Oʻrta asrlar tibbiyoti – oʻrta asrlar davrida asosan, hammomchi va sartaroshlar shugʻullangan amaliy tibbiyot. Bunda ular faqatgina ayrim tajribalari asosida davolash ishlarini olib borganlar. Soʻnggi oʻrta asrlar davrida ham dorilar kam boʻlgan sharoitlarda hammomchi va sartaroshlarning mavqeyi yuqori boʻlgan. Sartarosh yoki hammomchi boʻlish qiyin boʻlib, ular sakkiz yillik oʻqishni juda katta ma’suliyatni talab qilgan. Yevropaning ayrim shaharlarida ularni imtihon qilish uchun sex oqsoqollari, shahar kengashi a’zolari va tibbiyot doktorlari ishtirok etishgan. XV asr oxirlarida shaharlarda hammomchi shifokor-jarrohlar sexlarini tashkil qiladi. Oʻrta asrlarda tibbiyot boʻyicha bilim olish juda qiyin boʻlib, odamlar asosan, diniy va sehrli davolarga ishonishgan. XI-XII asrlar sehr-joduga asoslangan tibbiyot tartiblarining toʻliq qoidalari shakllandi. Ular xristian diniy davo tartiblari bilan birlashib ketadi. Shu bilan birga xasta kishilarning muqaddas joylarga borib davo istashlari kuchayib ketgan. Ayrim paytlarda dorivor oʻsimliklardan foydalanishgan. Aksar muqaddas qadamjolarda Iordan daryosidan olib kelingan deb tushuntirilgan suv tarqatilgan. Kasalxonalar ilk oʻrta asrlarda paydo boʻla boshlagan. V asrdan boshlab Benedikt nizomi (Benedikt Nursiyskiy) boʻyicha rohiblar maxsus bilimsiz davolash ishlarini olib borishlari mumkin boʻlmagan. Kasalxonalar faqat kasallarga xizmat koʻrsatmasdan, qashshoqlar, yoʻlovchilar va gʻariblarga ham moʻljallangan. XII asrdan boshlab kasalxonalar dunyoviy kishilar, ayniqsa senorlar va boy shahar-liklar tomonidan ham tashkil qilina boshlagan. XIII asrning ikkinchi yarmidan shaharlar kengashlari kasalxonalarning tashkil qilinishi va ta’minotini oʻz nazoratlariga ola boshlagan. Oʻrta asrlar Yevropa uchun eng xavfli kasallik bubon oʻlati boʻlib, uni birinchi marta genuyalik dengizchilar 1347-yilda olib kelishgan va uch yil davomida butun qit’aga tarqalgan. Kasallik Niderlandiya, Polsha, Chexiya, Vengriya va Rus yerlariga tarqalmagan. XII-XIII asrlardan boshlab Yevropaning Sharq mamlakatlari bilan aloqalarining faollashuvi natijasida kasalliklarni davolashda dorilardan foydalanish ham kuchayib borgan. Dastlab dorilar faqat Sharq mamlakatlaridan keltirilgan boʻlsa, keyinchalik ularni Yevropaning oʻzida tayyorlash ortib borgan. XV asr oxirlarida Yevropada zahm kasalligi tarqalgan. Keyingi asrlarda xristian cherkovi antik davr tabibi Galen (129-199) tomonidan keng targʻib qilingan sogʻlom kishi kasal boʻlmaydi degan tartibni kuchaytira boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |