Provansal adabiyot – Fransiyaning janubi-sharqiy qismida shakllangan oksitan tilida yozilgan adabiyot.
Provinsial shtatlar – Fransiyada uch toifa vakillaridan iborat kengash. XIII-XVIII asrlar davomida koʻpchilik viloyat va provinsiyalarda chaqirilgan. Ushbu kengashlar soliqlarni joriy qilish va taqsimlashdan tashqari ayrim ma’muriy funksiyalarni ham bajarishgan. Ular General shtatlar bilan tashkiliy aloqalarga ega boʻlmagan. Markaziy provinsiyalarda bu shtatlar XV asr boshlarida faoliyatini toʻxtatgan boʻlsa, Langedok, Bretan, Burgundiya, Bearn va Bigorda fransuz inqilobigacha faoliyat yuritgan.
Psaltir (yunon. psalterion – musiqa asbobining nomlanishi) – Bibliyaning alohida kitoblaridan biri. Kitob aslida 150 ta psallardan iborat.
Puatye – Fransiyaning shaharlaridan biri. Bu shahar atrofida oʻrta asrlar davrida mashhur uchta jang boʻlib oʻtgan. 507-yilda franklar qiroli Xlodvik shahar yaqinida vestgotlarni magʻlub qilishi natijasida Janubiy Galliya franklar nazoratiga oʻtgan. 732-yilda franklarning ogʻir qurollangan otliq qoʻshinlari Karl Martell boshchiligida arablarni magʻlub etishgan va arablar Yevropaning ichki qismiga yurishlarini toʻxtatishgan. “Yuz yillik urush’ davrida 1356-yil 19-sentabrda ingliz armiyasi “Qora shahzoda” boshchiligida fransuz armiyasini magʻlub qilishib, qirol Ioann II Saxiyni asir olishgan.
Pulen – uzunligi 70 sm gacha boʻlgan paypoq bilan kiyiladigan erkaklar yengil oyoq kiyimi. Asosan, boy kishilarning kostyumlari uchun moʻljallangan. Mazkur kiyimni ritsarlar oʻzlarining jismoniy ishlarini hisobga olgan holda joriy qilishgan. Keyinroq uni boy byurgerlar urfga aylantirishgan. Paypoqli kiyimning vatani Burgundiya boʻlib, XIV asrda paydo boʻlgan.
Purpuan – XIII-XV asrlarda Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan kalta, yengi tor, shu bilan birga tor ishton bilan kiyiladigan erkaklar kiyimi. U odatda ustki kiyim boʻlib, dastlabki bunday kiyimlar ritsarlarning zirhlari ortidan kiyilgan.
Puritanlar (lot.toza, sof) – ingliz protestantizmidagi radikal oqim boʻlib, ular anglikan cherkovini “papizm qoldiqlaridan” (ya’ni katolisizmdan) “toza”lash tarafdori boʻlib chiqqanlar. P. oʻzining diniy-siyosiy qarashlari jihatidan kalvi-nizmga yaqin boʻlgan. XVI asr oxirida P. orasidan ruhoniylarning umummilliy Sinodga boʻysinishini ilgari suruvchi moʻtadil presveterian qanoti, shuningdek barcha e’tiqodchi jamoasini dunyoviy va cherkov hokimiyatidan toʻliq mustaqilligini talab qiluvchi nisbatan radikal oqim – independentlar paydo boʻldi.
Poʻlat saroy – nemis shaharlari ittifoqi boʻlgan Ganzaning Londondagi idorasining nomi. Ganza savdogarlari Londondagi faoliyatlarini XIII oʻrtalarida eski hovlida boshlagan. XV asrdan esa uning faoliyati kengaygan. Bu yerda omborxona, savdogarlar uchun turar joy, cherkov va boshqalar mavjud boʻlgan. P. s.ni Lyubekning koʻzga koʻringan savdogarlari boshqarishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |