Ritorika maktablari – ilk oʻrta asrlarda Italiya shaharlarida oliy aristokratlarning farzandlari ta’lim oladigan maktablar. VI-VIII asrlarda mavjud boʻlib, ularning eng yiriklari Rim, Milan, Ravenna, Verona, Paviya va boshqalar boʻlgan. Ular orasida Paviyadagi Ennodiya va Rimdagi Simmax Kichikning maktablari mashhur boʻlgan. R.M. aslida Rim imperiyasi mavjud boʻlgan davrda Italiya va Galliyada tashkil qilingan. Ularning an’analari ilk oʻrta asr maktablarida ham davom ettirilgan. Bunday maktablarda V-VI asrlarning mashhur kishilaridan Kassidor, Boetsiy, Sidoniy, Apollinariy va hatto papa Grigoriy I ham ta’lim olgan. Maktablarda asosan, qirollar uchun xizmat qiluvchi davlat amaldorlari tarbiyalangan va ular davlat boshqarish ishlarini puxta egallashgan. R.M.da notiqlar, diniy bilimni yaxshi biluvchi ruhoniylar, olim rohiblar, missionerlar, Irlandiya va Vizantiyadan kelgan yepiskoplar dars bergan. Ostgot va langobard hukmdorlari R. m.ga homiylik qilishgan. Sababi maktablar ular uchun saroyda faoliyat olib boruvchi kadrlar va olimlarni yetishtirib bergan.
Ritsarlar qurol aslahalari – ritsarlarning qurol aslahalari ikki turga boʻlinib, ular himoya va hujum aslahalariga ajratilgan. Himoya qurollariga sovut, dubulgʻa, qalqon kabilar kirgan. Dastlab ritsarlarning zirhi charm va teridan tayyorlangan, ularni metall plastinkalar himoya qilgan. Keyinroq, XII asr 1-yarmidan metall sovutlardan foydalanish boshlangan. Ular odatda 2-3 qator metal qavatdan iborat boʻlgan. XIV asr oʻrtalariga qadar sovutlar shu tartibda ishlab chiqarilib, ular ritsarni boshidan oyogʻiga qadar himoya qilgan. XIV asrdan boshlab oʻq otar qurollarning paydo boʻlishi bilan ritsarlarning sovutlari foydasiz boʻlib qola boshladi, bu esa sovutning ahamiyatini yoʻqotdi. XIV asr oʻrtalariga qadar sovutlarning ogʻirligi 35 kg va undan ortiq boʻlib, ritsardan uni koʻtarib yurish uchun katta kuch talab qilgan. Dubulgʻalar dastlab konussimon boʻlgan va uni metalldan tayyorlashgan. XII asrdan tuvaksimon dubulgʻalar keng tarqalgan. Ular boshni toʻliq himoya qilgan. Ular ogʻir boʻlganligi uchun faqat jang vaqtida kiyilgan. XIV asrdan boshlab dubulgʻalar geraldik shakllar bilan bezatilib, ularning koʻrinishi turli xillikni kasb etgan. Qalqonlar dastlab juda katta boʻlib, ritsarning butun gavdasini himoya qilgan. Keyinroq qalqonlar uchburchaksimon shaklga keltirilib, foyda-lanish uchun qulay va yengil qilib yasala boshlagan. Shu bilan doirasimon va yarim doirasimon qalqonlar ham yasalgan. Qoidaga koʻra qalqonlarga ritsarlarning gerblari tasviri tushirilgan. Qalqonlarga tushirilgan gerblar turli xil boʻlib, gerblar uchun yashil, qizil, qora va boshqa ranglardan foydalanilgan. Gerblar uchun oltin, kumush va olmaxon terisidan foydalanilgan. Ritsarlarning hujum qurollariga nayza va qilich kirgan. XIV asrda nayzaning uzunligi 4,5 metr boʻlib, Asosan, yengil yogʻochdan yasalgan. Koʻproq shum-toldan yasalgan nayzalar keng tarqalgan. Nayzaning uch qismi metalldan yasalgan va bayroqcha bilan bezalgan. Odatda bayroqcha nayzaning raqib tanasiga koʻp kirib ketishdan saqlagan. Ritsarlarning asosiy quroli poʻlat qilich boʻlib, ilk oʻrta asrlarda qilichlar kalta va bir tomoni oʻtkirlangan boʻlgan. XI-X asrlarda qilichlarning uzunligi 1 metrdan ortiqni tashkil qila boshlagan. Qilich dastasi esa xochsimon qilib yasalgan. Qilichlar qimmatbaho toshlar bilan bezalgan, ularga nom berilgan, qilich bilan qasamyod qilingan, afsonalar yaratilgan va otadan farzandga meros qolgan. Ritsarlar 2 yoki 3 ta otdan foydalanib, ular oddiy jangovor otlarga ajratilgan. Jangovor otlarning boshi va koʻkrak qismi metall yoki charm zirhlar bilan himoya qilinib, bunday otlar sovutli otlar deyilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |