~ Y ~
Yasoq (boj) (moʻgʻul. “kuch, hokimiyat”; tatar. yasak – mahsulot soligʻi, boshq. “oʻlpon, soliq”) – qadimgi slavyan qabilalari oʻzlari ustidan hukmonlikka ega xalq va davlatlarga toʻlaydigan oʻlpon, boj. Keyinroq, XV asr – XX asr boshlarida Rossiyada Sibir va Shimol xalqlaridan natura shaklida olinadigan soliq, Asosan moʻynali kiyimlardan olinadi. XVIII asr boshlarigacha Ya. Volga boʻyi xalqlaridan ham yigʻilgan.
Yeparxiya (yunon.yeparchia – hukmronlik, boshqarish) – yepiskop yoki arxiyepiskop boshchiligidagi cherkov ma’muriy okrugi (katolik cherkovida lotincha atama boʻlgan “diosez” qoʻllaniladi). Cherkovning yeparxial tuzilmasi antik davrdayoq shakllangan. Yepiskop qarorgohi joylashgan shahar Ye. markazi boʻlgan. Oʻrta asrlar davrida Ye.lar keskin siyosiy voqealarga boy boʻlgan, shuning uchun chegaralari tez-tez oʻzgarib turgan, ayrimlar yoʻq boʻlib ketgan, yangilari paydo boʻlgan. XIV asrda katolik cherkovida 500 dan ortiq diosezlar mavjud boʻlgan.
Yepiskop (yunon.yepiskopos – nozir, nazoratchi) – xristian cherkovidagi oliy cherkov lavozimi, yeparxiya (diosez) boshligʻi. Oʻz yeparxiyasidagi cherkov xizmatchilari va oddiy kishilar ustidan diniy hokimiyatga ega boʻlgan. Yoshi ulugʻ Ye.lar arxiyepiskop unvoniga ega boʻlganlar. Ilk xristainlikda Ye.lar xristian jamoalarida xoʻjalik boshqaruvi bilan shugʻullanganlar. II-III asrlarga kelganda Ye.lar diniy jamoa boʻlgan cherkovning boshligʻiga aylandi.
Yepitemya (kaforat) (yunon. yepitimion – jazo, qasos) – gunohli ishlari uchun beriladigan cherkov jazosi. U antik davrdayoq paydo boʻlgan. Cherkov jazosidan tashqari xalq oldida tavba-tazarru qilishi xristianlar orasida sharmandachilikka olib kelgan. Ilk oʻrta asrlarning boshlarida xalq oldidagi tavba-tazarru yoʻqola bordi. VII asrdan boshlab irland missionerlarining ta’siri natijasida yakka tarzda gunohlarga tavba qilish joriy etila boshladi, buning natijasida cherkov hayotida Ye.ning roli oshdi. Ye. ruhoniylar tomonidan jinoyatning ogʻirligi va aybdorning shaxsiyatiga qarab belgilangan. Majburiy roʻza tutish (suv va non iste’mol qilmaslik), davomiy ibodat, koʻp martalab tiz choʻkish, uzoq masofaga ziyoratga yuborish, beva-bechoralarga xayriya qilish majburiyati, jismoniy jazolar singari jazolashlar qoʻllanilgan. Shu oʻrinda jamiyatda katta ta’sir koʻrsatgan gunohlar rasmiy jazolanish bilan gunohi yuvilgan. Oʻrta asrlarda inkvizitsiyalarda juda qattiq jazolar qoʻllanilgan. Oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada ruhoniylar uchun maxsus toʻplamlar chiqarilib, ularda kishilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning darajasiga qarab Ye. koʻrinishlari tavsiya qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |