15-Chizma. Lizing operasiyasining jarayoni
Tijorat banklari Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyatlari toʻg’risida”, “Lizing toʻg’risida”gi Qonuni, “Fuqarolik kodeksi” va Markaziy bankining me’yoriy hujjatlari asosida lizing amaliyotlarini amalga oshiradi.
Moliyaviy lizing - bu ijara munosabatlarining alohida turi boʻlib, bunda bir tomon (lizing oluvchi ) ning topshirig’iga binoan uchinchi tomonidan (sotuvchidan) mulk (lizing ob`yekti)ni lizing shartnomasida belgilangan shartlarda lizing oluvchiga toʻlov asosida foydalanish va egalik qilish uchun hamda keyinchalik lizing oluvchining xususiy mulkiga oʻtishi sharti bilan berish maqsadida sotib oladi.
Lizing shartnomasida ikki tomonlama kelishuv asosida, lizing - oluvchiga mulk sotib olish huquqi, shartnoma amal qilish muddati tugamasdan oldin yoki lizing shartnomasi muddati tugaganidan soʻng, lizing oluvchi lizing obʻyektini qat’iy belgilangan bahoda sotib olish sharti bilan berilishi mumkin.
Lizing xizmatlari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan moliyaviy barqaror xoʻjalik subʻyektlariga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga va jismoniy shaxslarga (bank Kengashining ruxsati asosida byudjet, byudjetdan tashqari fondlar, jamiyat va jamoatchilik tashkiloti hamda uyushmalarga) bank tomonidan lizing obʻyektini sotib olish uchun sarflangan mablag’larining qaytarishlik, toʻlovlilik, muddatlilik va ta’minlanganlik sharti bilan koʻrsatiladi.
Lizingda tomonlar kelishuvi boʻyicha qonunchilikda belgilangan chegaralardagi amortizasiyaning jadallashtirish koeffisiyentini qoʻllashga ruxsat etiladi.
Lizing obʻyekti nolikvid, oʻz xususiyatlari yoki bozor kon’yunkturasiga mos kelmaganligi sababli uning sotilishi qiyin boʻladigan taqdirda lizing shartnomalarini tuzishga va uni ijro etishga ruxsat etilmaydi.
Lizing beruvchi boʻlib bankning oʻzi yoki uning filiallari boʻlishi mumkin.
Lizing beruvchi – lizing oluvchi va sotuvchi lizing amaliyotining sub`yektlaridir.
Lizing beruvchi – tijorat banki lizing faoliyatini amalga oshiradi.
Lizing oluvchi - lizing shartnomasi boʻyicha lizing obʻyektiga egalik qilish va foydalanish uchun oladigan yuridik shaxs, yoki yakka tartibdagi tadbirkor.
Ishlab chiqaruvchi (sotuvchi )- yuridik shaxs, bevosita ishlab chiqaruvchi va lizing ob`yektini sotilishini amalga oshiruvchi, shuningdek sotuvchi korxona, ishlab chiqaruvchining huquqi va javobgarligi asosida oʻzi ishtirok etmagan holda lizing mulklarini sotadi.
Lizing obʻyekti boʻlib, yer maydonlari va boshqa tabiat obʻyektlaridan tashqari, iste’mol qilinmaydigan va tadbirkorlik faoliyatida ishlatiladigan buyumlari chiqadi.
Shu jumladan lizing obʻyekti boʻlishi mumkin:
mini zavodlar va har xil turdagi xom ashyoni qayta ishlovchi sexlar;
xalq xoʻjaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchi uskunalar;
qishloq xoʻjaligi va qurilish texnikasi;
transport va aloqa vositalari, orgtexnika;
boshqa turdagi uskunalar va ishlab chiqarishga moʻljallangan mulklar.
Lizingning asosiy ta’minot turi boʻlib, lizing uchun beriladigan mulk hisoblanadi. Lizing beruvchi lizing oluvchidan lizing shartnomasi bilan bog’liq xarajatlarga sarflangan mablag’larining qaytishini kafolati sifatida, shu jumladan, garov, bank kafolati yoki uchinchi shaxs kafilligi shakllaridagi ta’minot talab qilinishi mumkin.
Kredit shakllari ichida eng keng tarqalgani bank kreditidir.
2.Bank krediti faqat pul shaklida beriladi va ssuda deyiladi. Bank kreditida qarz beruvchi sifatida bank muassasalari chiqadi. Banklar turlicha boʻlib, ular tarkibiga markaziy, tijorat, investisiya, ipoteka, jamg’arma, xalqaro va ixtisoslashgan banklar kiradi.
Banklarning kreditga beriladigan pul mablag’lari ularning oʻz mablag’lari va jalb qilingan mablag’lardan tashkil topadi. Banklar oʻz faoliyatlarida korxonalar, tashkilotlar va aholining vaqtinchalik boʻsh pul mablag’larini ma’lum haq toʻlash (foiz) evaziga depozitlar va omonatlar sifatida jalb qiladilar. Banklar bu mablag’larni oʻz nomlaridan kredit sifatida berishlari mumkin. Qarz oluvchilar sifatida esa turli tarmoqlar va sohalarda faoliyat koʻrsatuvchi korxonalar, tashkilotlar firmalar, davlat idoralari va aholi qatnashadi.
Qarz beruvchi bilan qarz oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasi tuziladi. Bank krediti boʻyicha olinadigan daromad yoki stavka tomonlar oʻrtasida kelishiladi va bank foizi yoki ssuda foizi shaklida boʻladi. Biz avval koʻrib chiqqan kredit tamoyillari va kredit turlari, asosan, bank kreditiga tegishlidir.
Bank krediti turlaridan biri ipoteka kreditidir. Ipoteka krediti koʻchmas mulklar, ya’ni, yer, binolar, inshootlar va boshqalarni garovga olish yoʻli bilan uzoq muddatga beriladi. Bunday kreditlar yerlarni oʻzlashtirish, ularning meliorativ holatini yaxshilash, shuningdek ishlab chiqarish va turar-joy binolarini qurish maqsadlarida beriladi. Hozirda Oʻzbekistonda ipoteka krediti Oʻzbekiston Respublikasida 2006-yil 4-oktabrdan qabul qilingan “Ipotek toʻg’risida”gi Qonunga binoan berilmoqda va bunday kreditlar bilan «Ipoteka bank» va bir qator banklar shug’ullanmoqda.
3. Iste’mol kreditida qarz beruvchi sifatida banklar bilan bir qatorda tovar ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar, qarz oluvchi sifatida esa aholi ishtirok etadi. Iste’mol krediti tovar va pul koʻrinishida beriladi hamda aholi ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladi. Pul shaklidagi iste’mol krediti banklar tomonidan, tovar shaklidagisi esa savdo korxonalari tomonidan toʻlov muddatini kechiktirish orqali beriladi.
Iste’mol krediti aholiga uy-joy qurish va sotib olish, uzoq muddat foydalanadigan tovarlar, avtomobillar, mebel, audio-video texnika va shu kabilarni sotib olish, shuningdek, ta’lim olish va davolanish kabi maqsadlar uchun beriladi.
Iste’mol krediti xorijda juda keng tarqalgan boʻlib, undan aholining barcha qatlamlari kredit kartochkalari tizimi vositasida foydalanadi.
Jamiyatimizda 2006-yil 6-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi “Iste’mol krediti toʻg’risida”gi Qonunga binoan barcha banklarda iste’mol krediti, 2001-yildan boshlab, shartnoma boʻyicha pul toʻlab ta’lim olayotgan talabalar uchun «Ta’lim Kreditlari» ham joriy etildi. Ta’lim kreditlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun ta’lim kreditlari berish” toʻg’risidagi 318 sonli qarori va unga ilova “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov kontrakt asosida oʻqish uchun ta’lim kreditlarini berish toʻg’risida”gi Nizomiga asosan beriladi.
Ta’lim kreditlari tijorat banklari filiallari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun talabalarning oʻzlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.
Ta’lim kreditlari, oliy ta’lim muassasalarida oʻqish davri hisobga olgan holda, bakalavriatga oʻqishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga oʻqishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi. Muddatli harbiy xizmatni oʻtash davri bu muddatga kirmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi 318-sonli qaroriga muvofiq bank filiallari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari boʻyicha quyidagi % stavkalari belgilanadi:
-chin yetimlarga, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga 0 % stavkasi (foizsiz kredit);
-talabalarning qolgan toifalariga - Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori boʻlmagan oʻzgaruvchan foiz stavkalari.
Kam ta’minlangan oilalardan boʻlgan talabalar uchun kredit boʻyicha qoʻshilgan foizlarning 50 foizi mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy muhofaza qilish tuman boʻlimlari tomonidan ish bilan ta’minlashga koʻmaklashish davlat jamg’armasi mablag’laridan toʻlanadi.
Ta’lim kreditlari boʻyicha % stavkasi va bank filiallari tomonidan qoʻshiladigan foizlar uchun toʻlovlar miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oʻzgarishiga qarab oʻzgarishi mumkin, bu kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
Bankka ta’lim kreditini olish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
1. Ta’lim krediti olish toʻg’risida ariza.
Talaba va oliy ta’lim muassasasi oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda oʻqishning belgilangan muddati va bir yil uchun toʻlov miqdori koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Oʻqish uchun toʻlov miqdori keyingi yillarda oʻzgargan hollarda kontraktlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Bu haqda oliy ta’lim muassasasi oʻn kun muddatda bankka yozma ravishda ma’lum qiladi, soʻngra qarz oluvchi, bank va oliy ta’lim muassasasi oʻrtasidagi kredit shartnomasiga zarur oʻzgartirishlar kiritiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi toʻg’risida berilgan ma’lumotnoma.
Kreditni qaytarishining ta’minlanishi toʻg’risida hujjat:
Agar uchinchi shaxs tomonidan kafillik berilsa, avval kafilning moliyaviy ahvoli va toʻlov qobiliyati oʻrganilib chiqiladi va soʻngra kafil bilan shartnoma tuziladi. Kafillik shartnomasi kreditning toʻliq summasini va uning foizlarini oʻzida jamlab olishi lozim. Agar kafillik beruvchi yuridik shaxs boʻlsa, unda kafillik shartnomasida:
kafilning bank hisob raqami ahvoli toʻg’risida ma’lumot;
kafilning boshqa bankdagi hamma bank hisob raqamlari hamda undagi qoldiqlari bilan birga koʻrsatilgan ma’lumotnoma;
kafilning bank oldida ssuda boʻyicha va boshqa qarzlari yoʻqligi toʻg’risidagi koʻrsatma;
kafilda kartoteka №2 yoʻqligi toʻg’risidagi ma’lumotnomalar ilova qilinadi.
Agar kafillik beruvchi jismoniy shaxs boʻlsa, albatta uning ish joyidan ish haqining hajmi va boshqa toʻlovlar haqida ma’lumot hamda pasporti boʻlishi kerak.
Sug’urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug’urta qilinganligi toʻg’risidagi sug’urta polisi. Bunda sug’urta mukofoti summasi nafaqat kredit summasini qoplashi kerak, balki uning foizlarini ham. Sug’urta polisida bank sug’urta mukofotini oluvchi ekanligi aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Shuningdek, sug’urta polisi boʻyicha sug’urta toʻlovi toʻlanganligi toʻg’risidagi isbotlovchi koʻrsatmani koʻrsatishi kerak;
6. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kafilligi(faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari” da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar uchun).
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportni shaxsan oʻzi koʻrsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |