Per, peer (lot. rag – barobar, teng) – Fransiya va Angliyada monarx bilan teng koʻrilgan, oliy martabali aristokratlar sinfi. Ularning qirolga nisbatan quyiroq ekanligini faqatgina “tenglar ichida birinchi” jumlasi bildirgan. Ular qirolning eng yaqin vassallari sifatida koʻrsatilgan. Qirol hokimiyatining kuchayib borishi bilan perlarning mavqeyi tushib ketgan.
Pergament – hayvonlar (echki, choʻchqa, qoʻy va buzoqlar) terilarini alohida ishlov berish natijasida olinadigan oʻrta asrlar Yevropasida yozuv uchun ishlatilib kelingan asosiy materiallardan biri. Antik zamonlardan beri ma’lum. Ularni ishlab chiqarish mil.avv. 180-yillarda Pergamda yoʻlga qoʻyilgan va Pergam kutubxonasi ehtiyojini qondirish uchun xizmat qilgan. To XIII asrgacha P.dan (bu paytga kelib xristianlar Ispaniyasida, Italiyada, Janubiy Fransiyada qogʻoz paydo boʻlgan edi) asosiy yozuv materiali sifatida foydalanishda davom etib kelgan. Buzoq terisidan ishlangan P. IX asrda shimoliy viloyatlarda tarqalgan. Dastlab P. monastirlarda ishlab chiqilgan, XII asrga kelib shaharlarda ishlab chiqila boshlandi. P.ni tayyorlash uzoq jarayonni tashkil qilgan. Shimolda va janubda tayyorlangan P.lar bir-biridan farq qilgan. Janubda terining asosan, ichki tomoniga koʻproq ishlov berilgan boʻlsa, shimolda ikki tomoni ham ishlangan va bir-biridan deyarli farq qilmaydigan holatga keltirilgan. Shimolda P.lar ikki tomoni ham oq va silliq boʻlsa, Italiya va Ispaniya P.larining junli tomoni qoʻngʻir-sariq tusda boʻlgan. P.lar papirusdun koʻra mustahkamroq va uzoq muddatga yaraydigan boʻlgan, undan tashqari papirusdan farqli ravishda uning ikki tomonidan ham foydalanish mumkin boʻlgan. Lekin P.lar xom ashyoning qimmatligi va ishlab chiqishning murakkabligi bois qimmat boʻlgan.
Peripatetiklar (yunon. sayr qildiruvchilar) – yunon faylasufi Aristotelning izdoshlari, rivoyatlarga koʻra u oʻz oʻquvchilariga falsafa darsini sayr qilish vaqtida bergan. XIII asrgacha lotin tilli Yevropada Aristotelni juda kam bilishgan. Faqatgina arab tilli Ispaniyada XII asrda Ibn Badji (XI asr oxiri-1138-yil), Ibn Tufeyl (110-1185), Ibn Rushd falsafiy maktablari mashhur boʻlgach, Aristotelning peripatetizmiga murojaat qilish boshlandi. Ayniqsa, Ibn Rushdning falsafasini arab tilidagi peripatetizm ajralib turadi. XIII asrda aynan uning falsafasidan lotin tilli Yevropa mamlakatlarida Aristotel falsafasi bilan tanishish boshlandi.
Perun (momaqaldiroq) – qadimda sharqiy slavyan qabilalarida to xristianlik dini qabul qilingunga qadar osmon xudosi. Knyazlar va drujinalari homiysi hisoblangan. Afsonalarga koʻra bosh hudolardan biri. Yerdagi ilonsifat Velesning raqibi sifatida qaraladi. P. “zarba. urish” ma’nolarini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |