan keyingi pagʻonada turuvchi oʻrta va mayda zodagonlar toifasi. Vizantiyaning ta’sirida paydo boʻlgan atama. 1276-1281-yillarda tuzilgan qirol Dragutinning yorligʻida Dubrovnik hukmdorlari V. deb atalgan hamda Vizantiyadagi “arxontopul”ga mos kelgan. Serbiyada nemanichlar Vizantiyaning sobiq yerlarini (Prizren viloyati) qoʻlga kiritgach V. atamasi ushbu davlatga kirib kelgan. 1345-yilda qirol Stefan Dushan tomonidan Serb-Yunon qirolligi tashkil etilgandan soʻng, Vizantiyaning sobiq viloyatlaridagi feodallar vlastellar va V.ga boʻlingan, ular Vizantiyada “arxont” va “arxontopul”ga muvofiq kelgan.
Volos (veles) – qadimgi sharqiy slavyan qabilalarida to xristianlik dini qabul qilingunga qadar chorvachilik xudosi. Perunning raqibi.
Volost– qadimgi Rusda knyazlar tasarrufidagi unchalik katta boʻlmagan ma’muriy hudud.
Vorms konkordati – 1122-yil 23-sentabrda Rim papasi Kallikist II va german qiroli Genrix V lar oʻrtasida imzolangan kelishuv. Oʻz ichiga qirol va papa yorliqlarini birlashtirgan. Papa Grigoriy VII va qirol Genrix IV lar oʻrtasida investitura uchun boshlangan kurashga chek qoʻygan V.K. natijasida har ikki tomon yon berishlarga rozi boʻlishdi. Unga koʻra, tayinlangan abbat va yepiskoplar ikkita investiturani qirol va papa tomonidan olishi qonuniylashtirildi. Qirol kurash davomida egallagan papa va mahalliy cherkov yerlarini qaytarish majburiyatini oldi. Imperator prelatlarga Rim papasi yoki uning legatlari tomonidan berilgan diniy unvonning ramzi hisonlanuvchi uzuk va xassa (posox) berish huquqidan voz kechdi. Imperator episkoplarga yer-mulklar va dunyoviy hokimiyatni berish huquqi va uning ramzi boʻlgan spektr berishni oʻzida saqlab qoldi. Rim papasi boʻlsa yepiskoplarning imperator oldida vassal vazifalarni bajarishi kerakligini tan oldi, nemis yerlarida yepiskoplarni saylash paytida imperatorning ishtirok etishiga rozi boʻldi va imperatorga bahsli holatlarda oʻz fikrini bildirishga ruxsat berdi. Oʻz navbatida imperator yepiskop saylovlari simoniya va majburlovlarsiz oʻtkazilishiga va’da berdi. Italiya va Burgundiyada imperator saylovda qatnashish huquqidan mahrum boʻldi va olti oydan keyin investiturani topshirdi. V.K. papa va cherkov manfaatlari uchun xizmat qildi.
Votchina – feodal yer va mulklarining jamlanmasi boʻlib, oʻzida yer, binolar, inventar va qaram dehqonlarga egalik huquqini birlashtirgan. VIII-IX asrlarda Gʻarbiy Yevropa davlatlarida yer egaligining asosiy formasi. Uning sinonimlari sifatida senoriya, pomestye, manor va boshqalarni koʻrsatish mumkin. V. diniy (cherkov) va dunyoviy (qirol va yirik feodallar) koʻrinishlarga ajratilgan. Bu atamaning ma`nodoshlari sifatida Angliyada – manor, Fransiyada – sen`oriya ishlatiladi.
Voyevoda – qadimgi Rusda va umuman barcha slavyan tillarida qoʻshin, shahar yoki viloyat boshligʻi. Janubiy slavyanlarda Buyuk Voyevoda V.dan yuqori mavqeni anglatib, buyuk knyazga toʻgʻri kelgan.
Voyevodat – Karpat–Dunay mintaqasida shakllangan dastlabki davlatchilik siyosiy birlashmalari. “Knezat” ham deb atalgan.