Piligrim (italyan.chet ellik, ajnabiy) – muqaddas deb hisoblangan joylarga ziyoratga boruvchilar, ziyoratchilar. Mas. Quddusga kelgan yevropalik ziyoratchilar P.lar deb atalgan.
Plantagenetlar – Angliyada 1154-1399-yillarda hukmronlik qilgan sulola. Asoschisi Anju (Fransiyaning gʻarbida) grafi Genrix II (shundan bu sulola ba’zan anjuylar sulolasi ham deb ataladi). Sulola nomining kelib chiqishi Genrix II otasi Jofrua Chiroylining oʻz dubulgʻasida drok – sariq gul (choʻl oʻsimligi lot. planta genista) novdasining tasvirini tushirib olishi bilan bogʻliq. Genrix II va uning yaqin vorislari qoʻl ostida nafaqat Angliya, balki Fransiyadagi keng hududlar ham boʻlgan. Shu tariqa Angliya P. davlatining bir qismiga aylangan, ba’zan bu davlatni umumiy nom bilan anjuylar sulolasi davlari deb atashgan. Lekin Fransiyadagi mulklarning katta qismi XIII asr boshlarida qoʻldan boy beriladi. P. davrida Angliyada markazlashuv jarayoni bilan birga toifaviy monarxiya ham shakllanib bordi. 1265-yilda bu yerda parlament yigʻilishi chaqirildi. Ingliz feodallarining manfaati yoʻlida harbiy bosqinchilik urushlari olib borildi, chunonchi XII asrning 2-yarmida Irlandiyani bosib olish boshlandi, XIII asrning 80-yillarida Uels qoʻshib olindi, 1296-1314-yillarda Shotlandiyani qoʻshib olish harakati muvaffaqiyatsiz tugadi. Angliya Yuz yillik urushga kirishdi. Richard II davrida, 1381-yilda Angliyaning katta qismini Uot Tayler boshchiligidagi qoʻzgʻalon qamrab oldi. 1399-yilda sulolaning soʻnggi vakili boʻlgan Richard II taxtdan tushirildi va sulolaning yaqin qarindoshi boʻlgan lankasterlar taxtni egallashdi. Ular Angliyani 1399-1461-yillarda boshqargan boʻlsa, P. ning yana bir qarindoshlari boʻlgan yorklar 1461-1485-yillarda Angliyada hukmronlik qildi. Shu boisdan ba’zi adabiyotlarda P. 1485-yilgacha hukmronlik qildi deb ham keltiriladi.
Plebeylar (lot.oddiy xalq) – oʻrta asrlar shaharlarida aholining quyi qatlami. Oʻzida sex hunarmandlaridan tashqari sexga a’zo boʻlmagan hunarmandlarni, qora ishchilarni, daydilarni, qashshoqlarni va ba’zan xalfalarni birlashtirgan.
Podesta (lot.hokimiyat) – Italiya shahar-davlatlarining aksariyatida XII-XVI asrning boshlarida ijroiya va sud hokimiyatining boshligʻi, oliy ma’muriy shaxs. P. odatda boshqa shahar fuqarosidan 6 oydan bir yilgacha muddatga saylab qoʻyishgan. Fridrix I Barbarossa P.larni tayinlashni boshlagan, bu bilan ularni joylardagi imperator vakillariga aylantirgan. 1176-yildagi Lenyano jangidan keyin shaharlar yana P.larni saylab qoʻyish huquqini qoʻlga kiritgan. Popolanlarning patrisiylar bilan kurashlari natijasida (XIII asr oʻrtalaridan boshlab) P.larning hokimiyati kuchsizlandi va ayrim shaharlarda (Bolonya, Florensiya kabilarda) xalq kapitanlarining nufuzi oshib ketdi. XIV-XV asrlarda P.lar faqatgina huquqiy vakolatlarni saqlab qolganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |