Rivojlanishi. Oldingi bo'lagi (adenogipofiz) og'iz yorig'ining orqa sohasida, halqum pardasining oldida ektodermadan rivojlanadi. Rivojlanish davrida bez kurtagi halqum pardasiga botib kirib Ratki cho'ntagini (canalis craniopharyngeus) hosil qiladi. Cho'ntakning uchi bo'rtib chiqib gipotalamusga qarab o'sib boradi. Homila rivojlanishining 4 haftasida oldingi bo'lagi gipotalamus sohasida quyg'ichning o'sig'i — processus infundibuli bilan tutashadi va o'zi rivojlangan sohadan uzuladi. Orqa bo'lagi (neyrogipofiz) oraliq miyaning ostki qismidan, III qorincha tubining quyg'ich o'sig'i — processus infundibuli dan rivojlanadi va ingichka oyoqcha orqali oraliq miya bilan tutashib turadi. Oldingi va orqa bo'laklarining orasida gipofizni eng qadimiy qismi, oraliq — pars intermedia joylashgan bo'lib, u birlamchi ichakning halqum qismining birlamchi burmasining epiteliyasidan rivojlanadi.
Vazifasi. Gipofizning oldingi bo'lagidan: samototropin, prolaktin, follitropin, lyutropin va lipotropin gormonlari ishlab chiqariladi. O'rta bo'lagi esa melanotropin gormonini ishlab chiqaradi. Samototropin gormoni oqsillar sintezini tezlatadi va uning parchalanishidan hosil bo'lgan aminokislotalarni hujayra qobig'idan oson o'tib, hujayrada bo'ladigan jarayonlami tezlatadi va organizmni o'sishini ta'minlaydi. Samototropin gormoni yog'lami parchalanishini tezlatib ularni zahirasini kamaytiradi. Ayniqsa bu yosh bolalar va o'smirlarning bo'yini o'sishi paytida organizmdagi yog' zahirasi kamayib ketishi buni tasdiqlashi mumkin. Samototropin gormonining kam ishlab chiqarilishi yosh bolalar bo'yining o'sishdan orqada qolishiga (gipofizar nanizm) va gormon ko'p ishlab chiqarilganda bo'yining haddan tashqari o'sib ketishiga (gipofizar gigantizm) olib keladi. Prolaktingormoni sut bezlarida sut ishlab chiqarilishini ta’minlaydi. Kortikotropin gormoni (AKTG) buyrak usti bezidagi tutamli va to'rsimon qismlariga ta’sir etib ulardan gormonlar ishlab chiqarilishini ta’minlaydi. Melatonin gormoni terini pigment bilan ta’minlanishini boshqarib turadi. Lipotropin gormoni yog' almashinuvida ishtirok etadi. Gonodotropin gormonlar — follitropin va lyutropin erkaklarda urug'donlaming o'sishini ta’minlaydi va spermatozoidlar ishlab chiqarilishini tezlatadi. Lyutropin testosteron gormonini sekretsiyasini kuchaytiradi. Ayollarda esa ikkala gormonlar ham tuxumdonlarda estrogen gormonlarini ishlab chiqarilishini faollashtiradi. Lyutropin gormoni ta’sirida ovulyatsiya va sariq tananing rivojlanishi kuzatiladi.